platina.uz

“Katta qirgʻin”, “maxsus uchlik” va dekommunizatsiya yoʻlidagi ulkan taklif

Ziyolilarimizni qatagʻon qilishda qatnashgan "kuchli uchlik", yana boshqa soha qurbonlari va yirik dekommunizatsiya haqida maxsus intervyu.

Intervyu
31-avgust 2023 yil
“Katta qirgʻin”, “maxsus uchlik” va dekommunizatsiya yoʻlidagi ulkan taklif

Qatagʻon davrini ilmiy jihatdan oʻrganayotgan olimlardan biri, “Doʻstlik” ordeni sohibi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev bilan tarixning ayanchli haqiqatlari haqida suhbatlashdik.

– Oʻzbekistonda qatagʻon qurboni boʻlganlar orasida esa oʻzbek xalqining jonkuyar farzandlari Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Saʼdullaxoʻja Tursunxoʻjayev, Qayum Ramazon, Majid Qodiriy, Ziyo Saidov kabilar ham boʻlgani maʼlum. Ushbu shafqatsiz kampaniya sabab turli boʻhton va tuhmatlar bilan hibsga olinib, otib tashlanganlar roʻyxatida yana qanday soha vakillari boʻlgan?

– Agar qatagʻon qirgʻini qurbonlarining umumiy koʻlamini 100 000 lab kishilar deb oladigan boʻlsak, 1917 yilgi Oktabr inqilobi bilan birga “tugʻilgan” ushbu siyosat oqibatida 1937 yilgacha, yaʼni 20 yil ichida millionlab odamlar yoʻq qilingan. Baʼzilari ochiqchasiga, ayrimlari yashirin yoʻllar bilan. Biz, masalan, sud ishi saqlab qolganlari haqida fikr bildiramiz. Lekin quduqlarni, ovqatlarni zaharlash, koʻchada ketayotganda urib oʻldirib tiqib tashlash, boshi kesilib ketganlar kabi yashirin harakatlar oqibatida yoʻq qilinganlar haqida hech narsa bilmaymiz yoki hali eʼlon qilganimiz yoʻq. Bu navbatdagi bosqich hisoblanadi. Demoqchi boʻlganim: sovet mamlakati oʻz dushmanining qiyofasini Moskvadan turib belgilab berdi. Avvaliga burjua millatchisi, aksilinqilobchi deb jazoladi. Bunday jazolanganlar orasida eng kattasi “Munavvarqori ishi” boʻlib, uning doirasida 84 nafar eng ilgʻor, taraqqiyparvar bobolarimiz Munavvarqori rahbarligida 1929 yil kech kuzida hibsga olinib, uzoq davom etgan qiynoqlardan soʻng mahv qilindi. Undan ham oldinroq “18 lar ishi” deb bir guruh, shu yilning oʻzida “Qosimovchilik” ishi, “Narkompros” ishi nomlari bilan esa yana bir guruhi qatagʻon qilingan. Mana shu tizginsiz, muntazam qatagʻonlarning oxirgi nuqtasi 1937-1938 yillarda “Katta qirgʻin” nomini olgan. Bu jarayon esa sovet mamlakatining oʻzi bir zulmning ustiga qurilganini dalolatlaydi. Abdurauf Fitrat oʻzining “Abulfayzxon” dramasida taʼrifini esga olsak, unda “Davlat qon bilan sugʻoriladigan ogʻochdir” degan. Aslida bunda Fitrat Abulfayzxon haqida gapirmagan, oʻzi boshidan kechirayotgan shoʻro mamlakatining portretiga edi bu taʼrif. Bu mamlakat qon toʻxtagan zahoti oʻlishini u bilardi. Shuning uchun bu shoʻro davlati 80-yillargacha, yaʼni qatagʻonning “tugʻilishi”dan yakun boʻlgunicha zulm, qonunsizlik, haqsizlik ustiga qurilgan edi. Bu qatagʻon mashinasi bir necha davlat rahbarlari, millat peshvolari, ziyolilarni oʻz domiga tortgan.

– Maʼlumki, yer yuzining oltidan bir qismida ommaviy qatliomlar har bir hududda maxsus “uchlik” tomonidan amalga oshirilgan. Oʻzbek xalqining eng ziyoli qatlamini yoʻq qilishda ishtirok etgan OʻzSSR «maxsus uchligi» aʼzolari kimlar edi?

– Sovet respublikalarida qatagʻon qilinuvchi insonlar roʻyxatini Ichki ishlar xalq komissarligi «maxsus uchligi» deb ataluvchi uchliklar shakllantira boshladi. Bunday «uchlik»lar tarkibiga nazariy jihatdan respublika ichki ishlar xalq komissari, prokurori va kommunistik partiya Markaziy qoʻmitasining birinchi kotibi kirgan. Aslida esa toʻliq Markaz roziligi bilan NKVD tomonidan shakllantirilgan boʻlib, mahalliy rahbarlar yaqiniga ham yoʻlatilgan emas. Koʻpincha yuqoridagi gapdan kelib chiqib Akmal Ikromov, Usmon Yusupovlarni sovet qatagʻon siyosatining ijrochilari safiga qoʻshmoqchi boʻladilar. Qanchadan-qancha ishlarni koʻrdim, ammo birortasida ularning imzolarini uchratmadim. Markazning bu topshirigʻini bajargan kimsalarning aksari ham aynan shunday “uchlik”lar tomonidan aybdor deb topilgan va otib tashlangan.

– Ayting-chi, bundaylar yana qancha? Yana qancha ziyolilarimizu millatparvar fidoyi qahramonlarimizning maxfiy hujjatlari adolat tantanasini kutib turibdi?

– 2021 yıl 25 avgustda birinchi marta oʻzimiz avvallari "bosmachi" deb nomlangan 115 nafar qahramon bobolarimizni oqlagan edik. Kuni kecha esa beshinchi marotaba yana 240 nafar shunday nohaq ayblovlar bilan qariyb yuz yilga yaqin zamonlardan buyon ishlari maxfiy yotgan insonlarning nomlarini oqlab oldik. Faqat bu gal qoʻshni Qozogʻistonning Kaspiyboʻyi hududlaridan bizga qochib kelib qatagʻonga uchragan 60 dan ortiq qardoshlarimiz ham shu roʻyxatdan oʻrin olgan. Yana oqlanadigan ajdodlarimiz qanchaligini esa aytish mushkul. Sababi ular imkon qadar oʻzining jinoyatini yashirishga harakat qilgan. Arxivlarda borlari ham umumiy xulosani aytishimizga imkon bermaydi. Lekin bir necha yuz minglar haqidagi gaplarning hammasi toʻgʻri va ishonchli. Bizda, masalan, ommaviy qabrlar qancha ekanining hali hisobini bilmaymiz. U yerda oppoq ohakka oʻxshab yotgan narsalar ohak emas, odamlarning suyaklari. Bunday joylarni Samarqandda ham, Xivada ham uchratish mumkin. Bundan tashqari, choʻlga olib chiqib koʻmish yoki eski quduqlarni toʻldirish kabi holatlar juda koʻpki, uni aniqlaydigan biror yoʻli yoʻq. Lekin umumiy bir xulosa sifatida aytish mumkinki, ayni paytda qatagʻon qurbonlari roʻyxatini chiqarish harakati olib borilyapti. Shu vaqtgacha chiqarilgan kitoblarda qatagʻon qurbonlari nomma-nom 20 ming atrofida boʻlgan boʻlsa, keyingi yillardagi saʼy-harakatlar natijasida ularning soni 60 mingga yaqinlashmoqda.

– Oliy sudda kuni kecha oqlanganlar orasida bir qismi Qozogʻistonning Kaspiyboʻyi hududlaridan bizga qochib kelib qatagʻonga uchragan qardoshlarimiz ekan. Yana bir savol: umumiy oqlov toʻgʻrisida qonun ishlab chiqsa boʻlmaydimi?

– Albatta, qondosh qardoshlarimiz bilan oʻtmishimiz bir, qismatimiz mushtarak. Endi ona Turkistonimizning haqqoniy va umumiy xolis tariximizni yozishimiz kerak. Buning uchun yuzta asos bor. Siyosatshunos doʻstimiz Hamid Sodiq mazkur jarayonni yuqori baholab, albatta, umumiy oqlov toʻgʻrisida qonun qabul qilish vaqti kelganini aytib oʻtdi. Shu masalada ustoz professor Hazrat Ali Tursun ham shu yili kuzda Qozogʻiston prezidenti farmoni orqali bittada 100 mingdan ortiq qatl etilgan va 650 mingdan ortiq qamoqqa olinganlarni oqlov yuzasidan ish olib borilayotganining xabarini berdi. Shu oʻrinda biz ham shunday qonun ustida ish boshlashimiz joiz, deb oʻylayman. Bu esa yurtimizda dekommunizatsiya yoʻlidagi ulkan qadam boʻlar edi.

Odina Dehqonova suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+