platina.uz
Jamiyat

Chet elga qay maqsadda “surish” kerak: oʻqishmi, ishmi yoki sayohat?

Soʻnggi vaqtlarda esa “surish” kerak iborasi ham ommalashgani sir emas. Oʻqishmi, ishlashmi yoki sayohat farqi yoʻq, muhimi “surish” kerakligini taʼkidlaydiganlar ham kam emas.

Chet elga qay maqsadda “surish” kerak: oʻqishmi, ishmi yoki sayohat?

8 yil mobaynida Turkiyada yashab, oliy taʼlimning bakalavr va magistr bosqichlarini tamomlab, Oʻzbekistonga qaytgan yurtdoshimiz hayot tajribalari bilan boʻlishdi.

Umrida chet elga borishni orzu qilmagan inson boʻlmasa kerak. Birimiz oʻqish, birimiz ishlash, yana boshqa birimiz sayohat qilish uchun xayolimizda qaysidir bitta, hatto bir nechta chet davlatni rejalashtirib qoʻyganimiz aniq. Hatto oramizda Amerika orzusida “Grin kard” oʻynab koʻrganlar ham boʻlsa ajab emas. Bundan tashqari, shu kunlarda turk tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni qoʻlga kiritib, Turkiyaga ketayotgan yoshlar ham koʻpaymoqda.

Soʻnggi vaqtlarda esa “surish” kerak iborasi ham ommalashgani sir emas. Oʻqishmi, ishlashmi yoki sayohat farqi yoʻq, muhimi “surish” kerakligini taʼkidlaydiganlar ham kam emas.

Xoʻp, “surish” kerak dedik ham, lekin qayerga? Yoshlar orasida kimdir oʻqishning magistratura bosqichini boshqa davlatda oʻqishini, yana birov ishlash uchun ketishini, ayrimlar sayohat uchun bir bor boʻlsa-da, chet davlatga chiqishini aytadi. Hatto, oramizda bakalavrni ham qaytadan chet davlatda oʻqishni va yuqorida aytganimizdek, “surib” qaytib kelmaslikni oʻylaganlar ham bor. Biroq, “baribir “oʻz uying oʻlan toʻshaging”, bundan tashqari, “Toshkentning donini yegan chumchuq, Makkadan ham qaytib keladi” degan naqllar bor”ligini shior qilib olganlar ham talaygina. Shunday ekan, “oʻzi boshqa davlatga nima maqsadda borish kerak: oʻqish, ishlash yoki sayohat uchunmi? Boshqa davlatga borishning qanday afzalliklari bor? Biz shu mavzu doirasida 8 yil mobaynida Turkiyada yashab, oliy taʼlimning bakalavr va magistr bosqichlarini tamomlab, Oʻzbekistonga qaytgan yurtdoshimiz Zebo Fazliddinova bilan suhbatlashdik.

– Nima deb oʻylaysiz, oʻzi hayotimizda chet davlatga chiqish qanchalik muhim? Chetga chiqish kerakmi oʻzi?

Albatta, kerak. Misol uchun, siz chet el haqida kino koʻrishingiz, kitob oʻqishingiz, hamma fikrga ega boʻlishingiz mumkin. Lekin borib koʻrmagansiz. Bu nima degani, men sizga sariq rangni bu sariq, har taraflama sariq deyishim, siz sariqligini oʻqigan boʻlishingiz mumkin. Lekin oʻz koʻzingiz bilan koʻrmagansiz. Aytmoqchi boʻlganim, imkoniyatingiz boʻladigan boʻlsa, qaysi davlat boʻlishidan qatʼiy nazar, chet davlatga chiqing. Siz oʻsha yerga borib qaytib kelganingizdan keyin hozirgi oʻzingiz boʻlmaysiz. Dunyoqarashingiz, fikrlashingiz oʻzgaradi. Hayotning chegaralardan iborat emasligini, asli juda kengligini koʻrasiz. Davlatlarni almashtirib turish, insonga baribir foydali boʻladi, deb oʻylayman. Masalan, men Turkiyada oʻqishga qaror qilib, 2014 yil oktabr oyida ketgan boʻlsam, oʻsha paytda 17 yoki 18 yoshda edim. Shu yoshgacha hech qayerga chiqmagan qiz boshqa bir davlatga bir oʻzim ketganman. Turkiyaga borganimda, samolyotdan tushishim bilan dengiz havosi bilan yuzlashganman. Istanbul havosi judayam toza edi. Shuni oʻzidayoq tushunganman, sayohatlarning qanchalik foydaliligini.

Sizningcha, chet davlatga nima uchun borgan maʼqul: oʻqish uchunmi, ishlash yoki sayohat uchun?

– Chet elga oʻqish, ishlash, sayohat qilish – hammasi uchun borish kerak. Lekin, agar sizning yoshingiz oʻqish uchun yetarli, yaʼni talaba yoshida boʻlsangiz, birinchi oʻrinda tahsil olish uchun borgan maʼqul. Masalan, Turkiyaning barcha viloyatlarida chet ellik boʻlsangiz ham talabalarga imkoniyatlar qilib beriladi. Turk vatandoshlariga qanday imkoniyatlar berilsa, chet elliklarga ham shunday afzalliklar yaratib beriladi. Har xil yordamlar berishadi, grandlar ajratishadi. Endi ishlash uchun borish kerakmi, degan savolingizga kelsak, ha, ishlash uchun ham ketish kerak, albatta, ishlashga layoqatli boʻlsangiz. Misol uchun, Turkiyada tikuvchilik fabrikalari, tibbiyotda ish juda koʻp. Chunki bu sohalar rivojlangan deyishimiz mumkin. Bundan tashqari, chet davlatga ishlash uchun borish, tajriba almashishi uchun ham juda qoʻl keladi. Masalan, men Turkiyada qanchadir muddat ham oʻqib, ham ishlaganman. Hozir Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasida oʻqituvchilik qilar ekanman, Turkiyadagi taʼlim tizimini qoʻllashga harakat qilaman. Yaʼni talabalarimga biror sabab boʻlib darsga kelmagani uchun imtihon natijalariga “3” qoʻyib, “4” qoʻyib oʻtkazib yubora olmayman. Necha baho olishsa shuni qoʻyib beraman. Mening bu harakatlarim millatimiz uchun bir qadam boʻladi, deb oʻylayman.

Sayohat qilish uchun… Siz biror chet davlatga chiqmoqchisiz va qayerga borishni oʻylab boshingiz qotayotgan boʻlsa, avval tanlovingizni madaniyati, tili, dini yaqinligiga eʼtibor qiling. Keyin qonun-qoidalari bilan ham tanishib olish foydadan xoli emas. Chunki umuman notanish davlat sizni hayratga solishi mumkin, ammo qiyinchiliklar tugʻdirishi ham shubhasiz. Keyingi safar esa sayohatingizni aynan qiziqishlaringizga va oʻzingiz maʼlum bir maʼlumotlardan boxabar boʻlgan davlatlarga yoʻnaltirsangiz, foydadan xoli boʻlmaydi. Chunki siz borishni maqsad qilgan davlat haqidagi tushunchalaringiz koʻzingiz bilan koʻrgan haqiqatlarni toʻlaqonli idrok qilishingizga yordam beradi. Bir soʻz bilan aytganda, chet davlatga chiqish uchun u yoki bu turdagi imkoniyat boʻlsa, chekinmang. Axir bejizga yurgan daryo, oʻtirgan boʻyra, deyishmaydi.

Odinaxon DEHQONOVA

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid