"Cold Out" siropi oʻzbekistonliklarga xavf solmoqdami? Bayonot berildi
"Cold Out" siropi “Fourrts Laboratories” (Hindiston) tomonidan “Dabilife Pharma” uchun ishlab chiqarilgan boʻlib, uning tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda JSST tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan "Cold Out" yoʻtal va shamollashga qarshi zaharli sirop xavfidan ogohlantirish xabarlari tarqalmoqda. Ushbu yoʻtalga qarshi qoʻllaniluvchi dori vositasi haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bayonot berdi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, "Cold Out" siropi “Fourrts Laboratories” (Hindiston) tomonidan “Dabilife Pharma” uchun ishlab chiqarilgan boʻlib, uning tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.
Shuningdek, Hindiston Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, mazkur dori vositasi Iroqda oʻtkazilgan alohida sinovlarda sifat talablariga javob beramagach, erkin savdodan qaytarib olingan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning “Fourrts Laboratories” tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligini maʼlum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildiradi, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin ruxsat etiladi.
Taʼkidlash joiz, 2023 yil fevral oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va Oʻzbekistonga kirib kelayotgan sirop shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari boʻyicha chuqur tekshirilib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatilgan.
Avvalroq Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Hindistonda ishlab chiqarilgan "Cold Out" yoʻtal va shamollashga qarshi sirop xavfi haqida ogohlantirgandi.
2022 yil dekabrida Gambiyada 66 bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtal siropi qabul qilinishi ortidan vafot etgandi.
Oʻzbekistonda ham oʻtgan yili oxirida yigirmadan ziyod bola “Ambronol” va “DOK-1 Maks” siroplari isteʼmolidan soʻng vafot etgandi. Soʻngra, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasi zaharli sanoat mahsulotidan foydalangani aniqlandi.