Mirziyoyev va Putin nimalarni muhokama qilgani maʼlum boʻldi
Ikki davlat rahbarlari oʻrtasida 9 avgust kuni telefon orqali muloqot oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan 9 avgust kuni oʻtkazilgan telefon orqali muloqotida Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va faol gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki mamlakat yetakchilari boʻlajak tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqib, yaqin muddatlarda qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini, Oʻzbekiston-Rossiya hududlar, taʼlim va media forumlarini oʻtkazish muhimligini taʼkidladilar, deyiladi matbuot xabarida.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Avvalroq, 24 iyul kuni Putin Shavkat Mirziyoyevni tugʻilgani kuni bilan tabriklagandi.




