Prezident ichki ishlar tizimini keskin tanqid qildi
Oʻtgan olti oyda mahalladagi oʻta ogʻir va ogʻir jinoyatlar Fargʻona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng koʻp sodir etilgan.

Prezident Fargʻonada oʻtayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishida tizimni keskin tanqid qildi.
Yigʻilishda mamlakat boʻyicha kriminogen vaziyat murakkab boʻlgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng koʻp Toshkent shahri, Fargʻona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga toʻgʻri kelgani koʻrsatib oʻtildi.
Oʻtgan olti oyda mahalladagi oʻta ogʻir va ogʻir jinoyatlar Fargʻona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng koʻp sodir etilgan.
Fargʻona shahrida oʻgʻrilik, Namangan shahrida bezorilik, Qoʻqon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik koʻp yuz bergan.
Ijtimoiy-iqtisodiy muammosi hal etilmasa jinoyat yoʻliga kirish ehtimoli yuqori aholi qatlami bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilingan edi.
Unga koʻra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirilgan.
Lekin, Ichki ishlar, Kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bu masalaning ichiga chuqur kirmagan, “mahalla beshligi” uchun na bir metodika, na bir qoʻllanma ishlab chiqqan.
Oqibatda ushbu yangi tizim 9 ming 400 ta mahalladan bor-yoʻgʻi 20 tasida ishlayapti.
“Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bogʻchalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga “oq-qorani farqlash” boʻyicha maʼruza oʻqish bilan band.
Tizimda staji 3 yilgacha boʻlgan, endi tajriba toʻplayotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen ogʻir mahallaga qoʻyish amaliyoti haligacha davom etmoqda.
Aksincha, “yaxshi” mahallalarda esa koʻp yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilmoqda”, - dedi Prezident.
Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishlari qoniqarsiz yoʻlga qoʻyilgani koʻrsatib oʻtildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.




