Poytaxt muammolari: Bektemirdagi aholiga yordam koʻrsatildi
“Gulbogʻ” mahallasining Obod, Turkiston, Nafosat, Ziyonur koʻchalarida sayilgoh, sport maydonchasi, vorkaut, bolalar maydonchalari barpo etish loyihalari ishlab chiqildi.

Prezident tashabbusiga asosan Oʻzbekistonning 14 ta hududida tanlab olingan mahallalarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda, ular ichida Toshkent shahri ham bor.
Ana shunday manzillar qatori Bektemir tumani “Gulbogʻ” mahallasida ham Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, sohaviy tashkilotlar vakillari, Toshkent shahri va Bektemir tumani sektor rahbarlari, aʼzolari, mahalladagi “beshlik”dan tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan xonadonbay yurib, aholi muammolarini oʻrganish va hal etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, kelib tushgan murojaatlar asosida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 12,8 km ichimlik suvi quvurlari tortildi, natijada 554 ta xonadon ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi.
Mahalladagi ichki yoʻllar holatini yaxshilash maqsadida bir kilometr yoʻllar asfalt qilindi. Mahalladagi 3,9 km gaz quvurlari yangilanib, 4 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi.
Elektr taʼminoti boʻyicha 17 ta eskirgan simyogʻochlar demontaj qilindi va 36 ta yangi oʻrnatildi, 1 ta transformator punkti taʼmirlandi.
Shuningdek, “Gulbogʻ” mahallasining Obod, Turkiston, Nafosat, Ziyonur koʻchalarida sayilgoh, sport maydonchasi, vorkaut, bolalar maydonchalari barpo etish loyihalari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, fuqarolarning sogʻliqni saqlash, moddiy yordam, bandlik, subsidiya, kredit, uy-joyni taʼmirlash va boshqa masalalar boʻyicha muammolari aniqlanib, hal etish choralari koʻrilmoqda.
Uyma-uy oʻrganishlar natijasida 13 nafar fuqaroga shifoxonalarda davolanish uchun bepul yoʻllanma berildi, 144 nafariga zarur dori-darmon, nogironlik aravachasi va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga turli yordamlar koʻrsatildi.
Mahallada aholi bandligini taʼminlash va oilalarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 22 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 15 nafar fuqaro oʻzini-oʻzi band qilindi hamda 9 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitildi, 3 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun subsidiya asosida maishiy texnika olib berildi.
Ogʻir turmush sharoitida yashovchi 48 nafar fuqarolarning xonadonlarida taʼmirlash ishlari belgilanib, hozirda 24 ta xonadonda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.