Oliy sudda namanganlik erkak vafot etdi
Hodisa joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari tomonidan M. A. hayotdan koʻz yumganligi aniqlangan.

Oliy sudda davʼvogar sifatida qatnashish uchun kelgan erkak vafot etdi. Mahkama matbuot kotibi Aziz Abidov hodisa boʻyicha rasmiy bayonot eʼlon qildi.
Unda aytilishicha, joriy yil 3 avgust kuni 1957 yilda tugʻilgan fuqaro M. A. Oliy sudning Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasida soat 9. 15 ga tayinlangan sud majlisiga daʼvogar sifatida kelgan.
Sud majlisi oʻz vaqtida boshlangan boʻlib, sud majlisi kotibi taraflarni sud zaliga taklif etish uchun kutish xonasiga chiqqanida M. A. bexush holda yotganini koʻrgan. Shu zahoti barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, shoshilinch tez tibbiy yordam xodimlariga xabar berilgan. Hodisa joyiga zetib kelgan tibbiyot xodimlari tomonidan M. A. hayotdan koʻz yumganligi aniqlangan.
Tibbiyot xodimlari bergan birlamchi xulosaga asosan fuqaro M. A.ning oʻlimiga oʻtkir yurak yetishmovchiligi sabab boʻlgan, deyiladi rasmiy bayonotda.