“Dok-1 Maks”dan aytilganidan uch baravar koʻp bola halok boʻlgan
Oliy sud jinoyat ishi yuzasidan yangi maʼlumotlarni eʼlon qildi.

“Dok-1 Maks” dori vositasidan 65 nafar yosh bola vafot etgan. Bu haqda dori ishi boʻyicha tasdiqlangan ayblov xulosasida maʼlumot berilmoqda.
Oliy sud matbuot xizmati jinoyat ishi yuzasidan yangi maʼlumotlarni eʼlon qildi.
Aytilishicha, Toshkent shahar sudining ish yurituviga S. R. P. (erkak, 1972 yilda Hindiston Respublikasida tugʻilgan, “Quramax Medikal” MChJ direktori), S. K. (erkak, 1982 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, bir vaqtda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan) va boshqalarga (jami 21 kishi: “Quramax Medikal” MChJ va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK masʼul xodimlari) oid jinoyat ishi kelib tushgan boʻlib, uni koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni joriy yilning 11 avgust kuni soat 10.00 da boshlanishi belgilandi.
Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol boʻlib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2022 yil dekabrida Gambiyada 66 bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtal siropi qabul qilinishi ortidan vafot etgandi.
Oʻzbekistonda ham oʻtgan yili oxirida yigirmadan ziyod bola “Ambronol” va “DOK-1 Maks” siroplari isteʼmolidan soʻng vafot etgani aytilgandi. DXX 2022 yil dekabrda holat yuzasidan jinoiy ish ochgandi.