Fargʻonada yongʻinga qarshi yoppasiga chora koʻrish boshlandi
Shahar va tumanlarda talabga javob bermaydigan shunday turdagi obʼektlar yopiladi.

Fargʻona viloyati hokimining "Fargʻona shahridagi karaoke klubida yuz bergan yongʻin bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va kelgusida sodir boʻlishining oldini olish toʻgʻrisida" qarori eʼlon qilindi.
Unda aytilishicha, yongʻin natijasida yuzagan kelgan toksik zaharli tutundan olti kishi zaharlanib vafot etgan.
Qarorga koʻra, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha shahar va tumanlardagi koʻpqavatli turarjoylarning yertoʻlasida joylashgan obʼektlarning texnik va sanitariya talablari hududiy ishchi guruhlar tomonidan atroflicha oʻrganilib chiqiladi. Oʻrganishlar davomida:
— xavfsizlik texnikasi va yongʻin xavfsizligi qoidalariga;
— sanitariya normalari va qoidalariga;
— muhandislik loyihalari va gaz talablari va hokazolarga eʼtibor beriladi.
Shahar va tumanlarda talabga javob bermaydigan shunday turdagi obʼektlar yopiladi. Taʼkidlash joizki, bunaqa qarorlar Fargʻonaning hamma tuman hokimlari tomonidan ham qabul qilinyapti.
Eslatib oʻtamiz, 29 iyul kuni Fargʻona shahrida sodir boʻlgan yongʻin oqibatida 6 kishi vafot etgan va 7 kishi shifoxonaga yotqizilgandi. Prezident topshirigʻiga asosan voqeani oʻrganish va jabrlanganlarga yordam koʻrsatish maqsadida Bosh vazir oʻrinbosari A.Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan va Fargʻona viloyatiga joʻnab ketgan.