platina.uz
Iqtisod

Davlat yordamisiz monopoliyani oʻrnatish juda qiyin

Bunday sharoitda bozorning eng asosiy qonuni – talab va taklif qonuni ishlamaydi.

Davlat yordamisiz monopoliyani oʻrnatish juda qiyin

Iqtisodiyot tirik organizmga oʻxshaydi. Undagi har bir element, har bir aʼzoning oʻz vazifasi bor. Ularning har biriga oʻziga mos va mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda resurslar taqsimlansa, oʻzaro uygʻunlikda rivojlantirib borilsa, butun organizm, yaʼni iqtisodiyot risoladagidek rivojlanadi. Ammo bu organizmning oʻsishiga xalaqit beruvchi, pirovardida uning kasallanib, xarob boʻlishiga olib keladigan illatlar ham mavjud. Xususan, iqtisodiyotchilar tilida saratonga qiyoslanadigan bir illat borki, iqtisodiyotni izdan chiqarishda ulkan vayronkor kuchga ega. Bu - monopoliyadir.

Monopoliya soʻzi yunoncha “monos” – yolgʻiz, “poleo” – sotaman, soʻzlaridan olingan. Yaʼni bozorda raqobatchisi boʻlmagan yakka sotuvchining raqobatsiz muhitda mahsulot sotishiga aytiladi.

Bunday sharoitda bozorning eng asosiy qonuni – talab va taklif qonuni ishlamaydi. Taklif kamligi bois, talab ortib ketadi va narx oshib ketadi. Qolaversa raqobatning yoʻqligi bois monopol ishtirokchi ogʻziga siqqan narxni belgilaydi. Boshqa imkoni qolmagan mijozlar mahsulot yoki xizmatni u aytgan narxda sotib olishga majbur boʻladi.

Qolaversa, agar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi monopol maqomda boʻlsa, u tovar yoki xizmatining sifatini yaxshilash ustida bosh qotirmaydi, narxlarni yanada koʻtarish va yanada koʻproq daromad olishga intiladi. Xuddi “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Oʻzavtomotors” kabi tashkilotlaridek.

Raqobat mavjud sharoitda esa bozordagi turdosh mahsulot va xizmat taklif etayotgan bir necha ishtirokchilar oʻrtasida mijozlarni aynan oʻziga jalb qilish borasida muntazam kurash ketadi: tovar yoki xizmatni yanada takomillashtirish va qulayligi hamda funksionalligini oshirish, sifatni yaxshilash, tannarxi va sotish narxlarini pasaytirish maqsadida yangi ilmiy tadqiqotlar va texnologiyalarni yaratish va tatbiq etish, mijoz uchun qulay sharoit yaratish, qoʻshimcha bonuslar va mukofotlar taklif etishga intilish pasaymaydi. Hatto mijozga yaxshiroq bilan muomala qilishda ham “kim oʻzarga” oʻynashadi.

Monopol ishtirokchini esa bunday ortiqcha tashvishlar bezovta qilmaydi. Tovari yoki xizmatiga otning kallasidek narxni qoʻyadi, mijozning istaklari va koʻngli bilan ham ishi boʻlmaydi.

Monopoliya turlari: bizda qay biri koʻproq ishlaydi?

Monopoliyaning keng tarqalgan turlaridan biri - tabiiy monopoliya hisoblanadi. Tabiiy monopoliya — bozorda muayyan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlariga boʻlgan talabni qondirishda raqobatli sharoitlarni yaratish texnologik xususiyatlarga koʻra mumkin boʻlmaydigan yoki iqtisodiy jihatdan maqbul boʻlmaydigan holat. Tabiiy monopoliyalar faoliyati ularning mamlakat iqtisodiyotida egallagan ahamiyatini hisobga olgan holda davlat tomonidan tartibga solinadi.

Tabiiy monopoliya tarkibi turli mamlakatlarda turlicha koʻrinishda boʻladi. Keyingi yillarda koʻpchilik mamlakatlarda tabiiy monopoliyalar doirasining qisqarib borishi kuzatilmoqda. Oʻzbekistonda tabiiy monopoliya koʻlami boshqa davlatlarga nisbatan birmuncha kengroq. Ularning shakllanishi oʻtish davrida iqtisodiyotni qayta qurish va boshqarish boʻyicha yuzaga kelgan tuzilmalar bilan bogʻliq. Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi (1997 yil 25 aprel; yangi tahrirda 1999 yil 19 avgust) qonuniga muvofiq Oʻzbekistonda neft va gaz kondensati, tabiiy gaz va koʻmir qazib chiqarish, neft, neft mahsulotlari va gazni quvurlar orqali tashish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uzatish, temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish, umumiy erkin foydalaniladigan elektr va pochta aloqasi xizmatlari, suv quvurlari va kanalizatsiya xizmatlari, portlar va aeroportlar koʻrsatadigan xizmatlar kabi sohalarda tabiiy monopoliya subʼektlarining faoliyati davlat tomonidan tartibga solinadi.

Boshqacha qilib aytganda tabiiy monopoliyalar - boshqa (raqobatchi) tashkilotlar tomonidan qayta tashkil etilishi iqtisodiy jihatdan asoslanmagan yoki texnik jihatdan imkonsiz boʻlgan, koʻp mehnat talab qiladigan infratuzilmalarda ishlaydigan korxonalardir. Bunday monopoliyalar koʻpincha aksiyadorlik jamiyatlar shaklida boʻlib, ayrimlarida davlat ulushi aksariyat boʻlishi belgilab qoʻyilgan. Masalan, “Oʻzbekiston temir yullari” AJ, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ kabi tashkilotlar shular jumlasidan.

Oʻzbekistondagi tabiiy monopoliya subʼektlari Davlat reyestriga kiritilgan boʻlib, 2023 yil 8 avgust holatiga unga 11 turdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha 134 ta xoʻjalik yurituvchi subʼekt roʻyxatga olingan.

Tabiiy monopoliya sohalarida davlat iqtisodiy siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri - ularni tarkibiy jihatdan qaytadan tashkil etish, yaʼni tabiiy monopoliyalarni yanada samarali faoliyat koʻrsatishiga yordam beruvchi bozor munosabatlari iziga koʻchirish hisoblanadi. Bunga hukumat darajasida ham eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston prezidenti 2020 yil 28 may kuni oʻtkazilgan yigʻilishda milliy iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga bagʻishlangan yigʻilishda bu masalani “hayot mamot masalasi” deb atagan.

Mamlakat rahbari monopol tashkilotlarga berilayotgan imtiyozlar oʻzini oqlamayotgani, tovar va xizmatlar koʻrsatish sifati hamda koʻlami kutilgan natija bermaganini taʼkidlagan. Jumladan, 23 ta yogʻ-moy korxonalari berilgan imtiyozlarga qaramasdan yetarlicha yangi ish oʻrinlari yarata olmagan. Davlat rahbari raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurash uchun mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligini koʻrsatgan. Zero, raqobat natijasida mahsulot va xizmatlar tannarxi pasayadi, nafaqat ichki bozorda, balki xorijlik isteʼmolchilar uchun ham qulay narx raqobati yaratiladi.

Isteʼmol bozorida koʻpincha toza monopoliyani ham koʻrish mumkin. Bunda bozorda mutlaqo yangi yoki unikal tovar hamda xizmatlar taklif etiladi. Toza monopoliyaning bozordagi “hukmronligi” toki boshqa ishlab chiqaruvchilar shakllanmagunicha davom etadi. Hatto paydo boʻlsa ham birinchi ishtirokchi turli patent va litsenziyalar vositasida oʻz taʼsirini saqlab turishga harakat qiladi. Masalan, AQShda ixtirochi Tomas Edison kinolentani aylantirib, ekranga proyeksiya qiluvchi apparatni ixtiro qiladi va unga patent oladi. Edison oʻzining mualliflik huquqidan foydalanib, AQShdagi deyarli barcha kinoteatlardan, hatto kinofilmlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan ham ulush talab qilgan.

Yoki Stiv Jobs yetakchiligida paydo boʻlgan yangi kompyuter va aqlli telefonlar ham avvalida tabiiy monopoliya boʻlgan. Biroq keyin raqobatchilari yetishib chiqqan.

Monopoliya yaratish “zaruriyati”

Rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga oʻtayotgan mamlakatlarda turli muammolar monopoliyani vujudga keltiradi. Bu Oʻzbekistonga ham tegishli boʻlib, bu yerda tarixiy sabablar tufayli koʻp darajada tarmoq vazirliklari maqomi va vazifalariga ega boʻlgan kvazidavlat tuzilmalari (uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar) shaklida saqlanib qolgan. Ayrim holatlarda monopoliya tabiiy, muvaqqat zaruriyat, deya taqdim etiladi. Masalan, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1995 yilda oʻz avtomobil sanoatini rivojlantirish gʻoyasi ustida ishlay boshladi. Ammo oʻzimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar ayni oʻsha davrda raqobatbardosh emasdi. Ularni tashqi bozordan erkin kirib kelayotgan arzon va tutilgan avtomobillar oqimidan himoya qilish maqsadida bunday avtomobillarni olib kirishdagi bojxona toʻlovlari oshirib qoʻyildi. Har holda xalqqa shunday izoh berildi. Natijada ataylab va sunʼiy monopoliya yaratildi. Rahbarlar bu atigi 3 yil davom etishini, mahalliylashtirish va mahalliy ishlab chiqarish taʼminlanganidan soʻng yana avvalgi erkin raqobat muhiti taʼminlanishi haqida ogʻzaki vaʼdalar berishdi. Lekin oradan 30 yil oʻtibdi hamki bu vaʼda bajarilmadi. Chunki yangi monopol ajdaho uchun bunday “issiqxona” sharoitlari yoqib qoldi. Beli ogʻrimasdan pul topish ilinjidagi manfaatdor guruhlar hukumat qarorlariga ham lobbi vositasida taʼsir oʻtkazib, hamon faqat oʻzlari uchun shunday qulay sharoitlarni saqlab qolishmoqda.

Xalqaro monopoliyalar

Monopoliya nafaqat bitta korxona uchun oʻrnatiladi, balki koʻpgina korxonalar, hatto davlatlar oʻzaro til biriktirib, monopoliyalar yaratishlari ham mumkin.

2016 yilda Samsung, Micron va Hynix kompaniyalari elektron chiplar, xususan operativ xotira uchun yagona narx oʻrnatish borasida xufyona kelishib olishgani shov-shuv boʻlgandi. Bu kompaniyalar narxlarni muttasil oshirib borishgan. Boshqa raqobatchilar boʻlmagani bois, koʻp milliardlab daromad koʻrishgan.

Xalqaro monopoliyalarga esa OPEK (OPEC - The Organization of the Petroleum Exporting Countries) ni misol qilishimiz mumkin. Katta hajmda neft ishlab chiqaruvchi davlatlar - Jazoir, Angola, Venesuela, Gabon, Iroq, Eron, Kongo, Quvayt, Liviya, Birlashgan Arab Amirliklari, Nigeriya, Saudiya Arabistoni, Ekvatorial Gvineya davlatlari aʼzo boʻlgan ushbu tashkilot 1960 yilda tashkil etilgan. Tashkilot dunyodagi neft zahiralarining deyarli 70 foizini nazorat qiladi. Tashkilotga aʼzo davlatlarning Energetika va neft vazirlari yilda 2 marta yigʻilib, neftga stabil narx oʻrnatishadi, neft ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish yoki kamaytirish haqida kelishib olishadi. Tabiiyki, bunday “oʻyindan” boshqa davlatlar, xususan OPEKga aʼzo boʻlmagan davlatlar norozi boʻlishgan. Neft bozorida bunday majburiy tartib oʻrnatilishidan norozi davlatlar 2016 yilda OPEK+ norasmiy formatini yaratishdi. 2020 yil aprel holatiga OPEK+ formati neft ishlab chiqaruvchi 10 ta davlat - Ozarbayjon, Bahrayn, Bruney, Qozogʻiston, Malayziya, Meksika, Oman, Rossiya, Sudan, Janubiy Sudanni oʻzida jamlagan.

Monopoliya ildizlari

Xulosa qilib aytganda, garchi kapitalizmning oyoqqa turishi va texnologik yutuqlarga erishish uchun monopoliyalarning hissasi katta boʻlganiga qaramasdan, ayni zamonda monopoliyalar erkin iqtisodiyot uchun oʻta yoqimsiz va istalmagan holat hisoblanadi. Unga qarshi kurashish olqishlanadi. Masalan, AQShda va koʻpchilik Gʻarb davlatlarida monopoliyani taqiqlovchi huquqiy muhit oʻrnatilgan. Hatto Apple, Microsoft, Meta kabi gigantlar ham vaqti-vaqti bilan monopoliyada ayblanib, sud jarayonlari uyushtiriladi. Jarimaga tortish bilan birga, katta monopol tashkilotlarni kichik korxonalarga boʻlib tashlash talabi qoʻyiladi.

Lekin, yuqorida aytilganidek, katta daromad olish istagi baribir aksariyat tadbirkorlarni monopoliya va yakkahokimlik yaratishga undaydi.

Garchi hukumat darajasida monopoliyaga qarshi kurashilsada, monopoliyalar ildizini huquqiy va moddiy jihatdan sugʻorib turuvchi asosiy omil – davlat hisoblanadi.

Amerikalik mashhur iqtisodiyotchi olim, isteʼmol, pul tarixi va nazariyasi hamda barqarorlashtirish siyosatining murakkabligi sohasidagi tadqiqotlari uchun 1976 yilda iqtisodiyot boʻyicha Alfred Nobel xotira mukofoti laureati boʻlgan Milton Fridman oʻzining 1980 yilda chop etilgan “Tanlov erkinligi” (Free to Choose: A Personal Statement) kitobida shunday yozadi:

“Davlatning tariflar va shunga oʻxshash mexanizmlar koʻrinishidagi oshkora yoki xufyona yordamisiz monopoliyani oʻrnatish juda qiyin”.

Oʻzbekistondagi monopoliyalar haqida soʻz yuritganda, Fridmanning mana shu soʻzlari beixtiyor yodga tushadi. Haqiqatan ham, iqtisodiyot siyosiy irodaga boʻysundirilgan muhitda monopoliyalarga barham berish haqida minbarlardan harqancha koʻp va balandroq gapirilmasin, asil natija ayrim guruhlar manfaatiga bogʻliq boʻlish ehtimoli koʻproq. Oʻzbekiston avtosanoati sohasida yaratilgan monopoliya esa buning yaqqol isboti boʻla oladi. Iqtisodiyotchi olim Arnold Xarberger aytganidek, bozorda monopoliyaning mavjudligi jamiyat farovonligida qaytarib boʻlmaydigan yoʻqotishlarga olib keladi. Lekin “jonajon” monopoliyalarimizni xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyoti qiziqtirmaydi. Ular bu tushunchalarni oʻz manfaat va daromadlari yoʻlida qurbon qilishga oʻrganib boʻlishgan.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid