platina.uz
Jamiyat

Navoiy va Fargʻonadagi jiddiy muammolar oʻrganildi

Joylarda aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator masalalar saqlanib qolmoqda. 

Navoiy va Fargʻonadagi jiddiy muammolar oʻrganildi

Respublika ishchi guruhi hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni oʻrganish, aholi muammolarini hal etish boʻyicha oʻz faoliyatini Navoiy va Fargʻona viloyatlarida olib bormoqda.

Uyma-uy yurib oʻrganishlar natijalari joylarda aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator muammolar saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda. Xususan, aholi zich yashaydigan hududlardagi koʻp qavatli uy-joylarning kommunal sohasi, elektr taʼminoti, ichki yoʻllar, ijtimoiy soha obʼektlari holati kabi masalalar bilan bogʻliq muammolar.

Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Navoiy viloyatida Respublika ishchi guruhi masʼullari tashabbusi bilan ichki yoʻllarning 20,7 km yoʻl taʼmirlandi. Shundan, 10,3 km yoʻl shagʻallashtirildi, 10,4 km yoʻlga asfalt yotqizildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 274 ta temir beton tayanchlar, 12 ta transformator oʻrnatildi, 14,2 km yangi tarmoq tortildi. Aholi murojaatidan kelib chiqqan holda qoʻshimcha 195,5 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 15,7 km yangi tarmoq tortildi, 1 ta suv inshootini taʼmirlash, 1 ta suv yigʻish rezervuarini oʻrnatish ishlari amalga oshirildi.

Viloyatdagi 72 ta koʻpqavatli uylarda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. 38 ta uyning kirish yoʻlaklari taʼmirlandi, 16 ta uyga temir eshiklar oʻrnatildi, 11 ta uyning tom qismini, 9 ta uyning fasad qismini taʼmirlash hamda ushbu uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Navoiy viloyatida 2023 yilda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan qurilish taʼmirlash ishlari uchun 119 ta obʼektga 15,8 mlrd. soʻm moliyalashtirilishiga koʻmaklashildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 2 877 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga jami 89,2 mlrd. soʻm kredit ajratildi. Jumladan, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 430 nafar fuqaroga 9,4 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.

Tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 52 nafar fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʻlgan 252,4 mln. soʻmlik asbob-uskuna va mehnat qurollari subsidiya asosida olib berildi. Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tomonidan 25 nafar kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam tayinlanib, amaliy yordam koʻrsatildi.

Fargʻona viloyatida ham bu kabi qator amaliy ishlar olib borildi.

Xususan, yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida jami 22,05 km ichki yoʻllarga asfalt qoplamasi yotqizish va shagʻallashtirish ishlari bajarildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 350 dona temir-beton tayanchlar, 2 dona transformator oʻrnatish hamda 5,7 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Ichimlik suvini yaxshilash borasida 3 km ichimlik suvi tarmogʻi tortildi.

Kommunal xoʻjaligi sohasini yaxshilash borasida Margʻilon shahrida koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlagidagi framuga romlari plastik romlarga almashtirilib, mukammal taʼmirlash ishlari bajarildi. Yoki Uchkoʻprik tumanida 30 ta koʻp qavatli uylarga ulanishi rejalashtirilgan qiymati 1,2 mlrd. soʻmlik mahalliy oqova suv tarmogʻi tortish ishlari olib borilmoqda hamda koʻp qavatli uylarni oqova suv tarmogʻiga ulash ishlari boshlandi.

Kredit, subsidiya ajratish, aholi bandligini taʼminlash masalasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Fargʻona viloyati tijorat banklari tomonidan 2 208 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga 122,3 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 677 taga 11 241,0 mln. soʻm, sanoat sohasi yoʻnalishida 9 taga 11 162,0 mln. soʻm, xizmat koʻrsatish sohasiga 64 taga 31 693,0 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan Fargʻona shahridan 24 nafar ishsiz xotin-qizlarga mahallalardagi hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan, oʻzini band qilish maqsadida 117,5 mln. soʻmlik subsidiya asosida 24 ta tikuv mashinalari yetkazib berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid