Ukraina elchixonasi oʻzbekistonliklarni ogohlantirdi
Ushbu qoidalarni buzganlar Ukraina qonunlari va xalqaro huquq normalari asosida javobgarlikka tortiladi.

Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchixonasi murojaat bilan chiqib, fuqarolarni urushda ishtirok etmaslikka chaqirdi.
"Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida olib borilgan jangovar harakatlar paytida Rossiya armiyasi xorijiy fuqarolarni urushga jalb etmoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi maʼlumotlariga koʻra, vaqtincha ishgʻol qilingan Donetsk viloyati Gorlovka shahrida joylashgan Rossiya kuchlarining boʻlinmalarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari borligi aniqlangan.
Ushbu shaxslar Ukraina davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtib, Rossiya Federatsiyasi tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukraina hududiga qurilish ishlarini olib borish uchun kelgan. Mariupol (Ukraina) shahriga yetib kelganidan soʻng, ularning pasportlari olib qoʻyilgan va bu fuqarolar Rossiya Federatsiyasi kuchlari safiga koʻngilli sifatida safarbar qilingan" deyiladi elchixona xabarida.
Elchixona Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushida qatnashmaslikka va vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqiradi. Ushbu qoidalarni buzganlar Ukraina qonunlari va xalqaro huquq normalari asosida javobgarlikka tortiladi.