platina.uz
Jahon

Yevropadan "quvilgan" Putin "qora qitʼa"ga yuzlanmoqda

Kreml bergan maʼlumotga koʻra, sammitga Afrikaning barcha davlatlari taklif etilgan, 17 davlat rahbari esa bevosita qatnashgan.

Yevropadan "quvilgan" Putin "qora qitʼa"ga yuzlanmoqda

Shu yilning 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburg shahrida Rossiya-Afrika sammiti boʻlib oʻtdi. Unda iqtisodiy munosabatlar, jahondagi vaziyat muhokama qilindi.

Ukraina urushiga taʼsir qila oladigan biron bir keskin bayonot berilmadi.

Kreml bergan maʼlumotga koʻra, sammitga Afrikaning barcha davlatlari taklif etilgan, 17 davlat rahbari esa bevosita qatnashgan. Qolgan davlatlardan esa vakillar tashrif buyurdi. Avvalgi sammitda esa naq 45 davlat rahbari Rossiyaga kelgandi. Kreml tomoni mazkur statistikada Gʻarbning Afrika davlatlariga bosimini sabab qilib koʻrsatdi.

Sammitda koʻrilgan masalalardan biri Ukraina donini Qora dengiz portlaridan dunyoga chiqarish imkonini beradigan bitim mazusi boʻldi. Rossiya ushbu bitimdan 17 iyul kuni chiqib ketgandi. Maʼlumotlarga koʻra, Afrika rahbarlari, jumladan Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Rossiya prezidenti Vladimir Putindan don shartnomasiga qaytishni soʻragan.

Xuddi shunday taklif bilan JAR prezidenti Siril Ramafosa ham chiqdi. U shuningdek, Ukrainada tezroq tinchlik oʻrnatilishini qoʻllashini, don kelishuvi esa qashshoq Afrika davlatlariga koʻmak boʻlishini taʼkidlab oʻtgan.

Afrika davlatlari nega Rossiya bilan yaqinlashishga intiladi? Ekspertlarga koʻra, buning qator sabablari bor. Jumladan, oʻtmishda SSSR va Afrika davlatlarining aloqalari ijobiy boʻlgan. Bundan tashqari Afrikaga investitsiya miqdori kam, Gʻarb mintaqaga katta eʼtibor bermayapti. Lekin oʻz navbatida Rossiya bilan ham munosabatlar gullab ketayotgani yoʻq: soʻnggi yillarda oʻzaro savdo aloqalari 15-20 mlrd. dollar chegarasida qolmoqda. Rossiya 2019 yilgi sammitda bu raqamlarni ikki barobarga oshirishni maqsad qilgandi, ammo bu sodir boʻlmadi.

Shuningdek, sammitda Ukraina masalasi koʻtarilmagan, ammo keskin bayonotlar berilmadi. Vladimir Putinga koʻra, "Rossiya muzokaralardan bosh tortayotgani yoʻq".

Putin bundan tashqari, Afrika davlatlariga tekin bugʻdoy ham vaʼda qildi. Unga koʻra, Rossiya soʻnggi 3-4 oy ichida Afrika davlatlariga 25-30 ming tonnadan don bera olishi mumkin.

Sammitning koʻzga koʻringan voqealaridan biri bu isyonchi Yevgeniy Prigojinning koʻrinish berishi boʻldi. U Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti Fosten-Arkanj Tuadera bilan uchrashgan. 24 iyundagi qoʻzgʻolondan keyin Prigojin Belarusga koʻchgani aytilgan va u Rossiya hududida paydo boʻlmagandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid