Qoraqalpogʻistonda ekilmagan koʻchatlar qoʻshib yozildi
Bosh prokuratura hududlarda koʻchat ekish bilan bogʻliq bir qator jinoyatlarni fosh qildi.

Qoraqalpogʻistonda sugʻorish tizimlari yoʻq hududlarga koʻchat ekilishi va masʼullarning eʼtiborsizligi oqibatida jami 333,1 ming tup koʻchatlar nobud boʻlgan, bajarilgan ishlar hajmiga elektron platforma orqali amalda ekilmagan jami 136,1 ming tup koʻchatlar hisobotlarga qoʻshib yozilgan.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida obodonlashtirish xizmati jamoat joylarida 127,5 ming tup koʻchat ekkani qayd etilgan boʻlsa-da, amalda koʻchatlarning aksariyati (90 foizi) qayta ekish uchun moʻljallangan pitomniklardagi qalamchalar boʻlib, markaziy koʻchalarga ekilgan koʻchatlarning 30 foizi sugʻorilmagani va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmagani natijasida qurib, oʻsuvchanlik qobiliyatini yoʻqotgan.
Sirdaryo viloyatida jami 1355 tup daraxt koʻchatlari, Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida ekilgan 3,5 ming tup koʻchatlarning yarmidan koʻpi qarovsizlik oqibatida nobud boʻlgan.
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida 2435 tup amalda ekilmagan koʻchatlar hisobotlarga qoʻshib yozilib, byudjetdan ajratilgan mablagʻlar obodonlashtirish tizimi xodimlari tomonidan oʻzlashtirilgan.
Hozirga kelib, oʻz vazifalarini bajarishga masʼuliyatsizlik bilan qarab, xizmat vazifalarini bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlarining qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalasi hal etilmoqda.