Prezident bojxona boʻyicha yangi markaz bilan tanishdi
Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Davlat bojxona qoʻmitasidagi Bojxona rasmiylashtiruvi markazini borib koʻrdi.
Sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish maqsadida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi qurilgan. Bu yerda Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, Call-markaz, Targetlash va xavflarni boshqarish boʻlimlari tashkil etilgan.
Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar maʼlumotlari bilan integratsiya qilingan. Ishni tashkil etishda tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olingan.
Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan oʻn barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bu aloqa kanallari tezligini 5 barobarga oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini 2 barobarga qisqartirishni taʼminlaydi. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.
Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyildi. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.
Targetlash va xavflarni boshqarish boʻlimi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning maʼlumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi ham ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilgʻor uskunalar bilan jihozlandi.
Import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qoʻyildi.