platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekistonda necha yilda uy olish mumkin?

Oʻtgan yil boshida Toshkent shahrida yangi qurilgan uylarning 1 metr kvadrati 1,6 ming AQSh dollar baholangan boʻlsa, yil oxiriga borib 2,1 ming dollarga chiqdi.

Oʻzbekistonda necha yilda uy olish mumkin?

Oʻtgan yilgi statistikaga koʻra, har kuni mamlakatimizda 2200 dan ziyod chaqaloq dunyoga keladi. Har yili 275 ming atrofida oila quriladi. Faqat bu yil nikohdan oʻtishlar soni 5 foizga kamaygan xolos. Bu ketishda 40 millionlik marraga ham tez vaqt ichida yetib olamiz.

Oʻzbekistondagi oilalarning 23,3 foizida 1 nafar, 26,3 foizida 2 nafar, 18,3 foizida – 3 nafar, 7,4 foizida 4 va undan koʻp 16 yoshga yetmagan farzand voyaga yetmoqda. Demak oʻrtacha statistik oilada 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bor.

Ushalmas orzu

Biroq boshpana masalasi hamon koʻpchilik vatandoshlarimiz uchun ushalmas armon boʻlib qolmoqda. Chunki oʻz uying - oʻlan toʻshaging. Oʻzbek toʻy qiladi, mehmon chaqiradi, bola parvarish qiladi. Birovlarning uylarida ijarada turish, ijara qidirib, yoki ijara narxi oshgandagi asabiylashuvlardan bezigan odam zoti borki, oʻz uyim boʻlsa deydi. Bu shunchalik dolzarb masalaki, hatto yangi Oʻzbekistonning yangi konstitutsisida ham oʻz aksini topdi. Yangi qomusning 47-moddasida “Har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega.

Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi.

Davlat uy-joy qurilishini ragʻbatlantiradi va uy-joyga boʻlgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonun bilan belgilanadi”, deya belgilab qoʻyildi.

Lekin uy-joyga egalik huquqimiz qanchalik oʻz roʻyobini topmoqda? Holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi. Orzu qilgan bilan amalga oshib qolmaydi. Avvaldan ham uncha arzon boʻlmagan uy-joy hozirgi kelib oddiy odam oyogʻi yetmaydigan choʻqqiga chiqib oldi. Oʻtgan yil boshida Toshkent shahrida yangi qurilgan uylarning 1 metr kvadrati 1,6 ming AQSh dollar baholangan boʻlsa, yil oxiriga borib 2,1 ming dollarga chiqdi. Umuman olganda, uy joy narxlari koʻchmas mulk segmenti va turiga qarab 20-40 foizga oshgani qayd etilgan.

Uy narxi oshib bormoqda

Mutaxassislarning bildirishicha, kvadrat metr narxlarining oshib borishiga bir necha omillar sababchi boʻlmoqda:

- doimiy propiska olish tartibi soddalashtirildi. Poytaxtga viloyatlarga koʻchib kelayotganlar koʻpaymoqda. Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, birgina soʻnggi 2 yilda Toshkent shahriga 42 mingga yaqin kishi koʻchib kelgan;

- mamlakat aholisi soni ortib bormoqda;

– Oʻzbekiston Rossiyadan va boshqa joylardan koʻchib keladiganlar uchun qulay joy. Kirish vizasiga murojaat qilishingiz shart emas, 6 oy qolish uchun roʻyxatdan oʻtish kifoya, nisbatan arzon hayot, rus tilining obroʻsi va uni biluvchilar soni yuqori, hech kim sizdan davlat tilini bilishingizni talab qilmaydi;

- banklarga ishonchsizlik va valyuta kursining oʻzgarishi koʻchmas mulk sotib olishni jamgʻarmalarni investitsiya qilishning eng ishonchli usuliga aylantiradi;

- Ijtimoiy himoyaga qaratilgan siyosat tufayli banklarning ipoteka kreditlari berishi, yillik foiz, garov shartlari va birinchi toʻlov shartlari osonlashdi.

Bu omillarning barchasi koʻchmas mulk qiymatining oshishiga taʼsir qiladi, albatta. Faqat 2022 yilda narxlar oʻrtacha 24 foizga oshgani qayd etilgan.

Ayni paytda Toshkent shahrida uy-joylarning oʻrtacha narxlari quyidagicha:

1 xonali (35 kv.m.) - 40 000 dol.

2 xonali (50 kv.m.) – 55 000 dol.

3 xonali (70 kv.m.) – 65 000 dol.

Qancha paytda uy olish mumkin?

Xoʻsh, biz tepada zikr etgan oʻrtacha statistik oʻzbekistonlik oila – er, xotin va 2 nafar voyaga yetmagan boladan iborat oila statistika boʻyicha eng koʻp sotib olinayotgan 2 xonali xonadonni sotib olish uchun qancha vaqt mehnat qilib, yigʻinishi lozim?

Oʻzbekiston Prezidentinnig 2023 yil 28 martdagi farmoniga binoan 2023 yil 1 maydan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oyiga 980 000 soʻm etib belgilangan. Oʻzbekistonda 2023 yilda oʻrtacha oylik maosh esa, Davlat statistika agentligi bergan maʼlumotlarga qaraganda, 3 mln. 892 ming soʻmni tashkil etadi. (https://hochusvalit.com/khochu-svalit/zarplata-v-uzbekistane) Bu shu kundagi dollar kursiga chaqqanda (1 dol.=11720 soʻm) 332 dollar boʻladi.

Toshkent shahrida esa albatta oʻrtacha maosh viloyatlarga qaraganda balandroq – 6 mln. 100 ming (520 dollar).

Biroq hamma topgan pulni uy olishga sarflab, qozonni suvga tashlab qoʻyishning ham iloji yoʻq. Albatta har bir oilaning oylik pul sarflashi uning oʻz ixtiyorida. Biroq Prezidentning 2023 yil 28 iyuldagi 2023 yildagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 120-Farmoniga koʻra, Oʻzbekistonda pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori 568 ming soʻm etib belgilandi. Demak bir kishiga yashashi uchun 568 ming soʻm yetarli deb hisoblaymiz. Kiyinish, maktab taʼmiriga pul, transport, gigiyena, bezanish, toʻy, mehmondorchilik, davolanish kabi boshqa “ortiqcha” xarajatlarni hozircha hisobga olmay turamiz. Chunki bu hammada va har xil vaziyatda boʻladi.

Demak, agar Toshkent shahrida yashovchi oʻrtacha statistik oiladagi er-xotin ham ishlasa, bir oyda 12 mln.200 ming soʻm pul yigʻiladi. Jon boshiga 568 ming soʻmlik “tirikchilik” xarajatini ayirib tashlasak (4 kishilik oila uchun 2 mln. 272 ming soʻm boʻladi. Yaʼni, 9 mln. 928 ming soʻm “ortib qoladi”. Demak bu oila ikki xonali (55000 dollar = 644 mln. 600 ming soʻm) uyni sotib olishi uchun shuncha puldan 65 oy (6 yil) yigʻib borishi kerak. Agar er-xotindan faqat bittasi ishlasa, 12 yil yigʻinish kerak.

Bu Toshkent shahridagi maosh oladigan oila. Agar butun Oʻzbekiston miqyosidagi oʻrta maoshdan kelib chiqsak, 3 mln. 892 ming soʻm maosh bilan er va xotin ham ishlasa, (3 mln. 892 ming * 2=7mln. 784 ming soʻm - 2 mln. 272 ming soʻm = 5 mln.512 ming soʻm. 644 mln. 600 ming / 5 mln. 512 ming soʻm = 117 oy) 10 yil kerak boʻladi. Agar oilada faqat 1 kishi maosh olsa, 20 yil kerak boʻladi. Bu yerda sooddalashtirish uchun inflyatsiya, mosh oshishi va uy-joy narxlarining koʻtarilib (yoki tushib) borishini inobatga olmayapsiz albatta.

Asosiy toʻsiq

Agar ipoteka kreditlari berish shartlariga qarasak, u yuqoridagi hisob-kitoblarimizga mantiqan yaqinligini koʻrishimiz mumkin. Yaʼni bu kreditlar aksariyat hollarda 15-20 yilga beriladi. Bir qarashda muammoga yechim bordek. Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Hech qaysi bank boʻlib toʻlash sharti bilan pul bermaydi. Birlamchi bozor uchun yiliga 17-18 foiz qoʻshiladi, ikkilamchi bozor uchun 25-30 foiz ustamasi ham bor. Qolaversa eng asosiy muammo – birdagina toʻladigandan dastlabki toʻlov asosiy miqdorning 15-20 fozini tashkil etadi. Yaʼni uy olishdan oldin darrov oʻrtacha 100 million soʻmni toʻlab qoʻyish kerak. Bu pulni yigʻish uchun oʻrtacha oila yana 1-2 yil yigʻinishiga toʻgʻri keladi. Toʻgʻri, ijtimoiy himoya maqsadlarida ajratiladigan subsidiya hisobidan bu toʻsiqni aylanib oʻtishi mumkin. Lekin oyiga 3-6 million maosh oladigan oila bu subsidiya shartlariga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. 100 yoki 120 million soʻmni birdaniga toʻlashga majbur boʻlishadi baribir. Bu pulni qanday topish esa oʻrtacha statistik oilaning oʻziga havola. Yaʼni bu masalada oila byudjeti yechim boʻla olishiga hech qanday kafolat yoʻq, ana shunisi muammoning asl nuqtasi.

Darvoqe, bu bizning hisob-kitob, qani siz ham bir oilaviy daromadingiz bilan necha yilda boshpana olishingiz mumkinligini hisoblang-chi, qachon orzungiz ushalarkan-a?

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid