platina.uz
Iqtisod

Kambagʻallikdan qachon butunlay xalos boʻlamiz? Ekspertlar bilan suhbat

2022 yilda Oʻzbekistonda kambagʻallik 17 foizdan 14 foizga tushgani maʼlum qilindi. Bu raqamlar real hayotga qanchalik muvofiq keladi?

Kambagʻallikni qisqartirish haqida gap ketganda, 2022 yilda Oʻzbekistonda kambagʻallik 17 foizdan 14 foizga tushgani maʼlum qilindi. Bu raqamlar real hayotga qanchalik muvofiq keladi? Shuni real raqam deb aytish mumkinmi?

Bugun Barqaror rivojlanish markazi (BRM) mutaxassislari bilan ana shu mavzuda suhbatlashamiz. Suhbatdoshlarimiz esa markaz boʻlim boshligʻi Nodir SAFAROV va bosh mutaxassis Gulhayo BARNOYeVA.

— Maʼlumki, Oʻzbekistonda kambagʻallik mavzusi “yopiq“ boʻlib kelgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki kam taʼminlangan oila deb taʼriflanardi. Uch yil avval esa Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hech bir qogʻozga oʻramasdan kambagʻallik degan tushunchani aniq-tiniq qayd etdi va respublikamizda bu daraja tan olindi. 2020 yilda ochiqlangan dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda kambagʻal aholi 12-15 foizni, yaʼni 4-5 mln.ni tashkil etgandi. Oʻshanda bu toifa aholining kunlik daromadi 10-13 ming soʻmdan ham oshmasligi maʼlum qilingan. Joriy yil boshida esa 2022 yilning oʻzidagina Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi. Oʻzi kambagʻallik qaysi mezonlarga asoslanadi? Bu raqamlar qanchalik hayotdagi holatga mutanosib?

Gulhayo Barnoyeva: – Agar inson oylik daromadining yarmidan koʻpini isteʼmol tovarlariga ishlatsa, demak, u kambagʻal toifasiga kiradi. Bordi-yu, mazkur koʻrsatkichning foizdagi proporsiyasi oʻzgarsa, masalan, kishi daromadining 10 foizini oziq-ovqatga sarflab, qolganini boshqa ehtiyojlariga yoʻnaltirsa, shu jumladan, bank depoziti yoki boshqa koʻrinishdagi sarmoya sifatida saqlasa, bu vaziyat oʻzgarayotganidan darak beradi.

Oʻzbekiston misolida tahlil qiladigan boʻlsak, 2020 yilga qadar kambagʻallik yoʻqdek hisoblanardi. Kam taʼminlangan, degan atama bilan nomlanardi. 2020 yildan boshlab, bu borada faol ijtimoiy siyosat olib borildi. Kambagʻallikni qisqartirish, ayniqsa, koronavirus pandemiyasidan keyin dolzarb boʻlib qoldi.

Statitistikaga murojaat qiladigan boʻlsak, 2023 yil holatida davlat byudjetidan ijtimoiy xizmatlar uchun 105 trillion soʻm ajratiladi. Bu davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarning 42 foizini tashkil etadi. 2022 yilga kelib kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14,1 foizga qisqardi.

Kambagʻallik darajasi isteʼmol savati bilan belgilanadi. Isteʼmol savati hali Oʻzbekistonda aniq ishlab chiqilmagan. Necha turdagi mahsulotlarni oʻz ichiga olishi koʻrsatilmagan. 2021 yilda 10 mingta, 2022 yilda 14 mingta xonadon oʻrganilganda soʻrovnomalar natijasida isteʼmol savatiga 150 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari va 200 dan ziyod nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar kiritilgan. Bu savat kambagʻallik darajasini aniqlovchi statistik maʼlumotlarni shakllantirishga xazmat qiladi.

— Oʻzbekistonda isteʼmol savati belgilanmagan boʻlsa, kambagʻallik darajasi qanday aniqlanyapti?

