Aeroportda yana taksi mojarosi: arang tartiblangan hudud va monopoliya eʼtirozi
Eslatib oʻtamiz, aeroport hududida yagona taksi xizmati 2022 yil 12 sentabrdan ishga tushgandi.

Tarmoqda aeroportdagi yagona taksi xizmati muhokamalarga sabab boʻlmoqda, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi buni noqonuniy deya topgan boʻlsa, aeroport maʼmuriyati taksi xizmati hududda tartibni taʼminlayotganini iddao qildi.
Qoʻmitaga koʻra, Uzbekistan Airports AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining «Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida»gi Qonuni 16-moddasi beshinchi xatboshisi hamda «Raqobat toʻgʻrisida»gi Qonuni 11-moddasi uchinchi qismi talablari buzilgan.
Hatto Uzbekistan Airports mazkur masala yuzasidan ikki marta sudga murojaat qildi.
Lekin na Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi, na Toshkent shahar maʼmuriy sudi Uzbekistan Airports talabini qondirmadi.
"Takidlash joiz, yagona taksi xizmati faoliyat koʻrsatgan yil davomida aeroport va ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi kompaniyaga birorta ham shikoyat kelib tushmagan, aksincha, yoʻlovchilar doim ijobiy fikr bildirishmoqda. Bir yil oldingi holatga qaytadigan boʻlsak: ijtimoiy tarmoqlar va turli idoralarga, Prezidentning Virtual qabulxonasigacha aeroportni tozalash talabi bilan doimiy murojaatlar kelib tushgan. Eski mashinalar, odobsiz haydovchilar, qimmat narxlar, shuningdek, bir necha talonchilik va yoʻlovchilarni kaltaklash holatlari – bugun Uzbekistan Airports bularning barchasini hech boʻlmaganda oʻz hududidan siqib chiqarishga muvaffaq boʻldi.
Endi yoʻlovchi rasmiy taksi xizmatlaridan foydalanishi yoki taksi agregatorlari Yandeks, MyTaxi va hokazolarni eng yaqin avtoturargohga (terminaldan 50-100 metr masofada) chaqirishi mumkin, u yerda esa taksilar uchun 10 daqiqa bepul turish vaqti beriladi.
Bundan tashqari, Uzbekistan Airports Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan, shuningdek, taksi xizmatlari uchun yangi kompaniyalarni tanlash yoʻli bilan, qoʻmitaning buyrugʻini bekor qilish uchun murojaat qilmoqchi" deyiladi aeroport rasmiy xabarida.
Eslatib oʻtamiz, aeroport hududida yagona taksi xizmati 2022 yil 12 sentabrdan ishga tushgandi. Ushbu taksi xizmatlarining eng minimal narxi 30 ming soʻmdan boshlanadi.