Namangandagi bozorda katta yongʻin sodir boʻldi
Soʻnggi vaqtlarda bozorlarda yongʻinlar soni oshib bormoqda.

Namangan viloyati, Chortoq tumanida joylashgan bozor yonib ketdi. FVV xabariga koʻra, 5 avgust kuni soat 03:39 da Chortoq tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimiga “Namangan” MFY Mustaqillik shox koʻchasida joylashgan savdo rastalarida yongʻin sodir boʻlayotganligi haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan zudlik bilan voqea joyiga 9 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji jalb yetilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 250 kv.m maydonda doʻkon va savdo rastalarining ichki qismida boʻlgan mahsulotlari yonib zararlangan. Tezkor harakatlar natijasida yongʻinni kengayib ketishining oldi olinib, 4000 kv.m maydon saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va xalok boʻlganlar yoʻq.
Hozirda sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Soʻnggi vaqtlarda bozorlarda yongʻinlar soni oshib bormoqda. Avvalroq, Qoʻqon va Buxoro, Xivadagi bozorlarda ham yongʻin sodir boʻlgandi.