189 ball toʻplab kontraktga “ilingan”lar taqdiri nima boʻladi?
Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar yoʻnalishida davlat granti uchun oʻtish bali 205,2 ballni tashkil etgan.

Soʻnggi kunlarning eng shov-shuvli muhokamasi bu mandat chiqqach, yuqori ball toʻplab ham kontraktga “ilingan”lar masalasi boʻldi. Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar yoʻnalishida davlat granti uchun oʻtish bali 205,2 ballni tashkil etgan. Natijada oʻz kuchi bilan, hech qanday imtiyozsiz 189 ball olgan bir necha abituriyent kontraktga kirgan. Aslida 189 ball toʻplagan abituriyent test sinovlaridagi barcha savollarga toʻgʻri javob berganidan dalolat. Lekin afsuski... Ushbu masalada biz masʼullarga murojaat qildik.
“Temurbeklar” maktabi bitiruvchilariga berilgan imtiyoz tufayli 189 ball olgan abituriyentlar kontraktga tushib qolgan. 189 ball toʻplaganlarning 3 nafari qiz bola ular faqat qiz bola boʻlgani uchungina kontraktda oʻqiydimi?
Majid KARIMOV, Bilim va malakani baholash agentligi direktori:
—189 eng maksimal ball. Bu ballni olgan abituriyent eʼtibordan chetda qolmaydi. Bu masalani davlat komissiyasi ham koʻradi. Agar 189 ball olib ham kontraktga kirsa, bu juda katta muammo. Oʻrganiladi va “Temurbeklar” maktabi ham alohida qoʻshimcha kvota parametrga kiritilar. Albatta davlat komissiyasi tomonidan tahlil qilinib, maʼlum chora-tadbirlar koʻriladi. Yuqori ball olib qizlarimiz qandaydir nohaqlikka uchradi, degani emas. Bu masalani davlat komissiyasiga taklif va tavsiya sifatida kiritamiz.
Avvalroq bu savolga “Bu masala hal qilish bizning vakolatimizda emas” deb javob bergan maʼsullarimiz keyin “ushbu masala tahlil qilinib, maʼlum chora-tadbirlar koʻrilishini” taʼkidlashdi. Shunday ekan, biz ushbu “chora-tadbirlar” natijasini alohida kuzatamiz va 189 ball toʻplab kontraktga “ilinganlar”ning taqdiri mavzusiga yana qaytamiz.
Shu oʻrinda yana bir mavzuga oid savol koʻpchilik talabalarni qiziqtirayotgani shubhasiz. Yaʼni kontrakt miqdori oshganda, stipendiya miqdori nega oʻzgarishsiz qoladi? Kontraktga yarasha stipendiya miqdori ham oshishi kerakmasmi?
Sherzod NEʼMATOV, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshligʻi:
— Oxirgi 3 yilda kontrakt miqdorlari oʻzgarishsiz saqlandi. Pandemiya munosabati bilan ijtimoiy himoya qilish maqsadida, toʻlovchanlik qobiliyati tushib ketganligi sababli oʻzgarmadi. Talabalarning stipendiyalari miqdorlari, pensiya, oylik ish haqi bir biriga differensial bogʻliq. Mavjud normalarga qarab Iqtisodiyot va moliya vazirligida koʻrib chiqiladi. Ijtimoiy himoya maqsadida turli xil universitetlarning individual oʻzi uchun yoki nomdor stipendiyalar joriy qilingan. Lekin barcha uchun umumiy xarakterga ega stipendiya miqdori davlat tomonidan bir yilda bir marta, aksariyat hollarda ikki marta oshirilib boriladi.
Fazilat Soib