Qashqadaryoda tarixiy xazina topilgan kun
Platina.uz 3 avgust sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.

3 avgust sanasi bilan bogʻliq xabarlar
Tarvuz kuni – turli mamlakatlarda mazali bayram nishonlanadi. Ushbu bayram Amerika Qoʻshma Shtatlaridan kelib chiqqan boʻlib, u yerda Milliy tarvuz kuni sifatida nishonlanadi. Amerika isteʼmol qilinadigan tarvuz miqdori boʻyicha boshqa mamlakatlarga nisbatan birinchi oʻrinda turadi.
Nigerda Mustaqillik kuni.
Voqealar.
1922 yil – Nyu-York radiosi dunyodagi birinchi radio ovoz effektidan foydalandi: ikkita yogʻoch boʻlagi yopilgan eshik tasvirlangan.
1956 yil – Suriyada harbiy toʻntarish amalga oshirildi.
1960 yil – Niger Fransiyadan mustaqillikka erishdi.
1989 yil – Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumani buldozerchilari Abduolim Moʻminov va Abdurashid Kenjayevlar Terak qishlogʻida yer tekislashayotganlarida ikki xum tanga topib oldilar. Bu topilma chin maʼnodagi xazina boʻlib, 3850 dona kumush tangadan iborat edi. Bu xazina jahongir Amir Temur hukmronlik qilgan yillarda Oʻrta Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharqdagi turli shaharda zarb qilingan tanga-pullar edi.
Tarixchi Dilafroʻz Qurbonovaning qayd etishicha, bu xazinani buldozerchilar oʻz ixtiyorlari bilan tuman militsiyasi vositachiligida Yakkabogʻ tuman moliya boʻlimiga topshirishgan. Moliya boʻlimi rahbari bu qimmatli xazinani oʻlka muzeyiga topshirmay, uning asosiy qismini Moskvadagi qimmatbaho buyumlarni saqlash xazinasiga joʻnatib yuborgan.
Tarixchi Irpon Toʻxtiyevning yozishicha, bu dafinadan olingan ikki pudga yaqin, yaʼni 31 kg tangalarning bir qismi qoʻlma-qoʻl tarqalib ketgan. 1129 dona kumush tanga pullar aholidan yigʻib olinib, Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyining numizmatika fondiga topshirilgan. Bu dafina ikki nominal (qimmat)dagi tangalardan iborat boʻlib, mirilar 575 donani, tangalar esa 554 donani tashkil etgan. Mirilar, asosan, Samarqandda 1380 va 1405-yillari zarb qilingan boʻlib, ular 562 donani, Xorazmda 1388 va 1404-yillari zarb etilgan mirilar 11 donani va Mordin shahrida zarb qilingani 2 donani tashkil qilgan, ushbu ikki mirining yil sanalari oʻchib ketgan.
2004 yil – Merkuriyni oʻrganish uchun avtomatik sayyoralararo stansiya (AMS) MESSENGER ishga tushirildi.
2011 yil – Liviyada Muammar Qaddafiy agʻdarilganidan soʻng, doimiy konstitutsiya qabul qilingunga qadar amalda boʻladigan Muvaqqat Konstitutsiyaviy deklaratsiya qabul qilindi.
2012 yil – 15 yoshli suzuvchi Keti Ledekki London oʻyinlarida 800 metrga erkin usulda suzish boʻyicha karerasidagi birinchi Olimpiya oltinini qoʻlga kiritdi.
2017 yil – Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat ijodkor ziyolilari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
2019 yil – Oʻzbekiston respublikasi prezidentining “Fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining mulk huquqi kafolatlanishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoyishi eʼlon qilindi.
2020 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil – YuNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasi pandemiya sharoitida Oʻzbekistonga Shahrisabzning tarixiy qismini qayta tiklashi uchun yana bir yil muddat berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
- Tokiodagi Olimpiya oʻyinlarining ogʻir atletika sportida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Akbar Joʻrayev oltin medalni qoʻlga kiritdi va ikkita yoʻnalish boʻyicha Olimpiada rekordini oʻrnatdi.
2022 yil – Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida oʻtkazilayotgan 44-shaxmat olimpiadasining oltinchi turida Hindiston jamoasi bilan 2:2 hisobida durang oʻynadi.
- Oʻzbekiston Prezident ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi [OʻRQ-786-sonli] qonunni imzoladi. Unga koʻra, davlat organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Tavalludlar
1928 yil – raqqosa, baletmeyster va pedagog, Oʻzbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova;
1992 yil – oʻzbek dzyudochisi-paralimpiyachi, 2016 yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlari chempioni, Jahon chempionati sovrindori, ikki karra Osiyo chempionati gʻolibi, ikki karra Yozgi Paraosiyo oʻyinlari gʻolibi, 2020 yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchisi Sherzod Namozov;
1983 yil – taniqli oʻzbek aktyori Ulugʻbek Qodirov tavallud topgan.




