platina.uz

“Ummon” guruhi sobiq xonandasi Zohidga sud hukmi oʻqildi

Oliy sud matbuot xizmati tafsilotlarni ochiqladi. 

Jamiyat
11-avgust 2023 yil
“Ummon” guruhi sobiq xonandasi Zohidga sud hukmi oʻqildi

“Ummon” guruhining sobiq xonandasi Zohid Risqiyevga sud hukmi oʻqildi. Oliy sud matbuot xizmati tafsilotlarni ochiqladi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining ochiq sud majlisida Z. Risqiyevga (1990 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, “Ummon” guruhining sobiq xonandasi, muqaddam sudlanmagan) oid jinoyat ishi koʻrib chiqilgan.

Sud Z. Riskiyevga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, shu bilan birgalikda Jinoyat kodeksining 7, 8-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan odillik va insonparvarlik tamoyillari hamda Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida»gi Qarori talablaridan kelib chiqdi.

Shuningdek, Z. Riskiyevga jazo tayinlashda, uning aybiga iqror boʻlib, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning daʼvosi yoʻqligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻrab bergan fikrini, sudlanuvchining sogʻligʻi ogʻir ahvolda ekanligini inobatga olib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi sanksiyasida nazarda tutilgan muayyan huquqdan, yaʼni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, shu bilan birgalikda tayinlanayotgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtamasdan turib ham uni xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan fikrga kelib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini qoʻllab, tayinlanayotgan jazoni shartli deb hisoblab, sinov muddati belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblandi.

Shu tariqa jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 2023 yil 9 avgustdagi hukmiga koʻra Z. Riskiyev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Z. Riskiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli hukm qilish) qoʻllab va tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Bundan tashqari, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, Zohid Risqiyev 2022 yil 29 sentabrda avtohalokatga uchragan, u boshqargan avtomobil yoʻlovchisi vafot etgandi. Xonandaning oʻzi bir necha oy komada yotdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+