Erdoʻgʻonning qudratga kelishi va “Toyota”ning "parvozi"
Platina.uz 28 avgust sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.

28 avgust sanasi bilan bogʻliq xabarlar.
Voqealar.
1876 yil – Peterburgda boʻlgan sharqshunoslarning uchinchi xalqaro kongressida nemis sharqshunosi, tilshunos olim Karl Eduard Zaxau ulugʻ mutafakkir olim, oʻrta asrlarning buyuk daholaridan biri Abu Rayxon Beruniy xaqida yigʻilganlarga toʻliq maʼlumot berdi hamda allomaning yaqindagina nashrdan chiqqan “Xronologiya” asarining arabcha matnini barchaning eʼtiboriga havola etdi.
1910 yil – Chernogoriya Turkiyadan toʻliq mustaqillikni eʼlon qildi va monarx Nikolay I boshchiligidagi mustaqil qirollikka aylandi.
1923 yil – Turkiston Xalq xoʻjaligi markaziy kengashi qarori bilan Oʻrta Osiyoda ipakchilikni rivojlantirish va holatini yaxshilash, ipak xomashyosini tayyorlash, qayta ishlash, tashqi hamda ichki bozorda sotish uchun “Turkipak” tresti aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi.
1933 yil – Britaniya politsiyasi jinoyatchini ushlash uchun birinchi marta radiodan foydalangan. BBC xabariga koʻra, radio orqali qotillikda gumon qilinayotgan jinoyatchining alomatlari uzatilgan.
1935 yil – Abdulla Qodiriy tarjimasi asosida Hamza teatri (hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri) “Uylanish” pesasini sahnaga qoʻydi. Spektakl katta muvaffaqiyat qozondi. Abdulla Qodiriy Hamza teatri jamoasining iltimosi bilan Nikolay Gogolning “Uylanish” komediyasini oʻzbek tiliga tarjima qilishga kirishgan va uni 1935 yilda muvaffaqiyatli tugallagan edi. Asarning tarjimasi va uni ijro etgan artistlarning faoliyatlari haqida oʻsha davr vaqtli matbuotida bir qator ijobiy maqola va taqrizlar chop etilgan.
1937 yil – “Toyota” avtomobil kompaniyasi mustaqil kompaniyaga aylandi. Asoschisi: Kiichiro Toyoda.
1946 yil – Qoʻshma Shtatlar Moʻgʻuliston va Albaniyaning BMTga kirishiga veto qoʻydi.
1963 yil – dunyodagi eng uzun ponton koʻprigi (taxminan 2,5 km) Sietl va Bellevyuni bogʻladi.
1966 yil – Argentina ish tashlash huquqini bekor qildi.
1976 yil – Massachusets shtatida birinchi marta sunʼiy gen sintez qilindi.
1990 yil – Quvaytning Iroq tomonidan anneksiya qilindi.
1991 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat simfonik orkestrini Oʻzbekiston milliy simfonik orkestriga aylantirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
1992 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Nigeriya Federativ Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini oʻrnatdi.
1996 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand shahrini “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida” hamda “Shahrisabz shahrini «Amir Temur» ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida” farmonlari qabul qilindi.
1996 yil – “Miskin–Toʻrtkoʻl” temir yoʻli qurilishi tugallandi. Dastlabki poyezd Toʻrtkoʻlga yoʻlovchilarni olib bordi.
1998 yil – “Oʻzbekiston Respublikasining “El-yurt hurmati” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”, “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida” Qonunlari qabul qilindi.
2000 yil – YuNESKO Usmon Mushafining asl nusxa ekanini tasdiqlovchi hujjat – sertifikat berdi. Bu muborak Qurʼon uchinchi xalifa Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) buyruqlariga asosan VII asrda (milodiy 644–648 yillarda) kiyik terisiga koʻchirtirilgan. Oʻsha davrda jami olti nusxa Mushaf koʻchirtirilgan edi. Shulardan yer yuzida kitob shaklida saqlangan yagona nusxa mazkur Mushafdir.
2004 yil – Ostonada munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy tashabbusi ochiq eʼlon qilindi.
2009 yil – Toshkent shahri markazida “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi ochildi. Amir Temur xiyoboni meʼmoriy ansamblining durdonasiga aylangan mazkur saroy oʻz mahobati, salobati, betakror tarixi, zamonaviy landshaft dizayni bilan Toshkent shahri chiroyiga chiroy qoʻshdi. “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyining balandligi 48 metr. U 300 oʻrinli majlislar zali, 300 oʻrinli qabullar zali va 1800 oʻrinli anjumanlar zaliga ega.
2014 yil — Rajab Toyyib Erdoʻgʻon Turkiya prezidenti boʻldi.
2020 yil – “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Tavalludlar.
1749 yil – nemis yozuvchisi Yoxann Volfgang Gyote Frankfurt-Mayn shahrida tavallud topadi.
1909 yil – energetik olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan energetik Hosil Fozilov tavallud topdi. U – elektr tizimlari rejimlarini tahlil qilish nazariyasining asoschilaridan biri. Uning rahbarligida respublikaning elektr energetika resurslarini oʻzlashtirish loyihalari ilmiy jihatdan asoslab berildi, elektr tizimlarini hisoblash algoritmi yaratildi.
1931 yil – rang-tasvir ustasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faxriy akademigi, Oʻzbekiston xalq rassomi Roʻzi Choriyev tavallud topdi. U oʻz asarlarida oʻlka manzaralari, oʻtmishi va bugungi kuni, kishilarini yorqin boʻyoklarda katta mahorat bilan aks ettirgan. Uning ijodi rang-tasvirga milliy ruh, urf-odatlar, zamondoshlar, mashhur namoyandalar obrazlari turkumini olib kirishi, qishloqlarda tasviriy sanʼat galereyalarini tashkil qilishi bilan alohida ahamiyatga ega. U 1998 yilda “El-yurt xurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1936 yil – Oʻzbekiston Respublikasining xalq artisti Fayzulla Ahmedov;
1954 yil – Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova;
1972 yil – muaytaychi, kikboksingchi, “Oʻzbekiston iftixori”, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi Erkinboy Qutiboyev tavallud topgan.




