Oʻzbekistonda guruch qimmatlashib ketadimi? Rasmiy javob berildi
2022 yilda Respublika boʻyicha 8 ming tonna guruch import qilingan boʻlsa, 2023 yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan.

Tarmoqda Hindiston Oʻzbekistonga guruch eksportini toʻxtatgani va ushbu mahsulot qimmatlashib ketishi boʻyicha xabarlar tarqaldi.
Qishloh xoʻjaligi vazirligi holat yuzasidan munosabat eʼlon qildi.
Oʻzbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi ekib, yetishtiriladi. Respublika sharoitida yiliga aholi jon boshiga oʻrtacha 9,8 kg.dan guruch isteʼmoli talab etiladi. Yaʼni Oʻzbekiston aholisini toʻliq guruch mahsulotlari bilan taʼminlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi, deyiladi vazirlik xabarida.
Respublika hududlarida 2022 yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu koʻrsatkich guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Yaʼni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021 yilga nisbatan 48 ming tonna koʻp sholi yetishtirilgan).
Tahlillarga koʻra 2022 yilda Respublika boʻyicha 8 ming tonna guruch import qilingan boʻlsa, 2023 yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Yaʼni isteʼmolga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.
Jumladan, Qozogʻistondan 29,3 ming tonna (54,7 foiz), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz), Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz), Turkiyadan 265 tonna (0,5 foiz) va Xindistondan 126 tonna (0,2 foiz) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) guruch impoti amalga oshirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda xulosa qilsak soʻnggi 5 yilda Hindistondan jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos.
Joriy yilda Hindistondan boshqa mamlakatlarga guruch eksportining toʻxtatilishi Oʻzbekiston Respublikasiga oʻz taʼsirini koʻrsatmaydi.
Maʼlumot oʻrnida, Hindiston guruch eksporti dunyoda 1-oʻrinda boʻlib, umumiy jahon eksportining 36,8 foizini tashkil qiladi, asosiy eksport Afrika davlatlari (7,1 mln tn), Xitoy (2118 ming tn), Eron (1245 ming tn), Saudiya Arabistoni (1012 ming tn) va boshqa davlatlar hisoblanadi.
