“Oʻzkimyosanoat” tizimida 14,8 mlrd.soʻm talon-toroj qilingani maʼlum boʻldi
Mazkur holatlar boʻyicha 23 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2023 yilning 1-yarim yilligida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida aniqlangan korrupsion harakatlar, korxona mablagʻlarining talon-taroj qilinishi oqibatida tizimga jami 14,8 mlrd.soʻmlik zarar yetkazilganligi qayd etildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati eʼlon qilgan hisobotda aytiladi.
Shuningdek, oʻtgan hisobot davrida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida yetkazilgan jami zararning 9,6 mlrd.soʻmdan koʻprogʻi undirilishi taʼminlandi.
Hisobot davrida jamiyat va tarmoq korxonalaridagi korrupsion jinoyatlar, noqonuniy oʻzlashtirish, rastrata, oʻgʻirlik, kamomad, qoʻshib yozish va boshqa qonunbuzilishlar boʻyicha jami 54 ta holat aniqlandi va ular boʻyicha tegishli tartibda xizmat tekshiruvlari oʻtkazildi.
Yuqoridagi qoidabuzarliklar boʻyicha 23 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 57 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 120 nafar masʼul xodimlarga turli intizomiy jazolar qoʻllanildi, deyiladi xabarda.
Jamiyat va tarmoq korxonalarida sohaga oid qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va oʻrta boʻlgan 8734 nafar xodimlar manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni toʻldirishgan.
Ushbu deklaratsiyalar tahlil qilinganda, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 85 ta masʼul xodimlarda real manfaatlar toʻqnashuvi holati, 122 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi aniqlangan.
