Oʻzbekistonda koronavirus yana faollashdimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda aholi oʻrtasida koronavirus yana faollashib qolgani haqidagi chiqishlar koʻpaymoqda. Mutaxassis bu boradagi haqiqiy vaziyatni Platina.uz nashriga ochiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda aholi oʻrtasida koronavirus yana faollashib qolgani haqidagi chiqishlar koʻpaymoqda. Mutaxassis bu boradagi haqiqiy vaziyatni Platina.uz nashriga ochiqladi.
— 1-son Zangiota shifoxonasiga soʻnggi kunlarda koronavirus boʻyicha murojaatlar soni ortgani haqidagi gaplar qanchalik haqiqat? Umuman bugun Oʻzbekistondagi vaziyat qanday?
Shoakbar Anvarov, epidemiolog:
— Pandemiya boshlangan kundan boshlab joriy yilning 25 iyul holatiga dunyoda 692,1 mln. nafardan ortiq bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va ulardan 6,9 mln. nafari (0,9 foiz) vafot etgan.
Shu bilan birga, kasallanish dunyo boʻylab pasayish tendensiyasiga ega, aniqlanayotgan bemorlarning aksariyatida kasallik yengil va oʻrta shaklda oʻtmoqda.
Bugungi kunda respublikamizda koronavirus infeksiyasi boʻyicha vaziyat barqaror. Biroq koronavirus infeksiyasi va oʻtkir respirator infeksiyalarni miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud boʻlgan fuqarolar oʻrtasida qayd etilishi kuzatilmoqda.
Kasallanish butun dunyoda chekingani bilan yoʻq boʻlib ketgani yoʻq. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori tomonidan joriy yilning 4 may kuni oʻtkazilgan yigʻilishda koronavirus COVID-19 pandemiyasini jamoat salomatligiga xavf solmaydigan darajadaligi eʼlon qilingan, shuning bilan birga kasallanishdan himoyalanish choralari davom ettirilishi lozimligini taʼkidlagan.
Respublikada koronavirus infeksiyasi ustidan epidemiologik nazorat va koronavirusga qarshi emlash jarayoni davom etmoqda.
1-sonli Zangiota shifoxonasiga esa avvalgi oylarga qiyosan tarmoqlarda tarqalgani kabi bemorlar sonining ortgani kuzatilmadi.
Odinaxon Dehqonova