“Umra” ziyorati boʻyicha muhim yangiliklar eʼlon qilindi
Qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qoʻllaniladi.

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (345-son, 08.08.2023 y. ) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yoʻnalishi hisoblanib, mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
100 ming AQSh dollaridan kam boʻlmagan mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;
“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarini tayinlash;
“Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishi;
“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatmaslik;
“Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
“Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator murojaati asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish boʻyicha quyidagi tartib joriy etiladi:
- mutaxassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bogʻliq xizmati begʻaraz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sugʻurta, viza toʻlovlari va boshqalar) “Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi;
- mutaxassis turoperatorning soʻroviga koʻra Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 3 ish kunida ajratiladi;
- 1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.
- 2023 yil 1 oktabrdan “Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.
Qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qoʻllaniladi hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.
Eslatib oʻtamiz, “Umra” ziyorati safariga viza berilishi Muharram oyigacha yaʼni 20 iyulgacha toʻxtatilgandi.
