"Oʻzgidromet" kuzda ob-havo qanday boʻlishi mumkinligini eʼlon qildi
Oyning birinchi yarmida harorat asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 33-38 daraja boʻladi.

Respublika Gidrometeorologiya xizmati kirib kelayotgan kuz faslida kutilayotgan ob-havo prognozini taqdim etdi.
Sentabr oyida oʻrtacha oylik havo harorati respublika boʻyicha meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan 1-1,5 darajaga yuqori boʻlib, 18-25 darajani tashkil etadi.
Oyning birinchi yarmida harorat asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 33-38 daraja boʻladi.
Oyning ikkinchi yarmida harorat kechalari 13-18darajadan 8-13 darajagacha, kunduz kunlari 30-35 darajadan 23-28 darajagacha oʻzgarib turadi.
Oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyordan kam, baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlishi kutilmoqda (meʼyor 3-8 mm, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 0,0-2 mm, togʻ oldi va togʻli hududlarda 9-28 mm gacha).
Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarning ayrim kunlari biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, janubda esa yomgʻir yogʻish ehtimoli kam.
Oktabrda oʻrtacha oylik havo harorati respublika boʻyicha meʼyor atrofida boʻlib, 10-12 darajani, janubda 16-18 darajagachani tashkil etadi.
Oy davomida harorat kechalari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqgacha oʻzgarib turadi, oy oxirida 0-2 daraja sovuqgacha boʻlishi mumkin, kunduz kunlari 23-28 daraja iliqdan 13-18 daraja iliqgacha oʻzgarib turadi.
Shimolda, oy davomida havo harorati kechalari 8-13 daraja iliqdan 1-6 daraja iliqgacha oʻzgarib turadi, 0-3 daraja sovuqgacha boʻlishi mumkin, kunduz kunlari 12-17 daraja iliqdan 20-25 daraja iliqgacha oʻzgarib turadi.
Oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan koʻp, shimolda va janubda baʼzi joylarda meʼyordan kam (meʼyor 12-26 mm, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 3-11 mm, togʻ oldi va togʻli hududlarda 27-70 mm gacha).
Oyning ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda.
Noyabrda oʻrtacha oylik havo harorati oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻlib, 2-8 daraja iliqni, janubda 10 daraja iliqgachani tashkil etadi.
Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchilik meʼyorga yaqin boʻlishi prognoz qilinmoqda, faqat respublikaning janubi-gʻarbida biroz ehtimollik bilan yogʻingarchilik taqchilligi boʻlishi kutilmoqda.
Noyabr oyida yogʻingarchilik meʼyori 37-48 mm, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida 8-36 mm, togʻ oldi va togʻli hududlarda 65-113 mm gacha boʻladi.