Ulkan kreditlar, bank va soliq muammolari. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashdi
Aytilishicha, 2023 yil olti oyida tekshirishlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Unda tadbirkorlar muammolari, biznes, soliq va kredit kabi masalalar koʻtarildi.
Aytilishicha, 2023 yil olti oyida tekshirishlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.
Yaʼni, tadbirkorlar toʻgʻri ishlash “soyada ishlashdan” afzal ekanini tushunib yetmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari boʻyicha moliyaviy jarimalar qoʻllash bekor qilindi.
Umuman, oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga koʻpaydi, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga koʻpayib, 1,5 mingta boʻldi.
Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi.
Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi.
Kichik tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi.
Bunda, ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka oʻqitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish boʻyicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.
Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha boʻladi.
Hududlardagi kichik biznes markazlarida oʻqigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda, kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning oʻzi, qolgan 45 foizi uchun davlat koʻmagida resurs yoʻnaltiriladi.
Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablagʻlarning 150 million dollari boʻyicha kredit liniyalari 1 oktabrdan ochiladi.
Oʻz biznesini yoʻlga qoʻya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza boʻlgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.
Kichik biznes markazlari koʻmagida loyiha tashabbuskori va yirik davlat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalari oʻrnatiladi.
Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasidan 1 sentabrdan boshlab:
- yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi;
- sanoat korxonalariga 1 yil muddatgacha xorijiy valyutada 4 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada aylanma mablagʻ taqdim etiladi. Bunda, olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15 foizlik avans toʻlovlari ham jamgʻarma tomonidan kredit qilib beriladi;
- marketing, loyihalashtirish, xorijiy mutaxassis jalb qilish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismiga kompensatsiya toʻlanadi.
Prezident yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish masalasiga toʻxtaldi.
“Bir narsani toʻgʻri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlay olmaymiz.
Bizning “neftimiz” ham, “gazimiz” ham bu – siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xom ashyoddan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, - dedi davlatimiz rahbari.
Prezident shuningdek, sodda soliq maʼmurchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit yaratish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
1 oktabrdan boshlab, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qoʻllash amaliyoti, yaʼni “tax gap” bekor qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga murojaat bilan ham chiqdi. Soliqlardan qochib, oʻzining majburiyatlarini bajarmasdan kelayotgan qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlarga murosasiz boʻlish taʼkidlandi.