Oʻzbekistonda jahon chempionatini oʻtkazish gʻoyasiga qozoqlar izoh berdi
Futbol eksperti Alisher Nikimbayev ham mazkur masala yuzasidan fikr bildirgan.

Qozogʻiston futbol federatsiyasi (KFF) prezidenti Adlet Barmenqulov futbol boʻyicha jahon chempionatini mamlakatda oʻtkazish tashabbusiga izoh berdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Barmenqulov 2034 yilgi jahon chempionatini Oʻzbekiston bilan birgalikda oʻtkazish uchun ariza topshirish gʻoyasi haqida maʼlum qilgandi.
“Mana bir necha kundan buyon OAVda bizning jahon chempionatini oʻtkazish istagimiz haqidagi masala muhokama qilinmoqda, men bu masala boʻyicha aniqlik kiritmoqchiman.
Issiqkoʻlda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo turkiyzabon davlatlari futbol assotsiatsiyalari rahbarlarining yigʻilishida men Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston futbol assosiasiyalari tomonidan hamkorlikda yoshlar (U-17, U-19), yoshlar (U-20, U -21) xalqaro turnirlari, shuningdek, jahon chempionati uchun ishchi guruh tuzish tashabbusi bilan chiqdim.
Ishchi guruh FIFAda ushbu darajadagi tadbirlarni boshlash imkoniyati va maqsadga muvofiqligini birgalikda koʻrib chiqishimiz mumkin boʻlgan vositadir. Ushbu xalqaro institutga murojaat qilish uchun biz kelajakda mamlakatlarning infratuzilmaviy va moliyaviy imkoniyatlarini baholab, keng koʻlamli ishlarni amalga oshiramiz.
Biz tushunamizki, bunday masalalar uch mamlakat hukumatlari darajasida koʻrib chiqiladi. Murojaatlarni topshirish boʻyicha yakuniy qaror tegishli davlat tuzilmalari tomonidan barcha omillarni toʻliq baholagandan keyingina qabul qilinadi.
Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning hamkorlikda xalqaro turnirlar oʻtkazishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi, shuningdek, jahon hamjamiyatining eʼtiborini Markaziy Osiyoda futbol rivojiga qaratadi.
Bunday global tadbirlar doirasida xalqlarimizning oʻzaro hamkorligi birgalikda barqaror ijtimoiy-madaniy va iqtisodiy taraqqiyot uchun asos boʻlib xizmat qiladigan noyob imkoniyat yaratadi.
Qozogʻiston tez orada jahon miqyosidagi tadbirlarni oʻtkaza oladigan darajaga yetishini xohlayman va ishonaman.
Jahon chempionatlarining iqtisodiy tarkibiy qismiga kelsak (maʼlumot uchun):
2014, 2018 va 2022 yillarda futbol boʻyicha soʻnggi uchta jahon chempionatiga mezbonlik qilgan mamlakatlar boʻyicha xarajatlar 11,6 (Braziliya), 14,2 (Rossiya) va 220 (Qatar) milliard dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga, sport inshootlari qurilishi xarajatlarining ulushi Braziliyada 30% foiz (3,5), Rossiyada 25 foiz (3,5), Qatarda atigi 4 foiz (9) ni tashkil etdi.
Xarajatlarning asosiy qismini infratuzilmaga (aeroportlar, metro, portlar, yoʻllar va boshqalar) sarmoya kiritadi. Masalan, Qatarda jami byudjetning chorak qismi (taxminan 50 milliard) yangi shahar qurilishiga sarflangan.
Rossiyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionati tashkiliy qoʻmitasi hisobotiga koʻra, jahon chempionatiga tayyorgarlikning olti yillik davrida mamlakat yalpi ichki mahsulotiga taʼsiri 14 milliard AQSh dollaridan oshdi (birinchi navbatda, qurilish va turizm sohalari hisobiga), sayyohlar oqimi yalpi ichki mahsulotga 3 milliard AQSh dollari miqdorida hissa qoʻshdi.
Braziliyadagi jahon chempionatiga 1,35 million, Rossiyada – 3 millionga yaqin, Qatarda – 1,4 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, jahon chempionati doirasida Braziliyada 380 ming, Rossiyada 315 ming, Qatarda 1,5 million ish oʻrni yaratilgan.
FIFA maʼlumotlariga koʻra, Qatardagi jahon chempionati tomoshabinlari (televideniye va internet) 5 milliardga yaqin kishini tashkil qilgan. Barcha axborot platformalarida jami auditoriya qamrovi 262 milliardni tashkil etdi, bu ham Chempionatning asosiy iqtisodiy tarkibiy qismlaridan biridir.
Futbol boʻyicha 25-jahon chempionatining final qismi 2034 yil yozida FIFAga aʼzo 48 ta davlat terma jamoalari ishtirokida boʻlib oʻtadi.
Chempionat oʻtkaziladigan joy 2026 yoki 2027 yilda aniqlanadi”, — dedi KFF rahbari Facebook sahifasida.
Futbol eksperti Alisher Nikimbayev esa Oʻzbekiston va Qozogʻistonda JCh oʻtkazish gʻoyasiga pessimistik ruhda qaramoqda.
"Menimcha bu real emas. JChni qabul qilib olish uchun 15-16 ta jahon darajasidagi stadionlar kerak. Bizda bunaqa stadionlar deyarli yoʻq. Ularni qurish uchun bizga millardlar kerak boʻladi. Qatar oʻn yilda yettita stadion qurdi. Besh milliard deb kamtarona aytmoqdaman, hali mehmonxona, aeroport va boshqalar haqida gapirmadim", deydi Nikimbayev.