Gaz yetkazishda kunlik rejaga oʻtilgani qisman tasdiqlandi
Bunda yetkazib beruvchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi shartnoma asos qilib koʻrsatildi.

Energetika vazirligi gaz yetkazib berishda kunlik rejaga oʻtilganini qisman tasdiqladi. Bunda yetkazib beruvchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi shartnoma asos qilib koʻrsatildi.
Aytilishicha, tabiiy gaz balansi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvarda “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 22-sonli qarori (2-ilova) bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ga muvofiq ishlab chiqiladi va shu asosda resurslar hamda taqsimot balansi shakllantiriladi.
Bugungi kunda “Hududgaztaʼminot” AJning hududiy filiallari tomonidan 1 173 ta AGTKShga 2023-yilning 8 oyida 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bu miqdor oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 106 mln kub metr koʻpdir.
Bundan tashqari, tabiiy gaz yetkazib berishda gaz quvurlarining gidravlik oʻtkazuvchanligidan kelib chiqqan holda hisob-kitob asosida soatlik, kunlik, oylik va yillik gaz hajmlar belgilanadi. Mazkur belgilangan gaz hajmlari esa isteʼmolchilar bilan tuziladigan shartnomalarda koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, isteʼmolchilarning buyurtmasi asosida shakllantiriladi.
Shuningdek, isteʼmolchilar qoʻshimcha gaz hajmi xaridi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarorida koʻrsatilgan tartib boʻyicha murojaat qilishlari mumkin. Bunda gaz taʼminoti tashkilotlari tabiiy gaz resurslari va gazni taqsimlashning tasdiqlangan balansiga muvofiq ajratilgan hajmlardan kelib chiqib, buyurtmalarni qayta koʻrib chiqishga haqlidir.




