Chiroqsizlikdan ikkinchi qurbon: Fargʻonada ishchini stanok qisib qoldi
Mehnat kodeksining 192-moddasida, boquvchining vafot etgani munosabati bilan zararni ish beruvchi tomonidan toʻlash majburiyati belgilangan.

Fargʻona viloyati, Buvayda tumanida chiroq oʻchgan payt stanokni tuzatmoqchi boʻlgan ishchi halok boʻlgani aytilmoqda. Bu haqda jurnalist Sharifa Madrahimova xabar tarqatdi.
"Buvayda tumanining "Beglar"MFYsida joylashgan "Lion Print" korxonasida baxtsiz hodisa tufayli bir ishchi oʻlibdi. Aytishlaricha, elektr uzilib qolgan, svet kelguncha stanokni tuzatib olaman, deb oʻylagan ishchi stanokni taʼmirlashni boshlagan. Shu payt svet kelib qolgan" deya yozadi u.
"Ishchi Uchkoʻprik tumanining Mehnatobod qishlogʻida yashagan, toʻrt farzandi boʻlgan. Xotini "Ayollar daftari"da turarkan. Korxona rahbari barcha marosimlarni koʻtaraman, debdi.
Mehnat qonunchiligida, ish vaqtida oʻlgan odamning oila aʼzolariga kompensatsiya berish koʻzda tutilganmi?
Nima deb oʻylaysizlar, marhumning yaqinlari bu kompensatsiyani hech bir qiyinchiliksiz ola oladimi?" deya savol qoʻyadi muallif.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasiga koʻra, oʻz mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodim vafot etgan taqdirda, uning oila aʼzolariga yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, maʼnaviy zararni) ish beruvchi, basharti boshqacha holat nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻliq hajmda toʻlaydi.
Yaʼni ish beruvchi marhum xodimning oila aʼzolariga quyidagilarni toʻlaydi:
- maʼnaviy zarar;
- boquvchining vafot etgani munosabati bilan zarar;
- vafoti munosabati bilan bir yoʻla beriladigan nafaqa.
Mehnat kodeksining 192-moddasida, boquvchining vafot etgani munosabati bilan zararni ish beruvchi tomonidan toʻlash majburiyati belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan hafta Toshkentdagi yangi qurilgan binolardan birida chiroq yoʻqligi uchun liftda 32 yoshli ayol vafot etgandi. Ayolning murdasi bir necha kun lift ichida qolgani maʼlum boʻlgan va 28 iyul kuni topilgandi.




