platina.uz
Jamiyat

Toshkentda tirbandlikni kamaytirishning yangi yoʻli maʼlum qilindi

Toshkent shahri rivojlangani sari aholi soni ham, ularning faolligi ham oshib bormoqda.

Toshkentda tirbandlikni kamaytirishning yangi yoʻli maʼlum qilindi

Toshkentda shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Maqsad – odamlar shaxsiy avtomobilini shu yerda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan 16 avgust kuni transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimotida maʼlum qilindi.

Transport infratuzilmasi kengligi va qulayligi mamlakat rivojini koʻrsatuvchi, unga qoʻshimcha impuls beruvchi muhim omil. Yurtimizda bu sohada koʻplab loyihalar amalga oshirilib, avtomobil, aviatsiya, temir yoʻl, metropoliten kabi barcha tarmoqlarda yangi obʼektlar ishga tushirildi.

Shunday loyihalardan yana biri – «Toshkent-Sharqiy» aeroportining yangilanishi. Davlatimiz rahbari oʻtgan oyda uning qurilishini borib koʻrgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida majmua bosh rejasi samaradorlik jihatidan takomillashtirildi. Xususan, aeroport hududi 130 gektarga qisqartiriladi. Buning evaziga uni saqlab turish xarajatlari ham kamayadi.

Hozirda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi qurib boʻlingan. Bu yerda 2 ta – yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya terminali boʻladi. 25 ta samolyot uchun turargoh, angarlar, maʼmuriyat va xizmat koʻrsatish binolari barpo etiladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qoʻnishni taʼminlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.

Toshkent shahri rivojlangani sari aholi soni ham, ularning faolligi ham oshib bormoqda. Buni shaxsiy avtomobillar koʻpayib borayotganida ham koʻrish mumkin. Lekin, shu bilan birga, shahar koʻchalarida tirbandlik ham ortmoqda.

Maʼlumki, bu muammoni hal etishning yoʻli – jamoat transportini rivojlantirish, unda yurishni avtomobil haydashdan koʻra qulay qilish. Shu maqsadda, Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, Toshkent shahriga yangi avtobus va elektrobuslar olib kelindi. Yoʻlovchi tashish quvvati oshib, jamoat transportining oraliq vaqti qisqardi.

Shuningdek, taqdimot davomida mamlakatimizda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, poytaxtimizda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integratsiya qilish choralari koʻrilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya tarmogʻida jami quvvati 13 ming 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, isteʼmolni aqlli boshqarish boʻyicha ish olib borilmoqda.

Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish koʻrsatkichlari va rejalari toʻgʻrisida ham axborot berildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid