Iqtisodiyotimizdagi “saraton”dan qachon qutulamiz?

Oʻzbekiston soʻmi dunyodagi eng qadrsizlangan valyutalar top 10 ligidan joy olishiga, narxlar oshishi bilan bogʻliq xavotirlarga, dollarning kursi “oʻynashi”ga nima sabab?

Intervyu
4-avgust 2023 yil

Oʻzbekiston soʻmi dunyodagi eng qadrsizlangan valyutalar top 10 ligidan joy olishiga, narxlar oshishi bilan bogʻliq xavotirlarga, dollarning kursi “oʻynashi”ga nima sabab?

Iqtisodiyot fanlari doktori Bobur Valiyev bilan bugun Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi asosiy muammolar haqida suhbatlashdik.

– Oʻzbekiston soʻmi dunyodagi valyutalar ichida eng qadrsizlangan valyutalar top 10 ligidan joy olgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu boʻyicha fikringiz qanday? Bunga sabablar nima? Inflyatsiyami yoki  iqtisodiyotimizdagi baʼzi bir notoʻgʻri iqtisodiy siyosat samarasimi bu?

— Bu xalqaro darajada eʼlon qilingan valyuta tahlili. Bundan juda katta bir qaygʻuli, iqtisodiyotga katta, eng yomon salbiy holat sifatida baho berishdan tiyilishimiz kerak. Sababi bu soʻmning – milliy valyuta birligimizning xorijiy qattiq valyutaga, masalan, dollarga nisbatan kursi hisoblanyapti.

Bu degani, yillar, uzoq yillar davomida shu milliy valyuta birligini devalvatsiyasi orqali jahondagi qattiq valyuta, u yevro, dollar boʻlishi mumkin, unga nisbatan kursning ifodalanishidir.  Bu muayyan maʼnoda toʻgʻri, inflyatsiyani ifodalaydi, lekin iqtisodiyotga bu orqali baho berib boʻlmaydi. Chunki, masalan, hozir biz milliy pul birligimizdagi, deylik denominatsiya orqali 100 soʻm, 1000 soʻmdan 3 ta yoki 4 ta nolni olib tashladik. Bu bilan Oʻzbekiston iqtisodiyoti ideal holatga yaqinlashib qoldi, deya olamizmi? Yoʻq! Bu nominal aks sado faqatgina. Yaʼni nollarni olib tashlaganimiz bilan biz iqtisodiyotimizdagi inflyatsiyani yoʻq qildik, degani emas. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarimi, yurtdoshlarimiz boʻladimi, bu oʻzbek soʻmining dollarga nisbatan kursi toʻliq iqtisodiy jarayonlar haqida baho berish uchun yetarli emasligini tushunishlari kerak. Lekin muayyan darajada bu jarayon ham yuqorida qayd etilganidek, inflyatsiyani ifodalaydi. Masalan, jahon hamjamiyatiga, eʼtibor beradigan boʻlsak, mana Turkiya iqtisodiyoti juda  yirik iqtisodiyot hisoblanadi. Koʻp sonli turistlarni oʻziga jalb etayotgan, hozirda hattoki jahon geoiqtisodiy manzarasida ham oʻziga xos pozitsiyaga ega boʻlgan davlat. Lekin turk lirasini boyagi dollarga nisbatan kursini oladigan boʻlsak, ularda ham mana shunday muammo bor. Bu degani, butun Turkiya iqtisodiyoti umuman barbod boʻldi, Turkiya iqtisodiyotining salohiyati yoʻq, degan maʼno kelib chiqmaydi. Shu nuqtai nazardan, eʼlon qilinayotgan, milliy valyuta kurslarining dollarga nisbatan kurslari orqali butun iqtisodiyotga baho berishda ehtiyot boʻlish kerak.

– Hozir oʻzi Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi qanchalik tashvishli?

— Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi 2022 yilda 12,3 foizni tashkil etdi. Bu yaxshimi, yomonmi? Oxirgi 6 yillik davrni tahlil qiladigan boʻlsak, 2017-2022 yillarda oʻrtacha bazaviy inflyatsiya darajasi  Oʻzbekistonda 12,9 foizni tashkil etdi. 2022 yilda 12,3 foiz boʻlgan. Demak, biroz pasayish tendensiyasi boʻlyapti. Qaysidir maʼnoda Oʻzbekistonda inflyatsiyani jilovlash boʻyicha ozgina boʻlsa ham ijobiy tendensiya kuzatilyapti. Lekin buni jahon mamlakatlariga nisbatan, global miqyosdagi oʻrtacha inflyatsiya darajasiga nisbatan oladigan boʻlsak, Oʻzbekistonning bu jarayonda qiladigan ishlari bor. Masalan, jahonda joriy yilda, 2023 yilda inflyatsiya darajasi 6,6 foizi kutilmoqda. Bizda hozirgi 12,3 foiz jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 2 baravar ortiq. Shu nuqtai nazardan, menimcha hukumatimiz tomonidan, ayniqsa Markaziy bank bu yerda muhim rol oʻynaydi, inflyatsiyani targetlash siyosatiga bosqichma bosqich oʻtyapmiz. Bundan buyon Markaziy bank oʻzining samarali pul-kredit siyosati orqali  kelgusida inflyatsiyani 4-5 foizga tushirish boʻyicha tegishli oʻzgarishlarni amalga oshirmoqda.

Organizmni iqtisodiyotga oʻxshatsak boʻladi. Baʼzi insonning vazni, ogʻirligi, uning salomatligi va holatidan kelib chiqib, uning qon bosimi ham har xil yuradi. Masalan, sizda ishchi qon bosimi 120 ga 80 boʻlsa, kimdadir 100 ga 70 boʻlishi mumkin. Bu oʻsha organizm uchun normal hisoblanadi. Shunga oʻxshab har bir iqtisodiyotning ham oʻziga xos xususiyatlari, holatidan kelib chiqib oʻzining maqbul inflyatsiya darajasi bor. Masalan rivojlangan mamlakatlar – Germaniya, Italiya, AQSh va Yaponiyani olib qarasak, ular rivojlangan mamlakatlar hisoblanadi. Bu mamlakatlarda inflyatsiya darajasi 3-5 foiz. Lekin Oʻzbekistonga oʻxshab yuqori surʼatlarda rivojlanib borayotgan mamlakatlar uchun 3-4 foizlik inflyatsiya darajasiga erishishga iqtisodiyot qonunlari ayni paytda yoʻl qoʻymaydi. Sababi, yuqori iqtisodiy oʻsishga intilayotgan mamlakatlarda inflyatsiya darajasi ham yuqori boʻladi.

– Oʻzbekistonda iqtisodiyotning “qon bosimi” qanday koʻrsatkichda sogʻlom boʻladi? Yaʼni inflyatsiyaning darajasi qanday boʻlsa xotirjam boʻlishimiz mumkin?

Oʻzbekiston sharotini oladigan boʻlsak, hozirgi yangi Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlar sharoitida inflyatsiyaning biroz yuqori boʻlishi tabiiy holat. Lekin bu tabiiy holat ekan, shunday qoldirishi kerak, degani emas. Inflyatsiyani kamaytirib borish, jilovlashga iqtisodiyotning tubini mustahkamlash orqali erishasiz. Hozir bizda 12,3-13 foiz atrofida inflyatsiya boʻlyapti. Bu 2 xonali son. Buni 1 xonali songa tushirib olishimiz kerak. Bir xonali son 9 dan boshlanadi. Keyingi yillardan esa 8-7 foizni kutyapmiz. Jahonda oʻrtacha inflyatsiya darajasi 6,5-7 foizni tashkil qiladi. Bu yil 6,6 foiz kutilyapti. Hech boʻlmasa, jahondagi oʻrtacha darajaga chiqib olishimiz kerak. Bekorga biz uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasida ham  kelgusida inflyatsiyani targetlash boʻyicha 4-5 foizlik maqsad qoʻyganimiz yoʻq. Inflyatsiyani jilovlashni, iflyatsiyaga barham berishning eng maqbul usuli – bu real ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat. Iqtisodiyotdagi real drayveyer sohalarni rivojlantirish, faol investitsiya oqimlarini jalb qilish, tadbirkorlarga erkinliklar berish orqali, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirish, iqtisodiyotda turli xil monopoliya shakllariga barham berish orqali sof raqobatni taʼminlash va tashqi iqtisodiy siyosatda faol rol oʻynash orqali Oʻzbekiston xalqaro raqobat bozorida ham oʻzini pozitsiyasiga ega boʻlsagina, eksport bozorida bizning mahsulotlarimiz oʻzining oʻrnini topadi.

– Albatta inflyatsiya deganda, goʻyoki iqtisodchilarga tegishli atamadek tuyuladi, lekin bu inflyatsiyaning oqibatlarini xalq oʻz tanasida his qiladi. Narx-navoning oʻsishi, albatta bu birdan bilinadi, xalq farovonligi yoki kayfiyatiga, yoki milliy valyutamizning boshqa valyutalarga nisbatan qadrsizlanib borishi... Shu jihatdan olib qaraganda, mana shu fenomenlarning sababi nima? Bu eksport hajmining kamayganidanmi, yoki har bir soʻmning orqasida tovar turadi, tovar ishlab chiqarish kamaygani tufaylimi? Balki Markaziy bank yetarlicha valyuta intervensiyasini qilmayotgandir?

– Toʻgʻri aytdingiz, hozir mana 12,3 foiz boʻlgan boʻlsa, bu inflyatsiya, endi, mahsulotlar va tovarlar turlari boʻyicha oladigan boʻlsak, inflyatsiyaning eng yuqori darajasi oziq-ovqat sohasida kuzatildi. Masalan, aniq raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, oziq-ovqat boʻyicha 15,6 foizlik inflyatsiya boʻlgan.

Albatta oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshib borishi kundalik isteʼmolchilar uchun birinchi boʻlib seziladigan soha.

Eng tub mohiyatiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, inflyatsiya bu iqtisodiyotda ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar va tovarlarning real fizik hajmiga nisbatan, iqtisodiyotga aylanayotgan pul massasining balansida nomutanosiblikdan kelib chiqadi. Yaʼni real ishlab chiqarish hajmiga nisbatan iqtisodiyotdagi pul massasining biroz ortib ketishi bir birlik tovar narxining oshishiga olib keladi.

Inflyatsiyamiz, 12-13 foiz atrofida ekan, Markaziy bank oʻzining qattiq pul-kredit siyosati orqali inflyatsiyani pasaytirishining imkoniyati yoʻqmi, deyishingiz mumkin. Buning imkoni boʻlishi mumkin. Masalan, Markaziy bankning asosiy stavkasi hozir 14 foizni tashkil etadi. Bu stavkani keskin oshiradigan boʻlsa, tadbirkorlar biznes qilish, qandaydir yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, xizmat koʻrsatish korxonalarini ochish oʻrniga, oʻzining ortiqcha pul mablagʻlarini bank tizimiga qoʻyishni boshlaydi. Yoki boʻlmasam, oʻzida pul mablagʻi yoʻq, lekin biznes gʻoyasi va biznes rejasi tayyor, lekin bankdan pul olib biznes qilaman, deganlar uchun imkoniyatlar cheklanadi. Natijada muomaladagi pul massasi yigʻishtirib olinadi. Toʻgʻri, pul massasi kamaygani hisobiga inflyatsiya cheklanadi.  Lekin buning aks taʼsiri ham bor. Iqtisodiy oʻsish kamayib ketadi. Shu nuqtai nazardan, koʻrpani agar tepaga boshimizga tortib yelkamiz yopiq boʻlsin desak, oyogʻimiz ochilib qolishi mumkin. Oyoqni yopamiz, desak, yelka ochilib qolishi mumkin. Shu nuqtai nazardan hozir biz Oʻzbekistonning ochiqlik siyosati tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, erkinlashtirish, eksport-import siyosatini erkinlashtirish, jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashuv yoʻlidamiz. Shu nuqtai nazardan inflyatsiyaning biroz yuqori darajasi kuzatilishi tabiiy. Endi inflyatsiyani jilovlayman, deb butun iqtisodiy oʻsishni biz toʻxtatib qoʻya olmaymiz. Ana shu jihatlariga ham alohida eʼtibor qaratishimiz kerak.

– Asosiy stavka tendensiyasi Oʻzbekistonda qanday? Bu ipoteka kreditlari foizining koʻtarilishi, yoki umuman uy-joylar narxi oshishiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

– Markaziy bank (MB)har yili yil davomida asosiy stavkani eʼlon qilib boradi. Asosiy stavka nima uchun kerak? Chunki butun Oʻzbekistondagi tijorat banklari MB eʼlon qilgan asosiy stavkalar orqali oʻzining foiz stavkalarini belgilaydi. Masalan, MB tomonidan joriy yilning 14 mart kunidan boshlab Oʻzbekistonda asosiy stavka 14 foiz darajasida belgilandi. 2022 yilda bosqichma-bosqich 16, 15 foiz qilib, mana hozir 14 foizgacha kamaytirildi. Foiz stavkasi mamlakat iqtisodiyotidagi kapitalning narxi hisoblanadi, aslida. Foiz stavkasi qanchalik kam boʻlsa, kapital shunchalik arzon degani. Demak, investitsiya qilishga shunchalik imkoniyat keng, tadbirkorlar tijorat banklaridan yoki boshqa lombard moliya tashkilotlaridan kredit olish imkoniyati oshadi, degani. Chunki arzon kredit, arzon kapital, bu orqali iqisodiyot ragʻbatlantiriladi. Iqtisodiyotda ishlab chiqarish kengayadi. Lekin MB cheksiz ravishda asosiy stavkani kamaytirib bora olmaydi. Chunki boya aytganimizdek, chunki inflyatsiya bu. 12-13 foizli inflyatsiya boʻlgani holda, MB asosiy stavkani 12 foizdan kamaytira olmaydi. Chunki asosiy stavka foizi inflyatsiya foizidan yuqori yuradi. Bu iqtisodiy qonuniyat.

Ammo imkoniyat koʻtarsa, inflyatsiya jarayonlari bu yil balki 8, 9 foiz darajasida boʻlsa, MB asosiy stavkani 13-12 foizga kamaytirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu iqtisodiyotda kapitalning narxi kamayadi, degani. Investitsiya qilish imkoniyati oshadi, ishlab chiqarish uchun tadbirkorlarda qoʻshimcha pul mablagʻlari vujudga keladi, degani. Bu esa ishlab chiqarish hajmini yana oshirishga imkoniyat yaratadi.

Asosiy stavka ipoteka kreditlari foiziga qanchalik taʼsir qiladi?

– Imtiyozli kreditlar MBning asosiy stavka orqali bozor iqtisodiyotiga taʼsir doirasidan tashqari hudud hisoblanadi.

– Oʻzbekiston prezidenti oxirgi chiqishlaridan birida mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmini ikki baravarga oshirish topshirigʻini berdi. Hozirgi sharoitda 80 milliardlik koʻrsatkichni 160 mlrd. dollarga koʻtarish uchun Oʻzbekistonda iqtisodiy siyosatda nimalarga eʼtibor berish kerak? Qaysi jihatlarga asosiy eʼtibor qaratish kerak?

— Haqiqatan ham bir necha yil oldingi 40-50 mlrd. dollardan hozir biz 80 mlrd. dollarga chiqdik. Endi jahondagi tendensiyalardan ortda qolishga haqqimiz yoʻq. Prezident bekorga bu talabni qoʻymadi. Hozir Oʻzbekistonda YaIM jon boshiga 2200 dollar atrofida. Va prezidentimiz bu yerda ham aniq vazifa qoʻydilar. Yaʼni oʻrta muddatda, 2030 yilgacha YaIM ni ikki baravarga oshirish, jon boshiga ulushini 4000 dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Va Oʻzbekistoning oʻrtacha daromadli mamlakatlar qatoriga chiqarish vazifasi qoʻyilgan. Bu Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun talabchan vazifa. Bu vazifani amalga oshirish uchun nima qilishimiz kerak? Uzoq muddatli, kelgusidagi 5 yil, 7 yilga oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan bizning asosiy iqtisodiy maqsadimiz hisoblanadi. Buning uchun esa avvalo milliy iqtisodiyotdagi bir qator kamchiliklarimizni bartaraf etishimiz kerak. Avvalo, yashirin iqtisodiyot, norasmiy iqtisodiyotning ulushini keskin kamaytirib borishimiz kerak. Turli hisob-kitoblarga koʻra, 50 foizgacha Oʻzbekiston iqtisodiyotida norasmiy iqtisodiyot mavjud. Hozir biz 80 mlrd. haqida gapiryapmiz, bu rasmiy statistika. Agarda boyagi norasmiy qismni eʼtiborga oladigan boʻlsak, 80 mlrd.ni yarmi 35 mlrd. boʻlsin, 40 mlrd. Boʻlsin, jami 100 mlrd.dan oshadi. Bu real holat.

Prezidentimiz byurokratiyani, korrupsini yoʻq qilish, korrupsiyaga barham berish, tadbirkorga xiyonat qilgan inson – bu xalqqa, prezidentga xiyonat qilgan odam darajasiga tenglashtirdi. Sababi, xususiy sektorga, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilyapti.

Iqtisodchilar tilida iqtisodiyot saratoni deb ataladigan bir yomon illat bor. Bu monopoliya hisoblanadi. Rak-saraton kasalligini hammamiz bilamiz. Inson organizmini sekin-sekin egallab borib, oxiri nobud qiladi. Monopoliya ham xuddi shunday narsa. Monopoliya nima? Bu – ishlab chiqarishda, bozorda bir ishlab chiqarish, bitta tadbirkor va bitta kuchning hukmronligidir. U xohlagan narxini qoʻyadi. Sifat pasayib boradi. Bozor iqtisodiyotining eng asosiy xususiyati nima? Bu raqobat boʻlishi kerak. Ochiq raqobat boʻlsa, tadbirkorlik sektorlari, xususiy sektor vakillari ishlab chiqarishda va savdoda erkin qatnashadigan boʻlsa, narx pasayib boradi, sifat oshib boradi, ixtisoslashuv kuchayib boradi. Shuningdek, ichki raqobat, raqobatbardoshlik oshgandan keyin jahon bozoridagi oʻrnimiz oshib boradi. Ana undan keyin eksportimizni koʻrasiz – juda tez oshib boradi. Import qilinayotgan mahsulotlar oʻzimizda ishlab chiqarila boshlaydi. Prezidentimiz saylovoldi dasturida muhim bir takliflarni berdilar. Bu avtomobil bozori, avtomobil bozoriga 4 ta yirik kompaniyaning jalb qilinishi, bundan tashqari moliya bank tizimiga xorijiy firma korxonalarini jalb etilishi. Yirik ishlab chiqarish korxonalarini xususiy sektorga berish haqida gap boryapti. Bu demak, xususiylashtirish jarayoni albatta raqobatni taʼminlaydi. Raqobat esa sifatni oshiradi. Mana shu orqali biz boya aytilgan 80 mlrd. dollardan oʻrta muddatli istiqbolda YaIMni 160 mlrd. dollarga chiqarish imkoniyatlari bor. Faqat belgilangan vazifalarni tizimli yilma-yil, mantiqiy toʻgʻri ketma-ketlikda, oqilona iqtisodiy siyosat orqali olib borish kerak. Bu bir kishiga bogʻliq emas. Masalan, faqatgina iqtisodiyot vazirining siyosati orqali hal boʻladigan siyosat emas. Bu kompleks masala. Butun aholi, ishlab yaiqarish quvvatlari, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, davlat institutlari va xususiy sektor hamkorlikda berilgan imkoniyatlardan toʻliq foydalanish hisobiga yuqori iqtisodiy koʻrsatkichlarga erishib borishimiz mumkin.

– Bobur aka, monopoliya haqida gapirdingiz, shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Monopoliya oʻziga niqob qilib oladigan 2 ta jihat bor. Yaʼniki importni kamaytiramiz, deydi xorijdan import qilinayotgan mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqaraylik,mahalliylashtiraylik, deydida, shu bahona ostida  bitta zavod ochib oladi. Boshqa turdosh va raqobatchi tovarlarni kiritilishi uchun bojlarini koʻtartirib qoʻyib, oʻz tovarini xohlagan narxda sotaveradi. Mana GM zavodi shunday siyosat yuritadi. Shu vaziyatlarda oltin muvozanat chegarasi bormi?

Bilasizmi, har qanday iqtisodiyot ham jahon iqtisodiyotiga toʻliq ochilib, darrov raqobatbardosh boʻlib keta olmaydi. Avvalo ichki milliy iqtisodiyotda eng asosiy tarmoqlarni fundamenti – asosi yaratilishi kerak. Oʻzbekiston oʻzining ilk iqtisodiy taraqqiyot tarixida mana shu jihatlarga eʼtibor berdi. Bunda qanday siyosat yurgiziladi? Iqtisodchilar tilida proteksionizm siyosati deb yuritiladi. Protekt soʻzi bu bilamiz, himoya degan maʼnoni anglatadi. Demak taraqqiyotda islohotlarning ilk bosqichida proteksionizm siyosati orqali davlat bojxona stavkalarini oshirish orqali tashqaridan kelayotgan import  tovarlarini cheklaydi. Sababi – avval ichki iqtisodiyot rivojlanadi. Oyoqqa turishi kerak. Iziga tushishi kerak. Korxonalar barpo etilishi, konveyerlar ishga solinishi, yangi xizmat koʻsartish nuqtalari, yangi ish oʻrinlari yaratilishi kerak. Bu tarmoqlar oyoqqa turib olganidan keyin proteksionizm siyosati yengillashtirib borilishi lozim. Yangi Oʻzbeksiton siyosati mana shu yoʻldan ketyapti. Bekorga importimiz 30 mlrd.dan oshib ketgani yoʻq.  Importga qoʻyilgan turli cheklovlar olib tashlanyapti. Bu tabiiy holat. Avvallari lokalizatsiya dasturlari, mahalliylashtirish dasturlari kunning asosiy mavzusi boʻlardi. Lekin endi unday qilinmayapti. Chunki lokalizatsiya dasturlarini majburan davlat bosimi bilan qilib boʻlmaydi. Iqtisodiyot qonun qoidalari asosda rivojlanishi kerak. Agar davlat aralashsa, natija boʻlmaydi. Demak, raqobat haqiqiy tadbirkorlar oʻz ishini topsa, tadbirkorlik subʼektlariga keng imkoniyatlar yaratilsa, Oʻzbekistonda nisbiy afzalliklari bor. Biz qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish uchun juda qulay zamindamiz. Oltin, uran zaxiralari energetika mahsulotlari zahiralariga egamiz. Bu mahsulotlarni qayta ishlash, turizmni rivojlantirish kabi sohalarda keng imkoniyatlar berib monopoliyani bataraf etish orqali iqtisodiyotda haqiqiy raqobat paydo boʻladi-yu, undan keyin biz xalqaro raqobatga chiqa boshalymiz. Mana, bu sogʻlom iqtisodiy yoʻl hisoblanadi.

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+