DXX pora evaziga oʻqishga kiritmoqchi boʻlgan shaxslarni ushlamoqda
Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX pora evaziga oʻqishga kiritmoqchi boʻlganlarni qoʻlga oldi.
Jumladan, DXXning Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universiteti xodimi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni mazkur oliy oʻquv yurtining “Biologiya” yoʻnalishining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Qarshi shahrida yashovchi, 1992 y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Qarshi davlat universitetining “Sport” fakultetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbir oʻtkazishdi.
Xususan, Chirchiq davlat pedagogika universitetining boʻlim boshligʻi 2 nafar fuqaroning Rossiya Federatsiyasi oliy oʻquv yurtidagi oʻqishini oʻzi faoliyat yuritayotgan universitetga koʻchirib berish va 2 nafar fuqaroga ingliz tilini bilish boʻyicha xalqaro sertifikat olib berish evaziga 10.100 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti oʻqituvchisi fuqaroni ushbu oliy oʻquv yurtining maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya yoʻnalishiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Yana bir holatda Qibray tumanida yashovchi er-xotin oʻzlarining tanishlari yordamida fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda IIB xodimi, soliq vakili, va Milliy gvardiya xizmatchisi ushlangandi.