Eng qadrsiz pul birliklari — TOP-10

Ular qatorida Oʻzbekiston milliy valyutasi soʻm ham bor.

Iqtisod
19-avgust 2023 yil
Eng qadrsiz pul birliklari — TOP-10

The nation online nashri dunyodagi eng qadrsiz valyutalar reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston milliy valyutasi soʻm ham bor.

Maʼlumki, kuchli valyuta deganda barqaror iqtisodiyot, past inflyatsiya va kichik foiz stavkalari koʻz oldimizga keladi. Zaif valyuta asosan iqtisodiy beqarorlik, yuqori inflyatsiya va baland foiz stavkalari bilan bogʻliq.

Mazkur valyutalarning zaifligi ular amalda boʻlgan mamlakatlar uchun bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu ularda tovar va xizmatlar importini qiyinlashtirishi, pirovardida, tovar tanqisligi va narxlarning oshishiga olib kelishi ehtimolga yaqin. Shuningdek, bu xorijiy investitsiyalarni jalb etishni qiyinlashtirishi, iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirishi mumkin.

Quyida ana shunday zaif valyutaga ega davlatlar oʻntaligi keltirilgan. Unda koʻrsatilgan qiymatlar maqola eʼlon qilingan vaqt uchun dolzarb va oʻzgarib turishi mumkin.

  • Faxrsiz oʻntalikning eng birinchi qatorida Eron riyoli (ISO (Xalqaro standartlashtirish tashkiloti) kodi: IRR) turibdi.

Eron riyoli dunyoda eng zaif valyutaga aylanishining asosiy sabablaridan biri – AQSh bilan siyosiy ziddiyat va Eron-Iroq urushiga borib taqaladi. 1979 yilgi Islom inqilobidan soʻng mamlakatdan katta miqdorda kapital chiqib ketishi natijasida Eron riyolining qadri tez tushdi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, inqilob paytida mamlakatdan 30-40 milliard dollarga yaqin pul chiqib ketgan.

2022 yilda politsiya boʻlimida yurak xurujiga uchrab, shifoxonada vafot etgan 22 yoshli eronlik ayol Mahsa Aminiyning oʻlimidan soʻng Eron politsiyasining shafqatsizligi xalqaro norozilikka sabab boʻldi va riyol qiymati tez surʼatda yana 29 foizga tushib ketdi.

Hozirda 1 AQSh dollari 42 250 riyolga teng.

  • Top oʻntalikdagi ikkinchi oʻrinda Vetnam dongi (VND) turibdi.

1976 yil iyul oyida Vetnam qayta birlashdi va 1978 yil may oyida yagona valyuta amalga kiritildi. Notoʻgʻri iqtisodiy siyosat tufayli 1986 yilda Vetnamda inflyatsiya 774% ga chiqdi. Shundan keyin Vetnam dongining qadri birmuncha barqarorlashdi. Ammo iqtisodiy zarba oqibatlari hamon oʻz taʼsirini yoʻqotgani yoʻq.

Maqola eʼlon qilingan paytda 1 AQSh dollari 23 945 dongga teng boʻlgan.

  • Keyingi eng zaif valyuta — Indoneziya rupiyasidir (IDR).

Rupiya — Indoneziyaning rasmiy pul birligi. Bu nom sanskritcha kumush- "rupyakam" soʻzidan olingan. 1946 yilning oktabridan 1950 yil martigacha xalqaro miqyosda tan olinmagan rupiya oʻz “hayoti”ning katta qismida yuqori inflyatsiyaga duchor boʻlgan, uning qadrini saqlab qolish uchun turli urinishlar qilingan boʻlsa-da, oxir-oqibat barchasi besamar ketdi.

1997 yildagi hamda 2007-2008 yillardagi Osiyo moliyaviy inqirozi, Buyuk turgʻunlik va Covid-19 pandemiyasi mazkur valyutaga qattiq zarba berdi va Indoneziya iqtisodiyoti nisbatan barqaror boʻlib qolgan esa-da, rupiya qadri pasayib ketdi.

1 AQSh dollari 15311,30 rupiyaga teng.

  • Toʻrtinchi oʻrindagi eng zaif valyuta Laos kipi(LAK) hisoblanadi.

Laos janubi-sharqiy Osiyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri boʻlib, kip 1955 yildan beri uning milliy pul birligi hisoblanadi. U Fransiyaning Hindi-xitoy piastri oʻrniga muomalaga kiritilgan edi.

1 AQSh dollari evaziga 19260 kip olish mumkin.

  • Roʻyxatning beshinchi qatoridan Serra-Leone davlatining milliy valyutasi – leone (SLL) joy olgan.

1964 yilda muomalaga kiritilgan ushbu valyuta juda qisqa muddatga – 1980 yillardagi kuchli qadrsizlanishidan oldin 1 AQSh dollaridan qimmatroq edi.

Serra-Leonedagi fuqarolar urushi davrida inflyatsiya avjiga chiqdi va hukumatning milliy valyutani barqarorlashtirish uchun koʻp marta urinishlariga qaramasdan, inflyatsiya hamon oʻsib bormoqda va hozir yiliga 37,8% ni tashkil etadi. 2022 yil iyul oyida yangi leone joriy etildi, shuningdek, eski nominaldagi leone ham muomalada qolmoqda.

Ayni kunlarda 1 AQSh dollari 17 750 leonega teng.

  • Eng zaif valyutalarning oltinchisi — Paragvay guarani pul birligi (PYG) desak boʻladi.

1943 yilda yaratilgan guarani Janubiy Amerikadagi eng zaif valyutalardan biri boʻlib qolmoqda. 2011 yilda valyutani devalvalsiya etish rejasi eʼlon qilindi, ammo u amalga oshirilmadi.

7266,78 Paragvay guarani 1 AQSh dollariga teng.

  • Yettinchi, “chiroyli” oʻrinda Oʻzbekiston soʻmi (UZS) turibdi.

“Soʻm” soʻzi, maqola muallifining bildirishicha, “sof” degan maʼnoni anglatadi. Aslida esa, manbalarda «soʻm» soʻzining etimologiyasi boʻyicha turlicha fikrlar tarqalib ketgan, kimdir uni turkiy tildan olingan boʻlib, dastlab pul solinadigan qopchaga nisbatan ishlatilgan desa, boshqasi esa uni toza, sof soʻzlari bilan bogʻlaydi. Lekin ushbu fikrlardan haqiqatga eng yaqini «soʻm» - arab tilidan kelib chiqqani boʻlib, «narx» maʼnosini ifodalaydi.

Oʻzbekistonda “dunyodagi eng qadrsiz tanga” – 1 tiyinlik mavjud boʻlib, uning qiymati AQSh dollarning yuzdan biri – sentning 1⁄9400 qismiga teng. Soʻm valyutasining eng katta nominal qiymati 100 000 soʻmni tashkil etadi. Garchi soʻm dunyodagi eng zaif valyutalardan biri hisoblansa-da, mamlakat oʻz iqtisodiyotiga yordam berish uchun bir nechta muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirdi.

Hozirda 1 AQSh dollari 12 075 soʻmga teng baholanmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, milliy valyutaning boshqa bir “qattiq” valyuta – aytaylik, AQSh dollariga nisbatan qiymati mamlakat iqtisodiyotining qanchalik rivojlanganini belgilay olmaydi. Itqisodiy taraqqiyot yalpi ichki mahsulot, inson farovonligi va rivojlanish indeksi kabi koʻrsatkichlar bilan belgilanadi. Valyuta qiymatidagi ortiqcha nollar koʻpayishi inflyatsiyaning kuchli ekanidan darak beradi xolos. Boshqa jihatdan esa kuchli iqtisodiyot hukmron mamlakatda inflyatsiya darajasi ham past boʻladi.

