Britaniya va Afgʻoniston oʻrtasidagi qaqshatqich urush tugagan kun
Platina.uz 8 avgust sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.

8 avgust sanasi bilan bogʻliq xabarlar.
Xalqaro oftalmologiya kuni.
Xalqaro mushuklar kuni.
Xalqaro alpinizm kuni.
Voqealar
1628 yil – Gollandiya Kuba qirgʻoqlari yaqinida 80 tonna kumush bilan ispan kemalarini qoʻlga kiritdi.
1899 yil – Minnesotalik amerikalik ixtirochi Albert Marshall muzlatgichni patentladi.
1919 yil – Uchinchi ingliz-afgʻon urushi tugadi.
1921 yil – Turkiston Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi «Ayirboshlash toʻgʻrisida» qaror qabul qildi. Unga koʻra, ayirboshlash, sotib olish va sotish huquqi qishloq xoʻjalik mahsulotlari hamda mayda va hunarmandchilik sanoati buyumlariga joriy qilindi.
1966 yil – Xitoyda madaniy inqilob boshlangani eʼlon qilindi.
1990 yil – Iroq Quvaytni anneksiya qilganini eʼlon qildi.
1991 yil – Parijda Eronning sobiq bosh vaziri Shapur Baxtiyor oʻldirildi.
1979 yil – "Paxtakor" afsonaga aylangan tarkibi bilan soʻnggi uchrashuvini oʻtkazgan.
8 avgust sanasida oʻtgan bellashuvda Toshkentda Voroshilovgradning "Zarya" jamoasi 3:1 hisobida magʻlubiyatga uchratilgan. Ushbu gʻalaba tufayli "Paxtakor" oxirgi 5 uchrashuvning 4 tasida gʻalaba qozonib, 5 oʻyinlik magʻlubiyatsiz seriya qayd etayotgandi. Biroq 13 avgustga belgilangan navbatdagi oʻyin uchun Minskka yetib borish jamoaga nasib etmagan. 8 avgust kuni muxlislar oʻsha tarkibning soʻnggi uchrashuviga guvoh boʻlishgandi.
1999 yil – Oʻzbekistonning A-310 layneri Buyuk Britaniya va Italiyadan kelgan 27 sayyohni Samarqandga olib keldi. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi London–Samarqand yangi yoʻnalishini ochib, shu tariqa Yevropani Buyuk Ipak yoʻli bilan bogʻladi.
2000 yil – Britaniya, AQSh va Italiya olimlari odam klonlash boʻyicha tajribalar boshlanganini rasman eʼlon qilishdi.
2008 yil – Pekinda XXIX yozgi Olimpiya oʻyinlari ochildi.
2017 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil – 2022−2023-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlari 8 avgust kunidan boshlandi hamda stadion va xiyobonlarda oʻtkazildi.
Tavalludlar
1935 yil – Oʻzbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Taʼnaberdi Qurbonov tavallud topgan. Mohir sanʼatkor “Otello” tragediyasida Otello, “Qiyomat qarz” asarida Sulaymon ota, “Mirzo Ulugʻbek” dramasida Ulugʻbek rollari bilan koʻpchilikka yaxshi tanish.
1945 yil – sharqshunos, manbashunos olim, jamoat arbobi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Neʼmatulla Ibrohimov tavallud topdi. U arab manbalari boʻyicha Oʻrta Osiyo tarixini oʻrganish, arab xalq romanlari janr va uslubiy qurilishi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Uning asarlari Sharq va Gʻarb tillaridagi nodir manbalarning chuqur tahliliga asoslangan. Neʼmatulla Ibrohimov manbashunoslikda yangi yoʻnalishlardan biri – Sharq badiiy tafakkuri va elitar madaniyatlarning uzviy yagonaligi haqidagi konsepsiya asoslarini yaratdi.
1951 yil – biolog olima, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Shahnoza Azimova tavallud topdi. Uning ilmiy ishlari molekulyar biologiya, genetika, rekombinat oqsillar olishga oid. U normal va rak holatida tireoid gormonlar retseptorlarini oʻrgangan.