Nodir SAFAROV: – Koʻpchilikka maʼlumki, Jahon banki 2011 yildan beri kambgʻallikni kuniga 1 dollar 90 sentga yoki undan past boʻlgan daromadga yashaydigan aholini kambagʻal, deb hisoblar edi. Lekin 2022 yilda bu koʻrsatkichlar qayta koʻrib chiqildi va hozirgi dunyo mamlakatlaridagi narxlardan kelib chiqqan holda bu koʻrsatkich 2 dollar 15 sentga koʻtarildi. Yaʼni Oʻzbekiston soʻmida bir oyda 748 ming soʻmdan kam daromad topsa, rasman kambagʻal deb hisoblashi mumkin. Jahon banki kambagʻallikni oʻlchashda har bir davlatdagi sharoitlardann kelib chiqadi. Yaʼni 2 dollar 15 sent umumiy global koʻrsatkich boʻlib, har xil davlatlarda turli narxlar boʻlgani uchun bu raqam oʻzgarishi mumkin.

— Statistika agentligi bir maʼlumotni eʼlon qildi. Unga koʻra, Oʻzbekistonda 2023 yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 568 ming soʻmni tashkil etdi, bu kambagʻallik chegarasi sanaladi. Shu oʻrinda birinchi savol: aslida kambagʻallik chegarasi nimalarga asoslanadi? Bu raqam qanchalik bugun oʻzbekistonliklarning iqtisodiy holatiga, toʻgʻrirogʻi, daromadiyu xarajatlariga mutanosib, sizningcha?

N. S. – Ijtimoiy tarmoqlarda bu yangilik eʼlon qilinganidan keyin aholi muhokamasiga sabab boʻldi. Chunki kambagʻal deganda biz qanday odamni tasavvur qilamiz? Bu oddiy pensioner boʻlishi mumkin. Bu voyaga yetmagan farzandlari koʻp oila yoki beva-bechoralar boʻlishi mumkin. Bu odamlar toʻlaqonli baxtli hayot kechirishi uchun 568 ming soʻm koʻpchilikning fikricha, juda kam summa hisoblanadi. Oʻzbekiston ijtimoiy davlat deb Konstitutsiyada belgilandi, demakki, bu summani kelajakda yuqoriga koʻtarish kerak. Xalqimiz va ekspertlarning fikricha, 568 ming soʻm yetarli miqdor deb hisoblanmaydi.

Oksford kambagʻallik oʻlchoviga murojaat qilsak, ular YaIMning jon boshiga ulushi 1000 dollardan kam davlatlarni kambagʻal davlat deb hisoblashadi. Inson oyiga 568 ming soʻm daromad koʻrsa, biz buni 12 oyga koʻpaytirsak ham, natija 1000 dollardan past boʻlyapti. Demak, xorijiy tajribadan kelib chiqsak, bu yana kambagʻal davlat aholisiga aylanib qolyapti. Biz xalqaro reytingdagi raqamlardan past emas, yuqori summani koʻrsatishimiz kerak. Lekin tabiiy bir eʼtiroz tugʻiladi: buncha mablagʻ qayerdan olinadi? Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda aholisi eng koʻp davlat. Tabiiyki, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ham koʻp. Bunda biz byudjet xarajatlarini yoki davlat qarzi xarajatlarini va boshqasini optimallashtirish, iqtisodiy oʻsishga va samaradorlikka erishish hisobiga ushbu mablagʻga erishishimiz mumkin. Oʻylaymanki, 2030 yilgacha qoʻyilgan maqsad, yaʼni, Oʻzbekistonni daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishiga erishilganda, kambagʻallik chegarasi darajasidagi raqam jahon indekslarida koʻrsatilgan summadan kam boʻlmaydi. Aksincha koʻp boʻladi. Yaʼni bu yaqin kelajakda – 5-6 yildan hukumatimiz amalga oshiradigan vazifa boʻlishi kerak.

Statistika boʻyicha dunyoda afsuski 52 ta davlat hozir qarzdorlik botqogʻida qolishda davom etmoqda. Yaxshi yangilik shuki, Oʻzbekiston bu davlat qatorida emas. Yaʼni Oʻzbekiston oldida turgan xarajatlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga yoʻnaltiriladi, desak boʻladi. Hozirgi davrda dunyoning turli chekkalarida qurolli mojarolar, yoki tabiiy ofatlar yuz bermasa, yaʼni ishlar rejalashtirilganidek amalga oshirilsa, kambagʻallikni qisqartirish 2030 yilgacha koʻrsatilgan Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mumkin boʻladi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida koʻrsatilgan 2026 yil etib belgilangan muddat ham BRMga muddatidan oldin erishishimizga imkon beradi, deb oʻylayman. Yaʼni yaqin 3-4 yilda bu masalaga erishish mumkin.

Oʻzbekiston byudjeti 2023 yilda 300 trln.soʻmdan koʻproq boʻlsa, uning 42 foizi ijtimoiy masalalarni hal qilishga yoʻnaltirilmoqda. Ammo aytib oʻtish kerakki, rivojlangan dalatlarda, yaʼni tashqi qarzi kamroq davlatlar ijtimoiy masalalarga yanada koʻproq ulushni yoʻnaltirishi mumkin. Bu katta sarmoyalar inson kapitaliga, sogʻliqni saqlashga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga yoʻnaltirilsa, kambagʻallik oʻz oʻzidan chekinadi va Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga erishishi osonroq boʻladi.

— Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish sohasida oʻziga andoza sifatida Xitoy tajribasini tanlagan. Sababi Xitoy 2012 yilda 98,99 mln aholisi kambagʻal boʻlgan boʻlsa, 2016 yilda qariyb ikki baravarga qisqarib, 43,35 mln. kishini tashkil etgan. 2020 yilda esa kambagʻallik darajasi 0 koʻrsatkichni qayd etib, Xitoy kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha insoniyat tarixida moʻʼjiza koʻrsatdi, deyish mumkin. Xitoy bu natijaga oddiy tilda tushuntiradigan boʻlsak, belgilangan chora-tadbirlarning ijrosiga jiddiy va qatʼiy eʼtibor qaratish bilan erishgan, shunday emasmi?

Qoʻshib yozishlar, yolgʻon hisobotlar, tanish-bilishchilik kabi yondashuvlarga yoʻl qoʻymasdan erishgan, deyish mumkin. Demak, 36 mln. aholisi bilan Oʻzbekiston ham bunday moʻʼjiza koʻrsatishi mumkin, shunday emasmi? Ayting-chi, bu borada Oʻzbekistonning oldida yechimini kutayotgan qanday toʻsiqlar bor va ularni qanday hal etish mumkin?

N.S: – 2000 yillarda Xitoyda aholining yarmidan koʻpi kambagʻal boʻlgan. Yaʼni aholining topgan puli faqat oziq-ovqatiga yetgan. Ortiqcha sarmoyasi boʻlmagan. Qanday qilib oʻtgan 20 yil ichida bunday moʻʼjiza yuz berdi? Olimlarning oʻrganish natijalariga qaraganda, Xitoyda birinchi navbatda xususiy chektorga, yaʼni biznesmenlarga ustuvorlik berilgan. Yaʼni davlat kompaniyalari soni keskin kamaytirilib, xususiylashtirilgan. Natijada aholining bandligi hamda barqaror iqtisodiy oʻsish taʼminlangan. Ikkinchisini aytsak, maʼlumki Xitoyning hududi katta, sharqiy qismi dengiz hududi boʻlib, markaziy va gʻarbiy qismlari choʻldan iborat. Iqtisodiy oʻsish shuni koʻrsatdiki, rivojlangan hududlarda yashovchi aholi koʻproq daromad koʻravergan, chekka joylardagi aholi kambagʻal boʻlib qolavergan. Xitoy hukumati toʻgʻri ijtmoiy adolatli qaror qabul qilgan: boyib ketayotgan hududlardan olingan soliqlar davlat subsidiyasi vositasida kambagʻal hududlarga berilgan. Bu jamiyatdagi adolatsizlik, yaʼni tengsizlikni yoʻqotishga xizmat qilgan. Tasavvur qiling, Oʻzbekistonda ayrim viloyatlar boyib ketaversa-da, ayrim hududlar aholi koʻp boʻlsa ham kambagʻallashib ketaversa, bu albatta davlatning maqsadlariga mos kelmaydi. Yaʼni davlat teng rivojlanishi kerak.

Uchinchi omil – uzoq va chekka chekka qishloqlarda yashayotgan aholiga ham zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olishi taʼminlangan. Tasavvur qiling, Xitoydagi 63 yoshli fermer oʻz tomorqasida qulupnay oʻstiradi. Va mavsumi kelganda qishloqlarda yaratilgan punktlarda oʻz mahsulotini internetga sotish uchun qoʻya oladi. Yaʼni u bozorga borib qiynalmasdan, vositachilarga ovora boʻlmasdan oʻz mahsulotini toʻgʻridan-toʻgʻri sotib daromad koʻrgan. Bu rivojlanib borayotgan raqamli texnologiyalarning foydasini yaqqol koʻrsatadi. Oʻz aholimizni ham raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalariga oʻrgata olsak, kambagʻallik ustidan gʻalaba qilish osonroq boʻladi, deb oʻylayman. Bu katta ijobiy samara berishi mumkin.

Xoʻsh, aholi bandligini Oʻzbekistonda qanday qilib 100 foiz darajada taʼminlash mumkin? Avvalo, hozirgi maʼlumotlarga qaraganda Oʻzbekiston da har yili oliy oʻquv yurtlari hamda kollejlardan yarim milliondan ziyod bitiruvchilar toʻgʻridan-toʻgʻri mehnat bozoriga kirib keladi. Yaʼni oʻz kelajagini Oʻzbekistonda qurish uchun ularga ish oʻrni kerak. Lekin hozirgi amaliyot shuni koʻrsatyaptiki, ularning hammasi ham oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish topa olmayapti. Ularga zarur ish oʻrnini yaratib, kambagʻallikni qisqartirish mumkin.

Muammo nimada? Avvalo hozir qaysi kasblarga talab katta, shuni aniqlab olish zarur. Afsuski bizda haliyam oʻtgan asrda talab katta boʻlgan kasblarga ommaviy oʻqitish va oʻrgatish davom etmoqda. XXI asrni oladigan boʻlsak, IT, raqamli texnologiyalar va AKT sohasini aytaylik, yoki sunʼiy intellekt sohasini, dunyoda talab katta bilim va koʻnikmalarni oʻz yurtimizda bersak, va shu tufayli ular oʻz yurtimizda oʻz ish oʻrnini topa olsa, ular yuqori daromadga ega boʻlib, kambagʻallik darajasini qisqartirishda katta rol oʻynashadi, deya olish mumkin. Xulosa chiqaradigan boʻlsak, biz tayyorlayotgan kadrlarni biz kerakli kasbga oʻqitishimiz kerak. Shunda ular mehnat bozorida oʻzini yoʻqotib qoʻymasdan, keraksiz kasb oʻqibman, degan xulosaga kelmasdan, oʻzlariga toʻgʻri keladigan kasb-hunarni oʻrganishi mumkin.

N.S.: – Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, afsuski hozir yosh avlodda barqaror rivojlanish maqsadi hisoblangan kambagʻallikni qisqartirish, sogʻliqni saqlash, sifatli taʼlim berish va hokazolar haqida tushuncha va bilimlar judayam kam. Biz maktabgacha taʼlim maskanlari, maktablar, litseylar va oliy oʻquv yurtlarida BRMni bilasizmi, degan tanlovlar, viktorinalar oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Maqsad – insonlar oʻzi yashayotgan sharoitlar qanday darajada boʻlishini bilishlari kerak. Yaʼni ularga qanday sifatdagi taʼlim kerak, qanaqa darajadagi ichimlik suvi boʻlishi kerak kabi masalalarda. Qanday turmush sharoitlari yaratilgan boʻlishi kerakligini aholining oʻzi bilsa, oʻshandan keyin shuni talab qila boshlaydi. Shunday sharoitlarga erishishiga ishtiyoqi oshib, harakat qila boshlaydi. Natijada, Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan BRMga erishish tezlashadi va 2030 yilgacha moʻljallangan maqsad va vazifalar amalga oshiriladi, deb oʻylayman.

Xulosa qilib aytish mumkinki, kambagʻallikni qisqartirish bu kompleks masala. kambagʻallikni qisqartirish uchun nafaqat iqtisodiy, balki, ijtimoiy masalalarni va muammolarni yechish talab etiladi.

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid