Ashxoboddagi 3 tomonlama sammit maqsadi ochiqlandi
Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uch tomonlama sammitda ishtirok etdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 avgust kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ishtirokida oʻtgan uch tomonlama sammitda ishtirok etdi.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston prezidenti yangi xavf-xatarlarga eʼtibor qaratib, ularga munosib va chuqur oʻylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Bu mintaqada suv tanqisligi tobora ortib, keyingi yillarda keskin tus olayotgan sharoitda ayniqsa muhimligini aytdi.
Suv tejaydigan ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini toʻplash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.
— Bu masalalarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining butun salohiyatini hamda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimiz yetakchisi “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron” yoʻlagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yoʻnalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning “Sharq – Gʻarb” va “Shimol – Janub” xalqaro yoʻlaklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishiga ishonch bildirdi.
Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-oʻtkazish maskanlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yoʻlida birgalikda ishlash taklif qilindi.