Oʻzbek iqtisodchi olimlaridan biri – iqtisodiyot fanlar doktori Bobur Aliyevning maʼlum qilishicha, bu maʼlumotga iqtisodiyotga katta, eng yomon salbiy holat sifatida baho berishdan tiyilishimiz kerak. Sababi bu soʻmning – milliy valyuta birligimizning xorijiy qattiq valyutaga, masalan, dollarga nisbatan kursi hisoblanyapti.Bu degani, yillar, uzoq yillar davomida shu milliy valyuta birligining devalvatsiyasi orqali jahondagi qattiq valyuta, yevro yoki AQSh dollariga nisbatan kursning ifodalanishidir. Bu muayyan maʼnoda toʻgʻri, inflyatsiyani ifodalaydi, lekin iqtisodiyotga bu orqali baho berib boʻlmaydi. Chunki, masalan, hozir biz milliy pul birligimizdagi, deylik denominatsiya orqali 100 soʻm, 1000 soʻmdan 3 ta yoki 4 ta nolni olib tashladik. Bu bilan Oʻzbekiston iqtisodiyoti ideal holatga yaqinlashib qoldi, deya olamizmi? Yoʻq! Bu nominal aks-sado xolos. Boshqacha qilib aytganda, valyutada denominatsiya oʻtkazib, yaʼni undan “ortiqcha” nollarni olib tashlash mumkin. Oʻshanda 1 Oʻzbekiston soʻmi 1 AQSh dollariga teng boʻlib qolishi mumkin. Bu esa Oʻzbekiston iqtisodiyotning birpasda kuchayib ketgani yoki inflyatsiyaning pasayib qolganini anglatmaydi.

Shu oʻrinda qayd etish joiz, Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi 2022 yilda 12,3 foizni tashkil etgan.

  • Sakkizinchi zaif valyuta deganda Burundi frankini nazarda tutish mumkin (BIF).

Frank 1916 yilda Burundi valyutasiga aylangan. 1960 yilda Burundi Belgiya Kongo valyutasidan foydalanar edi, lekin 1964 yilda oʻz franklarini chiqara boshladi. Burundi franki zaif valyuta boʻlib qolmoqda, chunki mamlakat oziq-ovqat ishlab chiqarish boʻyicha kuchli boʻlishiga qaramasdan, chetdan insonparvarlik yordamiga qaram boʻlib qolgan mamlakat hisoblanadi.

1 AQSh dollari 2,833 Burundi frankiga teng.

  • Eng zaif valyutalarning toʻqqizinchi oʻrnini esa Kongo franki (CDF) band qilgan.

Kongo franki — Kongo Demokratik Respublikasining pul birligidir. 1980-yillardan beri KDR iqtisodiyoti pasayib ketdi va bu Kongo franki qiymatining tez tushishiga olib keldi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini toʻxtatgan hodisalar — birinchi va ikkinchi Kongo urushlari hamda qurolli toʻqnashuvlar, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishdagi turgʻunlik hisoblanadi.

1 AQSh dollariga 2 468,50 Kongo frankini alishtirib olish mumkin.

  • Muallif talqinidagi eng zaif valyutalar reytingining oxirgi – oʻninchi oʻrnida Venesuela bolivari (VEF).

Bolivar 1879 yildan beri Venesuyelaning rasmiy pul birligi boʻlib, Lotin Amerikasi mustaqillik qahramoni Simon Bolivar sharafiga shunday nomlangan. Bir paytlar Bolivar 1964 yilda hukumat erkin ayirboshlash kursini qabul qilgunga qadar eng barqaror va qimmatli valyutalardan biri edi, bu esa mamlakat valyutasining tez qadrsizlanishiga olib keldi.

Valyuta qadrini saqlab qolishga boʻlgan koʻpgina urinishlarga qaramasdan, 2012 yilda bu valyuta giperinflyatsiyaga uchradi, 2018 yilda inflyatsiya 65 374% gacha koʻtarildi, ammo iqtisodiyot hali ham giperinflyatsiya holatida boʻlsa ham, 2023 yilda 400% ga tushdi.

1 AQSh dollari evaziga 3 164 299,91 bolivar olish mumkin.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+