platina.uz
Jamiyat

Oʻquv yili boshlanmoqda: talabalar yana yashash joy izlab sarson boʻlmaydimi?

Yildan yilga talabalar uchun kvotalar oshmoqda. Yangi yoʻnalishlar ochilmoqda, yaʼni umuman olganda talabalar soni koʻpaymoqda.

Sentabr oyi yaqinlashishi bilan yana oʻsha eski muammolar boshlanadi. Talabalar turar joyiga ariza, ijara uylar qidirish, yana talabalar sarson. Yildan yilga talabalar uchun kvotalar oshmoqda. Yangi yoʻnalishlar ochilmoqda, yaʼni umuman olganda talabalar soni koʻpaymoqda. Ularni turar joy bilan taʼminlash uchun qanday ishlar olib borilmoqda?

Nazokat Abduqunduzova,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari:

— ­Hozirda respublikamiz boʻyicha talabalar turar joylari (TTJ) qurilishi amalga oshirilmoqda. Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023 yilda 18 ming oʻrinli talabalar turar joylarini qurib, bitirib topshirish vazifasi yuklangan. Yil boshidan beri 4700 oʻrinli 12 ta TTJ yangi qurib topshirildi. Sentabrda esa 11 ta TTJ 6400 nafar talabalar uchun topshirilishi kutilmoqda. Yil oxirigacha 18 ming oʻrinli TTJlar foydalanishga topshiriladi. Eng katta muammoimiz Toshkent shahrida. Bu yil kunduzgi taʼlimda oʻqiydigan talabalarning 30%ini ijara uylari bilan taʼminlash maqsadi oldimizda turibdi. Buning uchun biz yangi tizim ishlab chiqdik. Unda barcha oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joylarga va ijara uylarga joylashtirish markazlari oʻz ishini boshlagan. Talabalar bu markazlarga kelib taklif etilayotgan ijara uylarini koʻrib, oʻzlariga yoqqan sharoitdagi uylarni tanlab olish imkoniyati ega. 1-kurs talabalarining maʼlumotlari gov.uz saytiga kiritildi. Ular endi talabalar turar joylari uchun gov.uz va davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari orqali onlayn navbatda turib yoki hududlaridagi davlat xizmatlari markaziga offlayn kelib ariza topshirishlari mumkin. TTJlarning 60% aynan 1-kurs talabalari uchun ajratib qoʻyilgan.

2-3-4-kurs talabalari yuqorida aytilgan oliygohdagi markazlarga yoki respublika shtabiga murojaat qilishlari mumkin.

Ijarada turuvchi talabalarga davlat hisobidan bazaviy hisoblashning bir barobari toʻlab beriladi. Bu miqdor hozirgi kunga kelib 330 ming soʻmni, viloyatlarda esa yarim barobar, yaʼni 165 ming soʻmni tashkil qiladi.

Va yana bir imkoniyat shuki, talabalardan davlat hisobidan ana shu mablagʻni olish uchun 1-2 oyda shartnoma talab etilmaydi.

Eslatib oʻtamiz, ijaraga qoʻyuvchilarga ijaraga qoʻyganliklari uchun soliq toʻlashmaydi.

Shu oʻrinda TTJlarga imtiyoz asosida kiruvchilar haqida ham eslatib oʻtsak:

  • 1 va 2 guruh nogironligi boʻlganlar;
  • yarim va chin yetimlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari,
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yaʼni “temir daftar”da turuvchi oila farzandlari,
  • “ayollar daftari”da turuvchilar va ularning farzandlari,
  • “yoshlar daftari”da turuvchilar,
  • oilasida 2 yoki undan ortiq kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar boʻlganlar.

Sentabr oyida topshiriladigan 6 400 oʻrinli 11 ta TTJ bilan birgalikda yil boshidan beri 11 100 talaba joy bilan taʼminlanadi. Yil oxirigacha esa yana 6 900 nafar talabaga joy ajratiladi.

Bu raqamlar nimadan dalolat? Bizningcha, bu koʻrsatkichlar talabalarni yotoqxona muammosi shu yilning oʻzida bartaraf etilishiga yetarli emas. Yaʼni bu bilan talabalarimizni toʻliq yotoqxona bilan taʼminlolmasligimiz aniq. Shunday ekan, nima boʻlganda ham talabalar oʻtgan yilgidek koʻrpa-toʻshagini koʻtarib yashash joy izlab sarson boʻlishmasa bas. Biz voqealar rivojini kuzatamiz va yana mavzuga qaytamiz.

Eslatib oʻtamiz: joriy yil boshida, yaʼni anomal sovuqdan keyin barcha OTMlarda 23 yanvardan oʻqish jarayoni boshlangach, talabalar yotoqxonalarida issiqlik tizimi va elektr taʼminoti bildan bogʻliq masalalar oʻrtaga chiqqan. Talabalarni “Tashkent Indeks” savdo majmuasiga joylashtirish bilan vaziyatni yumshatishga urinilgandi. Ammo hech qancha vaqt oʻtmay, ushbu tashkil etilgan oylik toʻlovi 200 000 soʻm boʻlgan vaqtinchalik yotoqxonada yashayotgan talabalarni yana majburan chiqarilishi haqidagi gap-soʻzlar muhokamalarga sabab boʻlgan. Ana shu voqealar fonida 18 ming oʻrinli yotoqxona qurilishi vaʼda qilingandi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil 4 sentbyardan barcha OTMlarda oʻqish jarayoni boshlanadi.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid