Payariqdagi mahallalar ogʻir hudud toifasidan chiqarilmoqda
Bu tajriba keyinchalik viloyatning boshqa hududlarini qamrab oladi.
Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Oqqoʻrgʻon va Sorisuv mahallalarida "Obod xonadon", "Obod koʻcha" va "Obod mahalla" mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini taʼminlash va ogʻir hudud toifasidan chiqarish boʻyicha ishlar qilinmoqda.
Prezident Xalq qabulxonasi, vazirliklar, qoʻmitalar va viloyat sektorlari masʼullarining Oqqoʻrgʻon mahallasidagi oʻrganishlari natijasida umumfoydalanuvdagi Saroyqoʻrgʻon, Langar koʻchalarining 3 km. qismini asfaltlashga kirishilgan boʻlsa, Poʻlatchi, Qiyot, Balandqoʻrgʻon kabi oʻnga yaqin tuproq koʻchalar tosh yoʻlga aylantirilyapti.
Hududdagi 480 ta eskirgan simyogʻochlarni beton ustunlarga almashtirish, 10,2 km tarmoqni yangilash va uchta qoʻshimcha transformator oʻrnatish belgilab olindi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarda asosan yurak-qon tomir, asab kasalliklari va ortiqcha vazn bilan bogʻliq xastaliklar aniqlangani bois shifokorlar bemorlarni davolash bilan birga, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish boʻyicha aholiga yetarlicha tushuncha-yu amaliy yordam ham beryapti. “Keksalar salomatligi oyligi” doirasida uyma-uy yurilib, nuroniylar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilyapti. Bemorlar bepul dori-darmonlar, nogironligi bor insonlar reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanyapti.
Aholini ishli-daromadli qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat ishga solinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 dan ziyod insonlarga tikuv mashinalari, motokultivator, payvandlash uskunalari olib berildi.
Qisqa muddatda ichki imkoniyatlar hisobidan Payariqning Oqqoʻrgʻon mahallasida ham “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari joriy qilinadi. Bu tajriba keyinchalik viloyatning boshqa hududlarini qamrab oladi.