platina.uz
Jamiyat

"Truck FM" radiosi ishga tushirildi

Ushbu radioning maqsadi va tinglovchilar uchun rejalari haqida mutaxassis Jaloliddin Mirzayev bilan suhbatlashdik.

"Truck FM" radiosi ishga tushirildi

Bugungi mediamakonda OAV ning deyarli barcha turida ixtisoslashuv kuzatilmoqda. BizMedia onlayn platformasi tarkibida ham ana shunday ixtisoslashgan "Truck FM" radiosi bugun ishga tushdi. Biz ushbu radioning maqsadi va tinglovchilar uchun rejalari haqida mutaxassis Jaloliddin Mirzayev bilan suhbatlashdik.

Avvalo ushbu radio nima maqsadda ishga tushirilgani va qaysi mavzularda faoliyat olib borishi haqida aytib oʻtsangiz.

— Bilamizki, xorijdagi hamyurtlar, ayniqsa Amerikadagi oʻzbeklar haqida gap ketganida ular orasida eng ommabop kasb — truck driver, yaʼni yuk mashinasi haydovchilari ekanligi taʼkidlanadi. Logistika-transportatsiya sohasi Amerika Qoʻshma Shtatlardagi eng katta bizneslardan biri boʻlib, yuk mashinasi haydovchilari kezi kelsa nufuzli universitetlarni tamomlagan, katta korxonalarda, yaxshi lavozimda ishlaydiganlardan ham koʻproq daromad qilishadi, shuningdek, AQShda bu kasbni egallash uchun ingliz tilini zoʻr bilish ham talab etilmaydi.

Yuk mashinasini haydaydigan hamyurtlarimiz koʻpligi sabab, ular uchun maxsus radiokanal – "Truck FM" ishga tushirildi. Asosiy maqsad ham aynan ularni safar davomida zeriktirib qoʻymaslik, sogʻingan kuy-qoʻshiqlarini yangratish va turli eshittirishlar orqali ularning ham hayotini ommaga kengroq yoritish, interaktivlikni yoʻlga qoʻyib, ularning ham fikrlarini tinglash hisoblanadi.

Qanday qilib tinglash mumkin?

— Ayni damda ushbu yangi radiokanalni www.truckfm.uz rasmiy veb-saytidan tashqari Android va iOS operatsion tizimida ishlaydigan smartfonlar uchun Google Play hamda AppStore onlayn doʻkonlarida mavjud boʻlgan “Truck FM” bepul ilovasi orqali, shuningdek, “BizMedia” platformasidan ham dunyoning istalgan nuqtasidan tinglash mumkin. Radiokanal barcha servislarda tinglovchilarga bepul taqdim etiladi.

Qanday eshittirishlar mavjud?

— “Truck FM” ijodkorlari kunu tun siz aziz tinglovchilarga sogʻinilgan retro taronalardan tortib, eng yangi xit qoʻshiq va premeralargacha berib borishadi. Bundan tashqari, elimiz suygan qiziqchi-yu, soʻz ustalarining eng kulgili chiqishlaridan parchalar, audio kitoblar, sheʼr va monologlar eshittirishlar tarzida berib boriladi. Tinglovchilar telegramdagi @truckfmbot orqali dunyoning qaysi chekkasida boʻlishiga qaramay, salom va tabriklarni, qoʻshiq buyurtmalarini ovozli xabar shaklida joʻnatishsa, “Ovozli xabar” loyihasi orqali radioda yangraydi.

Bundan tashqari, loyiha haqidagi eng soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlish uchun telegramdagi @truckfm va instagramdagi @truckfmuz rasmiy sahifalarni ham kuzatib borish tavsiya etiladi.

Umid qilamizki, “Truck FM” radiosi nafaqat Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari, balki dunyoning istalgan nuqtasida tanilib, oʻz tinglovchilariga ega boʻladi.

"Truck FM" – yoʻldagi insonlarga hamroh radio maqsadi bilan faoliyat olib boradi.

Rahmat maʼlumotlar uchun, Truck FM ga omad tilaymiz!

Odina Dehqonova suhbatlashdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid