Oʻzbekistonda pensioner boʻlish yomonmi?
Pensiya insoniyat madaniylashuvi va ijtimoiylashuvining belgilaridan biri hisoblanadi.

Inson bir umr ishlab oʻzini boqa olmaydi. Qariydi, kuchdan qoladi, oʻzini-oʻzi eplolmaydigan darajaga yetib qoladi. Shu paytda yonida tirgak boʻladigan farzandi-yu yaqinlari boʻlsa - xoʻp xoʻp, lekin hech kimga suyana olmasachi? Qarilikda ishlatishi uchun pul jamgʻarib, sharoit qila olmagan boʻlsachi? Shunday paytda baʼzilar uchun nafaqa puli - pensiya uning joniga oro kiruvchi yagona moliyaviy manba boʻlib qoladi.
Pensiya insoniyat madaniylashuvi va ijtimoiylashuvining belgilaridan biri hisoblanadi. Faqat kuchlilar, hokimiyat va boylik egalari omon qolgan, zaiflar va ojizlar esa yoʻq boʻlishga mahkum boʻlgan shafqatsiz davrlarni madaniylashgan, insoniylik xislatlari jamiyatga qoidalariga huquqiy meʼyor sifatida kiritilgan davrdan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri hisoblanadi.
Lugʻat va ilmiy qomuslarda pensiyaga berilgan taʼrifga koʻra, pensiya deb (lotincha pension — “toʻlov”) — pensiya yoshiga yetgan, nogironligi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan yoki uzoq muddatli kasbiy faoliyati munosabati bilan shaxsga jismoniy va maʼnaviy jihatdan toʻlaqonli yashash imkonini beradigan muntazam naqd pul toʻlovlariga aytiladi.
Tarixga nazar
Pensiyalar, aniqrogʻi, vafot etguniga qadar umrbod moliyaviy taʼminot tarixi zamonlarga borib taqaladi. Birinchi marta davlat darajasida harbiy pensiyalar Rim imperiyasida Gay Yuliy Sezar tomonidan joriy etilgan. Tarixchilarning taʼkidlashicha, u dunyodagi birinchi pensiyalarni oʻzining keksa harbiy legionerlariga oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlagan. Dastavval pensiya tayinlash mukofot yoki imtiyoz xarakteriga ega boʻlib, pensiya oluvchi shaxsning, asosan harbiylarning xizmatlari uchun alohida dispozitsiya bilan belgilanishi tushunilgan. Buni pensiyadan koʻra, harbiylarga nafaqa toʻlovlari, deb atash toʻgʻriroq boʻladi.
Insoniyat tarixida yoshga doir ilk pensiya, yaʼni keksalar uchun nafaqa(pensiya) berish birinchi boʻlib VII asrda ikkinchi xalifa - Umar ibn Al-Xattob tomonidan joriy qilingan.
Aytishlaricha, Umar ibn Al-Xattob koʻchada bir keksa yahudiyning xarob ahvolda sadaqa soʻrab oʻtirganini koʻrib qoladi. Atrofdagilardan surishtirib, uni parvarish qilib, boqa oladigan hech kimi yoʻqligini bilib oladi. Keyin yordamchilariga yuzlanib, “bu keksa odam yosh va kuchi borligida mehnat qildi, jizya (soliq) toʻlab, davlatga hissa qoʻshdi. Endi qarib, kuchdan qolganida xor boʻlishi yaxshi emas” deb, qariyaga to umri oxirigacha davlat xazinasidan muntazam oylik nafaqa berib turishlari haqida topshiriq beradi. Xalifa Umar, shuningdek, zakotlardan yigʻilgan pullardan kambagʻallar, yetimlar, bevalar va nogironlarga muntazam nafaqa berish turishni davlat darajasida joriy qilgan insoniyat tarixidagi ilk hukmron hisoblanadi.
Birinchi marta "pensiya" soʻzi XV asrning ikkinchi yarmida Lyudovik XI hukmronligi davrida Parij Hisob palatasining hujjatlarida paydo boʻlgan va har yili davlat xazinasidan Angliya qiroli Edvard IV ning Vilyam Xastings va boshqa taniqli ingliz amaldorlariga oʻtkazib turiladigan toʻlovlarni anglatgan. Boshqacha qilib aytganda, bular ilk marta “pensiya” deb atalgan boʻlsada, aslida xorij amaldorlari uchun tayinlangan pora boʻlgan.
XV asr oxirlariga kelib, Yevropada pensiyaga oʻxshash toʻlovlar paydo boʻla boshladi. Lekin ular ham Rim imperiyasi davridagi kabi asosan isteʼfoga chiqqan harbiy xizmatchilar uchun, yoki boʻlmasa qirol yoki qirolicha mehri tushgan alohida odamlarga davlat yoki monarx oldidagi qaysidir xizmatlari uchun toʻlovlar boʻlgan xolos.
Davlat hokimiyati tizimining rivojlanishi va takomillashuvi bilan pensiyaning maqsadi ham oʻzgardi, pensiya faqat hukmron tanlagan va aynan biror tabaqa yoki soha odamlari uchun tayinlanadigan nafaqadan, asta-sekin aniq ijtimoiy xususiyat kasb etadigan fenomenga aylandi.
Hozirgi tushunchamizdagi pensiya Yevropada ilk marta 100 yilcha avval – 1889 yilda Germaniyada “temir kansler” Otto fon Bismark davrida joriy etilgan. Avvalgilaridan farqli oʻlaroq, mazkur pensiya tizimi ommaviylik va universallik xususiyatiga ega edi. Qonunda belgilanganidek, «yoshi keksaligi bois ishlay olmaydigan» odamlar 70 yoshdan keyin davlat tomonidan pensiya olish huquqiga ega boʻlishgan.
1916 yilda Birinchi jahon urushi qiyinchiliklariga qaramasdan Germaniyada pensiyaga chiqish yoshi 65 etib belgilangan va deyarli 100 yil shu tartib amal qilgan.
Germaniya ortidan 1891 yilda Daniya, 1898 yilda Yangi Zelandiya, 1908 yilda Buyuk Britaniya, 1910 yilda Fransiya pensiya tizimini shakllantirgan. Bu mamlakatlarda pensiya miqdori sugʻurta toʻlovlari va va sugʻurta qilingan ishchilarning tegishli toʻlovlari asosida shakllangan. Ishchilarni keksalik pensiyasi, nogironlik va boquvchisini yoʻqotishdan sugʻurta qilish majburiy etib belgilab qoʻyilgan.
AQShda 1927 yildan boshlab muhtojlarga pensiya berish tizimi joriy etilgan. 1934 yilga kelib bu tizim 28 ta shtatda amalga tatbiq etilgan. 1935 yilda AQShda pensiya sugʻurtasi federal tizimi joriy qilingan. Shu yili “Majburiy pensiya sugʻurtasi haqida”gi federal qonun qabul qilingan. 1940 yildan boshlab ommaviy ravishda pensiyalar toʻlab boshlangan.
Sobiq SSSR davrida esa 1930 yilda «Pensiya va ijtimoiy sugʻurtalash boʻyicha toʻlovlar haqidagi Nizom” qabul qilingan. 1932 yilda bu yerda keksalik pensiyasiga chiqish ayollar uchun 55 yosh, erkaklar uchun 60 yosh etib belgilangan. Sovet Ittifoqida pensiya toʻlovlari amalda 1956 yilda– “Davlat pensiyalari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganidan soʻng keng joriy etilgan.
Mustaqil Oʻzbekistonda pensiya tizimi tegishli qonunchilik hujjatlari, asosan, 1993 yil 3 sentabrdagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq tartibga solinadi.
Oʻzbekistonda pensiyaning uchta turi mavjud. Bular - yoshga doir pensiya, nogironlik pensiyasi, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi. Yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga toʻlganda va ish stajlari kamida 25 yil boʻlgan taqdirda, ayollar esa 55 yoshga toʻlganda va i stajlari kamida 20 yil boʻlgan taqdirda ega boʻlishadi. Nogironlik pensiyalari belgilangan tartibda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan I va II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga tayinlanadi. Shaxs vafot etsa uning qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga ega boʻladi.
Pensiya berilmaydigan davlatlar
Hozirgi davrga kelib ham, fuqarolari umuman pensiya olmaydigan davlatlar mavjud. Joriy yil holatiga Tailand, Hindiston, Niger, Keniya, Surinam, Nigeriya, Tanzaniya, Gonduras, Iroq, Filippin, Vetnam, Pakistan, Xitoyda yoshda oid pensiya koʻzda tutilmagan. Yoki alohida xizmatlari uchun faqat ayrim soha vakillari yoki davlat ishida xizmat qilgan shaxslarga davlat tomonidan pensiya tayinlanadi. Ayrim davlatlarda esa fuqarolarning oʻzlari jamgʻarib boriladigan byudjetdan tashqari pensiya fondlari yoki xususiy pensiya fondlariga pul oʻtkazib turish orqali keksalikka tayyorgarlik koʻrishadi. Masalan, Xitoyni olib qarasak, kuchli iqtisodiyotga ega davlat ekaniga qaramasdan, qishloq va kichik aholi punktlarida yashaydigan keksalar davlatdan pensiya olish olish huquqiga ega emas. Faqat katta shaharlardagi yirik sanoat korxonalarida ishlagan fuqarolar pensiyadan umid qilishlari mumkin.
Qayerda qancha olishadi?
Har bir davlatda keksalarning qancha miqdorda pensiya olishlari mavjud siyosiy tuzum irodasi, mamlakatdagi ijtimoiy himoya darajasi hamda, eng avvalo, iqtisodiy taraqqiyoti darajasiga bogʻliq ravishda shakllangan. 2023 yilda eng baland pensiya neftga boy Quvaytda toʻlanmoqda. Bu yerda pensionerlar har oyda oʻrtacha 3004 dollar olishadi. Asosiy boyligi neft boʻlgan yana bir davlat - Birlashgan Arab Amirliklarida pensiya 2776 dollarni tashkil etadi. Pensiya miqdori boʻyicha reyting choʻqqisini asosan ijtimoiy himoyaga katta eʼtibor beradigan Shimoliy Yevropa davlatlari – Daniya (2400 AQSh dollari), Norvegiya (2512), Shveysariya (2132) egallagan. Iqtisodiyoti ulardan qudratliroq boʻlgan Yaponiya va AQSh mos ravishda 1700 hamda 1503 dollarlik koʻrsatkich bilan ulardan keyin turadi. Roʻyxat oxiridan esa sobiq sovet davlatlari – Qozogʻiston (219), Ozarbayjon (218), Rossiya (205), Belorussiya (178), Oʻzbekiston (100), Qirgʻiziston (69) va Tojikiston (30) joy olgan.
Pensiya miqdorini belgilash mezoni mamlakat YaIMsining jon boshiga ulushi bilan, yoki oʻrtacha maosh bilan bogʻlangan jihatlari ham boʻladi. AQSh va Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlarda pensiya oʻrtacha oylik maoshning 50-60 foizini tashkil etadi. Rivojlanayotgan davlatlarda esa 40 foiz yoki undan past boʻlishi mumkin.
Pensiya yoshini oʻzgartirishning ijobiy va salbiy oqibatlari
Fuqarolarning pensiya miqdori davlatning ijtimoiy himoya va iqtisodiy rivojlanish darajasiga bogʻliq boʻlsa, pensiya yoshi avvalo demografik-iqtisodiy omillar bilan bogʻliq. Masalan, tugʻilish koeffitsenti 2,11 dan past boʻlsa, buning ustiga yashash sharoitlari, kesalar uchun ijtimoiy himoya va tibbiy xizmat rivojlangan boʻlsa, bunday millatda keksalar, yaʼni pensiya oladiganlar soni koʻpayib, ularni taʼminlovchi va ishlaydigan yoshlar kamayib ketadi. Natijada pensiya yoshini koʻtarishga majbur boʻlishadi. Odatda ayollar uchun 55, erkaklar uchun 60 yosh belgilanadi. Masalan, Oʻzbekistonda shunday. Lekin oila instituti kuchsizlangan, aksariyat juftliklar oʻz rohatini oʻylab “chayldfri”, yaʼni bolasiz oila shaklini tanlagan yoki “oz boʻlsa ham soz boʻlsin”, yaʼni kamroq bola koʻrib, asosiy eʼtibor, vaqt va moliyaviy resurslarni ular uchun yetarli qilib qoʻyishni tanlagan oilalarda bolalar kam tugʻilayotgan, biroq iqtisodiyoti rivojlangan jamiyatlarda bu yosh chegarasi odatda koʻtarib qoʻyilgan. Masalan, AQSh va Ispaniyada bu chegara 66 yoshdan baland. Pensiya miqdori baland boʻlgan yana boshqa davlatlar – Norvegiya, Italiya, Chexiya, Islandiya, Daniya, Isroil va Shvetsiyada nafaqaga chiqish yoshi 67 etib belgilangan. Qolgan rivojlangan Yevropa davlatlarida ham bu chegara 64-65 yoshdan iborat.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldaviya, Armaniston, Tojikiston va Belorussiyada 63 yoshda pensiyaga chiqishadi. Ozarbayjon va Gruziyada 65, Turkmanistonda 62, Rossiyada esa 2028 yildan boshlab ayollarning 60 yoshda, erkaklarning 65 yoshda pensiyaga chiqishi qonun bilan mustahkamlab qoʻyilgan.
Pensiya yoshining koʻtarilishi mamlakat byudjetiga bosimni kamaytirishidan tashqari boshqa ijobiy oqibatlarga ham ega. Masalan, ayniqsa demografik muammoga uchragan, biroq rivojlangan davlatlar uchun xorijiy ishchi kuchlariga qaramlikni zaiflashtiradi. Shuningdek, mehnat bozorida ishga layoqatli hamda tajribali mutaxassislar sonini oshiradi. Shu bilan birga, pensiya yoshining oshirilishi YaIMni yiliga 0,35 foizga oshirishi ilmiy tadqiqotlar natijasida tasdiqlangan.
Pensiya yoshini koʻtarishning salbiy oqibatlari esa avvalo keksa va tajribali mutaxassislarning oʻz oʻrnini yoshlarga “boʻshatib berish” jarayoni ortga surilishi natijasida ishsizlik foizining ortishida kuzatiladi. Ish tajribasi kam, demakki raqobatbardosh boʻlmagan yoshlarning kadr rotatsiyasi va karera qilishlarini yomonlashtiradi. Mehnat bozorida ishchilar taklifining koʻpayishi natijasida esa, bozor iqtisodiyoti qonunlariga muvofiq, maoshlar oʻsishi toʻxtaydi yoki kamayadi. Qolaversa, ishlayotgan pensionerlarning oʻzlari ham bu omildan moliyaviy zarar koʻrishadi: pensiya yoʻqotilishi natijasida ularning daromadlari pasayadi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, Oʻzbekistonda qonun bilan belgilangan pensiya yoshiga yetgan, ammo ishlashda davom etayotgan keksalar ham pensiya, ham maoshlarini cheklovsiz olishadi.
Pensiya yoshining koʻtarilishi ish joylaridagi muhitda yoshlarga xos gʻayrat, jonkuyarlik, bardoshlilik, ijodkorlik, kreativlik va tavakkalchilik kabi xislatlarning kamayishi va yoʻqolishiga olib keladi. Eskicha mehnat usullari, eski qolipda ish yuritish surʼati saqlanib qoladi, yangi gʻoya va texnologiyalarning paydo boʻlishi va amalga tatbiq etish holatlari kamayib ketadi. Ish samaradorligi va yangi zamonga moslashuvchanlik xislati zaiflashadi. Jamoadagi yoshlarda kelajakka umid va ishga jonkuyarlikni pasaytiradi, kayfiyatini tushiradi. Keksalarga xos konservatizm ustuvorlik kasb etadi.
Qolaversa, pensiya yoshining koʻtarilishi ish muhitiga “yangi qon quyilishini” toʻxtatadi. Korrupsiya, poraxoʻrlik, byurokratiya, nepotizm, tanish bilish va urugʻ-aymoqchilikning kuchayishiga olib keladi. Keksa kadrlar jamoa uchun oʻz lavozimi va maoshini qurbon qilishdan qoʻrqadi. Tepadan berilayotgan buyruqlarga tanqidiy nuqtai-nazar bilan qaramaydi. Vaziyatni yaxshi tomonga oʻzgartirish haqida bosh qotirmaydi. Barcha buyruqlarni soʻzsiz bajarishga moyil boʻladi.
Buning ustiga, 30-40 yil ishlab charchagan, sogʻligʻi va qiziqishlarini yoʻqotgan odamlarning hammasi ham oʻlgunicha mehnat qilishni istamaydi. Ular ham oʻz mehnati samarasini koʻrib, hordiq chiqarishni, keksalik gashtini surishni, “oʻrigidan danagi shirin”, deganlaridek, nabiralarini oʻynatib, ular bilan oʻz donishmandliklarini boʻlashib, tarbiyasiga hissa qoʻshgisi keladi. Yoshligida borgisi va koʻrgisi kelgan, ammo ish bilan boʻlib vaqt topa olmagan turli mamlakatlarni ziyorat qilib, tomosha qilgisi keladi.
Albatta bu salbiy jihatlar har doim va hamma joyda albatta yuz beradi, deb aytish qiyin. Biroq ularning yuzaga kelish ehtimoli juda katta va bunga real hayotdan koʻplab misollar topish mumkin.
Oʻzbekistondagi vaziyat
Bir qarashda, Oʻzbekistonda pensionerlarning nisbatan kam pensiya olishlarini inobatga olmaganda, vaziyat risoladagidek koʻrinadi. Darhaqiqat, bizda keksalar uchun Gʻarb mamlakatlari, hatto ayrim Osiyo davlatlariga qaraganda ham maʼnan qulayroq muhit shakllangan. Gʻarbda va nomusulmon Osiyo davlatlarida odam keksarganida chetga chiqib qoladi. Hech kim uni mensimaydi, hurmatini joyiga qoʻymaydi. Hatto farzandlari ham unga quloq solmaydi. Shu bois ularda odamlar keksayishdan va nafaqaga chiqishdan qoʻrqishadi. Chunki ish joyida sen kimdir boʻlasan, kimlardir sening xizmating va maslahatingga muhtoj boʻladi. Ammo pensiyaga chiqqach, sen hech kimsan. Hatto ijtimoiy himoya va tibbiy xizmat sifati oʻta yuqori davlatlarda ham chol va kampirlar keksalik gashtini toʻla surishmaydi. Ruhiy kemtiklikni his qilishadi. Psixologik qoʻllab-quvvatlash va eʼtiborga muhtojlik sezishadi. Shu bois Gʻarb davlatlarida oʻz joniga qasd qilish va evtanaziya (ogʻir yoki surunkali bemorlarning oʻz ixtiyori bilan oʻlimni tanlashi) holatlari keng tarqalgan.
Madaniylashuv va taraqqiyotdan orqada qolgan yovvoyi qabila va jamiyatlarda ham hayotiy pragmatiklik va hayvoniy instinktlarga tayangan holda keksalardan qutulishga harakat qilishadi. Xastalanib, qabilaga foydasi tegmay qolgan keksalarni uzoq oʻrmonlarga adashtirib kelishadi. Qabila aʼzolari boshqa joyga koʻchsa, “keksalar tez yurishimizga xalaqit berib, yoʻldan qoldiradi”, yoki “ishlamasdan yeb yotib, bizga dardisar boʻlishadi” deb, keksalarini eski joylariga tashlab ketishadi. Ham “dardisar va tekinxoʻr”dan qutulishadi, ham qabila oziq-ovqat dasturini bajarishadi. Qolaversa ular keksalarni yeyish, ulardagi aql va tajribani goʻshti bilan birga oʻzlashtiradi, deb eʼtiqod qilishadi.
Biroq Osiyo va musulmon davlatlarida keksaygan sari hurmating oshib boradi. Yoshligingda gʻirt bekorchi va befoyda odam boʻlsang ham, keksayganda seni hurmat qilishadi, eʼzozlab uy toʻridan joy boʻshatishadi, yordam berishga shoshilishadi. Agar yoshligingda hurmatli va odamlarga foyda keltirgan kasb egasi boʻlsang, sendan tajriba oʻrganishadi, hayotiy va professional muammolar yuzasidan maslahat soʻrashadi, oʻzaro nizoli vaziyatlarda hakam qilib tanlashadi, hatto jamoa rahbari, oqsoqoli etib koʻtarishadi. Islom dini va milliy anʼanalarning talablari shunday muhit paydo boʻlishiga olib kelgan albatta. Keksalarni shu yoshga yetib kelganlari uchun ham hurmat qilish kerak, degan naql bekorga paydo boʻlmagan. Qolaversa, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulugʻligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qoʻyadi” degan. (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda boʻlmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yoki Qurʼoni Karimda “Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «Uff», dema, ularga zajr qilma va ularga karamli soʻz ayt!” deya buyurilgan (Isro surasi, 23-oyat)
Bundan koʻrinadiki, bizning xalqlarda Islom taʼsirida tabiiy ravishda keksalarning hurmati joyiga qoʻyilgan. Ularga farzandlari, qoʻshnilari va qarindoshlari tomonidan izzat-ikrom koʻrsatilgan. Qolaversa, oʻzbekchiilkdagi “bu qaytar dunyo” degan aqida ham keksalarni hurmat qilishga undaydi. “Keksalarni hurmatlasam, men keksayganimda ham hurmat koʻraman” degan tamoyil doim yodda turadi.
Bu kabi hurmat-izzat albatta xalq tomonidan koʻrsatiladi. Davlatimiz ham pensionerlarning ehtiyojlarini inobatga olishga harkat qiladi. Pensiyalar miqdori har yili 2 marta boshqa turdagi nafaqalar va ish haqi bilan birga oshirib borilmoqda. Pensiya pullarini istalgan shaklda - naqd yoki bank kartasi orqali olish qulayligi yaratilgan. Bank kartasida pensiya oladiganlarning bank oʻtkazmalari uchun olib qolinadigan 1 foizlik toʻlov ham davlat byudjetidan kompensatsiya qilib beriladi.
Shu paytgacha Oʻzbeksitonda faqat ikkita muammo koʻzga tashlanar edi. Pensiyalarni oʻz vaqtida bermaslik bilan bogʻliq muammo uzoq yillar avval ijobiy hal qilindi. Bu borada pensionerlarda deyarli shikoyat yoʻq.
Ikkinchi masala esa esa pensiya yoshini oshirish muammosidir. Bu masala, yuqorida zikr etilganidek, salbiy va ijobiy oqibatlarga olib keladi. Garchi xalqaro moliya tashkilotlari, jumladan, Xalqaro bank tomonidan Oʻzbekistonda pensiya yoshini 65 yoshga koʻtarish tavsiya etilgan boʻlsada va Oʻzbekiston Pensiya jamgʻarmasi bu masala kun tartibida emasligini maʼlum qilishgan.
Faqat yoshlar oʻrtasida ish oʻrinlari bilan bogʻliq, yuqorida zikr etilgan muammolar boʻyicha eʼtirozlar bor xolos. Qolaversa, tejamkorlik tarafdori boʻlgan ayrim iqtisodchilarning aytishicha, pensionerlarga ham pensiya, ham maoshni toʻliq olish imkoniyati yaratilgani byudjetga ortiqcha yuk boʻlmoqda. Pensionerlarning oʻz ish oʻrinlarini yoshlarga boʻshatib bermaslikka moyilligini oshirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda ayni paytda pensiya taʼminoti bilan bogʻliq vaziyatni qoniqarli, deb baholash mumkin. Bu borada sezilarli samara bergan islohotlar oʻtkazildi. Ayni paytda bu islohotlarning ortga qaytmasligini taʼminlash dolzarb xolos. Shuningdek, pensiya sugʻurtasi va xususiy pensiya fondlarini shakllantirish uchun qonuniy muhit yaratish hamda pensiyalarni indeksatsiyalash va miqdorini oshirishga qaratilgan amaliy choralarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq boʻlardi.
Abulfayz Sayidasqarov