platina.uz
Jamiyat

65 nafar bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan kompaniya masʼullarga 33 ming dollar pora bergani aytilmoqda

Eslatib oʻtamiz, oʻlim holatlari boʻyicha 21 kishi, 20 oʻzbekistonlik va bir hindistonlik mahkamaga tortildi.

65 nafar bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan kompaniya masʼullarga 33 ming dollar pora bergani aytilmoqda

Oʻzbekistonda 65 bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan yoʻtal siropini ishlab chiqaruvchilar mahalliy amaldorlarga majburiy tekshiruvdan oʻtmaslik evaziga 33 ming dollar pora bergani aytilmoqda. Bu haqda 16 avgust, chorshanba kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan sud jarayonida maʼlum qilingan.

Eslatib oʻtamiz, oʻlim holatlari boʻyicha 21 kishi, 20 oʻzbekistonlik va bir hindistonlik mahkamaga tortildi va birinchi marta qurbonlar soni avval xabar qilinganidan ancha koʻpligini oshkor boʻldi.

Sudlanuvchilarning uch nafari (bir Hindiston va ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi) Hindistonning Marion Biontech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini Oʻzbekistonda sotgan Quramax Medical shirkati rahbarlaridir.

Davlat ayblovchisi Saidkarim Oqilovning soʻzlariga koʻra, Quramax bosh direktori Singx Ragvendra Pratar dori vositalarini ekspertiza va standartlashtirish davlat markazi mansabdor shaxslariga oʻz mahsulotlarini majburiy sinovdan oʻtkazmaslik uchun 33 ming dollar toʻlagan.

Prokurorning bayonotida pora berish Oʻzbekistonda yoki Hindistonda boʻlganmi, aniq emas.

Sudga kelgan Prathar ayblovlarni rad etdi, biroq bu summani “minnatdorchilik belgisi” sifatida vositachi orqali mansabdor shaxslarga berganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, keyinchalik pullar qanday va kim tomonidan ishlatilgani haqida hech qanday tasavvurga ega emas.

21 sudlanuvchidan 7 nafari oʻzlariga qoʻyilgan ayblovlarning kamida bir qismi, jumladan soliq toʻlashdan boʻyin tovlash, sifatsiz yoki qalbaki dori-darmonlarni sotish, notoʻgʻri foydalanish, ehtiyotsizlik, qalbakilashtirish va poraxoʻrlik boʻyicha ayblarini tan oldi.

Shuningdek, Quramax Medical kompaniyasiga soliqlardan boʻyin tovlash ayblovi qoʻyilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 2022 yil dekabrida Gambiyada 66 bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtal siropi qabul qilinishi ortidan vafot etgandi.

Oʻzbekistonda ham oʻtgan yili oxirida yigirmadan ziyod bola “Ambronol” va “DOK-1 Maks” siroplari isteʼmolidan soʻng vafot etgani aytilgandi. Keyinchalik “Dok-1 Maks” dori vositasidan 65 nafar yosh bola vafot etgani maʼlum qilindi. DXX 2022 yil dekabrda holat yuzasidan jinoiy ish ochgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid