Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida aholidan minglab murojaatlar kelib tushdi
Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 110 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga jami 61,2 mlrd. soʻm kredit ajratildi.

Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarida davom ettirmoqda.
Ishchi guruh tarkibiga Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining masʼul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etilgan.
Qisqa muddat ichida Respublika ishchi guruhi masʼullari saʼyi-harakatlari bilan Surxondaryo viloyatida ichki yoʻllarning 17,9 km qismi taʼmirlandi. Shundan, 10,1 km shagʻallashtirildi, 7,8 km yoʻl asfalt qilindi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 174 ta temir beton tayanchlar oʻrnatildi, 6,1 km yangi tarmoq tortildi. Aholiga qoʻshimcha 482,8 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 14,2 km tarmoq tortildi, 5 ta suv qudugʻi qazildi, 2 ta suv minorasi oʻrnatildi.

Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 110 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga jami 61,2 mlrd. soʻm kredit ajratildi. Jumladan, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 316 nafar fuqaroga 6,9 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.
Jami 546 nafar fuqaroning bandligiga koʻmaklashildi. Shundan, 120 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 76 nafar fuqarolar kasb-hunarga oʻqishga jalb etildi, 350 nafar fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
“Ayollar daftari” roʻyxatidagi 270 nafar xotin-qizlarga 132,7 mln. soʻmlik yordam koʻrsatildi. “Yoshlar daftari” roʻyxatidagi 87 nafar yoshlarga 203,7 mln. soʻmlik yordamlar koʻrsatildi. Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tomonidan 28 nafar kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam tayinlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 35 379 ta murojaatlardan joyida 814 ta murojaat hal etildi.

Ana shunday ishlar Toshkent viloyatida ham davom etmoqda.
Jumladan, viloyatning 5,95 km ichki yoʻllarga asfalt qoplamasi yotqizish va shagʻallashtirish ishlari bajarildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida temir-beton tayanchlar oʻrnatish hamda 5 km yangi elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Ichimlik suvini yaxshilash borasida hududda 4,8 km yangi ichimlik suvi tarmogʻi tortildi.
Kommunal xoʻjaligi sohasini yaxshilash borasida Yangiyoʻl shahri “Oltinobod” mahallasi Maʼrifat koʻchasidagi koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklarini taʼmirlash, fasad qismini taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Piskent tumanida maqsadli tibbiy koʻrik tashkil etilib, koʻrik davomida 265 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shundan, 23 nafar bemorlarga tuman va respublika muassasalarida davolanishga muhtoj deb topilib, davolanish va diagnostika uchun bepul yoʻllanmalar berildi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 848 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga 33,7 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 178 taga 4,3 mlrd soʻm, sanoat sohasi yoʻnalishida 2 taga 2,4 mlrd soʻm, xizmat koʻrsatish sohasiga 16 taga 2,9 mldr soʻm mablagʻ ajratildi.




