Farmatsevtika sobiq rahbari zaharli dorilar boʻyicha yigʻilishlarda qatnashmagan
"Dok-1 Maks" ishi boʻyicha sudda Farmatsevtika agentligi sobiq rahbariga soʻz berildi.

Oʻzbekistonda 65 nafar bolaning oʻlimiga sababchi deb taxmin qilinayotgan “Dok-1 Maks” siropi boʻyicha sud jarayoni davom etmoqda. 23 avgust kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudida mazkur ish yuzasidan navbatdagi sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda boshqa sudlanuvchilar qatorida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K. ga ham soʻz berildi.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, sobiq rahbar S.K. soʻzini jabrlanganlardan uzr soʻrash bilan boshladi. Oʻzi ham ota ekanini, farzand dogʻini chekayotgan ota-onalar qaygʻusi uning ham qaygʻusi ekanini bildirdi. Hozirgacha birorta davlat tashkiloti va yoki masʼul ushbu siropdan oʻlgan bolalar boʻyicha uzr soʻramagan edi.
Sudlanuvchi S.K.ning maʼlum qilishicha, u Qozogʻistonda xizmat safarida boʻlganida Samarqandda oʻtkir buyrak va nafas yetishmovchiliklari alomatlari bilan shifoxonaga keltirilgan bolalar vafot etgani va ularning barchasi avval “Dok-1 Maks” siropini isteʼmol qilgani haqida xabar olgan. Oʻzining borish imkoniyati yoʻqligi bois, A.A. ismli birinchi oʻrinbosariga tashkilotning Samarqand shahridagi filiali xodimlari yordamida bolalar oʻlimi kuzatilayotgani aytilgan shifoxona atrofidagi barcha dorixonalardan siroplarni yigʻishtirib olib, Toshkent shahridagi laboratoriyaga olib kelib, tahlildan oʻtkazishni buyurgan. Dastlabki laboratoriya tahlillari natijasida bu siropda muammo yoʻqligi aytilgan. Shunday boʻlsada, har ehtimolga qarshi barcha dorixonalardan “Dok-1 Maks” siroplari qaytarib olingan. Avval sobiq rahbar bundan xotirjam boʻlgan. Ehtimol bu dorini muddati oʻtgan holda yoki boshqa mos kelmaydigan dorilar bilan birga, shuningdek, dozasi oshirib yuborilgan holda qabul qilishgani bois oʻlimga olib kelgan boʻlishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Shunday boʻlsada, bu dorini hayvonlarda, jumladan, sichqonlarda sinab koʻrishni byurgan. Dori berilgan siqonlar oʻlib qolgach, siropda zahar bor, degan xulosaga kelishgan.
Sud majlisida soʻroq qilingan yana bir masʼul xodim – S.K.ning oʻrinbosari boʻlib ishlagan N.M. oʻzining tergov jarayonida bergan koʻrsatmalarini tan olmasligini aytdi. Shuningdek, avvalgi majlislarda oshkor qilinmagan, bu mojarolarda sudlanuvchi S.K.ning aybini ogʻirlashtirish mumkin boʻlgan yana bir voqea haqida koʻrsatma berdi. N.M.ning aytishicha, u 2022 yilning iyun yoki iyul oyida rahbarning birinchi oʻrinbosari A.A.ning xizmat xonasiga ish bilan kirgan. A.A. oʻsha paytdagi rahbar S.K.dan bir qator topshiriqlar kelib tushganini, topshiriqlar orasida ikkita firmani “inspeksiya tekshiruvidan yechish” boʻyicha topshiriq ham boʻlganini aytgan. N.M. avval S.K.dan bunday topshiriq kelmagani bois ishonmagan, A.A. esa isbot sifatida rahbardan kelgan topshiriqni Telegram orqali olganini aytib, rahbar bilan yozishmalarini koʻrsatgan. Shundan soʻng A.A. ekspertlar kengashi kotibi U.T.ni chaqirib, rahbar topshirigʻini aytdi.
Sudlanuvchining aytishicha, dastlabki tergov harakatlari davomida U.T. vaziyatga aniqlik kiritish uchun Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari qabulida boʻlib, ikkita firmaga nisbatan tayinlangan tekshiruvni bekor qilish haqida qatʼiy topshiriq berilganiga ishonch hosil qilgan.
Biroq S.K. ning advokati ham soʻz olib, N.M.dan tergov davomida bu yozishmalar tekshirildimi, ularga huquqiy baho berildimi, deb soʻraganida, N.M. bu yozishmalar topilmagani va isbotlanmaganini bildirdi.
Sudda soʻz olgan S.K. esa firmalarga tayinlangan inspeksion tekshiruvni rad etganini bildirib, bu haqdagi hujjatga bilmasdan imzo qoʻyib yuborgan boʻlishi mumkinligini aytdi.
Sud majlisida shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Oʻzbekistonda yuz bergan bu fojiadan ancha avvalroq dunyonnig boshqa davlatlarida ham shu kabi yoʻtalga qarshi siroplardan bollar oʻlimi kuzatilgani haqida xabar bergani va bu borada tekshirish olib borish zarurligi haqida bong urgani eslatib oʻtildi. Afsuslanarlisi shuki, Oʻzbekistondagi soha mutaxassislari bu xabi yangilik va xabarlarga eʼtibor berishmagan yoki koʻrmaganga olishgan. Boshqa davlatlarda bu siropdan bolalar oʻlayotgani eʼtirof etilib, taqiqlanayotgan bir paytda, Oʻzbekistonda ushbu zaharli dorilarni roʻyxatdan oʻtkazish, import qilish va sotish davom etavergan.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K.dan shu haqda soʻralganida, u Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash va farmavsevtika uchun maʼsul idoralarga JSST tashkilotidan bu borada rasmiy xat kelib tushmagani bildirdi. Bu shunchaki byurokratiya xatosimi yoki vaziyatga panja orasidan qarashmi, bunga odil sudlov baho beradi.
S.K.ning oʻrinibosari N.M. oʻz sobiq rahbariga “rahbar boʻlib tayinlanganingizdan beri, necha marta idorada koʻrinish berdingiz” deya savol berdi. Maʼlum boʻlishicha S.K.ga ham 2 ta masʼuliyatli rahbarlik lavozimi yuklatilgan. Shu bois u oʻrinbosarlariga suyanib qolgan, ular olib kirgan hamma hujjatlarga qaramasdan qoʻl qoʻyib beravergan. Hattoki bu zaharli siroplar yuzasidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish va roʻyxatga olish boʻyicha kengash yigʻilishlarida qatnashmagan holda, (chunki AQShda xizmat safarida boʻlgan) kengash majlisidan bir necha kun oʻtgach, uning xulosalarini imzolagna. S.K.ning aytishicha unga kuniga 20-30 talab muhim hujjatlar olib kirishgan. Ularni bittalab oʻrganib, tekshirib chiqish imkoniyati yoʻqligi bois, qoʻl qoʻyib beravergan.