Oʻzbekistonda dollar kursi keskin koʻtarildi
Markaziy bank valyuta bozoridagi vaziyat yuzasidan maʼlumot berdi.
Oʻzbekistonda AQSh dollari kursi keskin oshib, ayrim banklarda 12 ming soʻmgacha yetdi. Markaziy bank esa valyuta bozorida vaziyat yuzasidan maʼlumot eʼlon qildi.
"Asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul oʻtkazmalari kanali orqali soʻmning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi.
Bu, oʻz navbatida, eksport va pul oʻtkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatimizga valyuta tushumlariga va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Natijada, ichki valyuta bozorida soʻm almashuv kursi devalvatsiyasi surʼatining biroz tezlashishi – fundamental omillar taʼsirida toʻgʻrilanishi kuzatildi.
Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishini oldini olish boʻyicha yetarli instrumentlarga ega boʻlib, zarur hollarda qoʻshimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi.
Mazkur toʻgʻrilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif oʻsishiga xizmat qiladi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va oʻrta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror boʻladi" deyiladi unda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan boʻlgan Rossiyada ham rubl keskin qadrsizlanmoqda.