platina.uz
Jamiyat

Fitrat qamoqqa olingan kun

Platina.uz 22 iyul sanasi bilan bogʻliq muhim voqeliklarni jamladi.
 

Fitrat qamoqqa olingan kun

Butunjahon miya kuni.

1906 yil – Oʻrta Osiyo temir yoʻlining Toshkent stansiyasi Toshkent–Orenburg temir yoʻli tarkibiga kiritildi va mazkur temir yoʻl rasmiy ravishda Toshkent temir yoʻli deb yuritila boshlandi. Tarixchi Anoroy Togʻayevaning qayd etishicha, Toshkent temir yoʻlining umumiy uzunligi 2090 verstdan iborat boʻlib, temir yoʻl boshqarmasi Orenburg shahrida joylashgan edi.

1925 yil – Oʻzbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi va Xalq Komissarlar Sovetining qarori bilan “Oʻzbekiston SSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Bu nizomga koʻra, respublikada Yagona davlat arxiv fondi tashkil qilindi. Bu fondga hukumat, savdo, sanoat, kooperativ, kasaba uyushmalari tashkilotlari arxivlari, shuningdek, diniy va shaxsiy arxivlar kiritildi.

1927 yil — Italiyada “Roma” futbol klubi tashkil topdi.

1937 yil – Toshkentda Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan XX asr oʻzbek xalqi hayotida, uning madaniyati va adabiyotida yorqin va oʻchmas iz qoldirgan shaxslardan biri Fitrat qamoqqa olindi (boshqa bir hujjatda uning 1937 yil 24 aprelda qamoqqa olingani qayd etilgan). Fitratga 1920–1923 yillarda millatchi “Ittihod va taraqqiy” hamda “Milliy ittihod” tashkilotlariga aʼzo boʻlganlik, “Chigʻatoy gurungi” panturkistlar tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik kabi ayblar qoʻyilgan. Hozirda maxsus xizmatlar arxivida saqlanayotgan “Fitratning jinoiy ishi” 1937 yil 22 iyuldan to 1939 yil 30 noyabrgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Fitrat qamoqqa olingach, u ilk marta 1937 yil 25 oktabrda Davlat xavfsizligi leytenanti Trigulov va Davlat xavfsizligi kichik leytenanti Sharipov tomonidan soʻroq qilingan. Tarixchi olim Qahramon Rajabovning qayd etishicha, ushbu soʻroq bayonnomasi 25 varaqdan iborat boʻlib, rus tilida yozilgan. Demak, tergovning oʻzi ham rus tilida olib borilgan. Soʻroq bayonnomasining har bir varagʻi oxirida Fitratning imzosi mavjud. Ayrim varaqlarda qoramtir dogʻlar (Fitratning tergov jarayonida qiynoqlardan toʻkilgan qaynoq qizil qonining belgisi) mavjudligi “odil sovet sud tergovi” qanday tarzda olib borilganidan tilsiz guvohlik berib turibdi.

1944 yil – Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tashkil etilgan.

1946 yil – Xalqaro sogʻliqni saqlash konferensiyasida (Nyu-York, 19-22 iyul) Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Nizomi tasdiqlandi va qabul qilindi. 1948 yil 7 aprelda kuchga kirgan.

1952 yil — Polsha Xalq Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilindi.

1959 yil – An-10 samolyotining birinchi parvozi amalga oshirildi.

1989 yil – tojik tili Tojikistonning davlat tili deb eʼlon qilindi.

1992 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

1995 yil – Amerikalik astronomlar Alan Xeyl va Tomas Bopp oʻzlarining sharafiga nomlangan yangi kometani kashf qilishdi.

1997 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentinig «Oʻzbekiston belgisi» koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

1999 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vatan va xalq ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan fidoyilar xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2002 yil – Qoʻshma Shtatlar mamlakat tarixidagi eng yirik bankrotlikni eʼlon qildi. Bu tartib aktivlari umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq boʻlgan mashhur Worldcom telekommunikatsiya kompaniyasiga qarshi boshlangan edi. Bir oy avval firma menejerlari 4 milliard dollarga yaqin zararni yashirgani maʼlum boʻlgan edi. Shundan soʻng kompaniya aksiyalari qadrsizlandi, buning natijasida Worldcom yana 70 milliard dollarga yaqin mablagʻ yoʻqotdi.

2010 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada qogʻozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2014 yil – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentinig “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil — Hukumatning yangi qaroriga koʻra, haydovchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv soati haftasiga 20 soatgacha, kuniga 4 soatgacha boʻladi. Haydovchilarning malaka oshirish sertifikatlari faqat elektron shaklda beriladi.

Tavalludlar

1939 yil – ganchkor, Oʻzbekiston xalq ustasi Saidali Mirzayev;

1942 yil — xonanda va sozanda (tanbur), Oʻzbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy;

1951 yil – rus qoʻshiqchisi, kompozitori va shoiri Oleg Gazmanov;

1992 yil – amerikalik aktrisa va qoʻshiqchidir. Selena Mariye Gomez;

1996-yil — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullayev;

2000-yil — oʻzbek va avstraliyalik shaxmatchi, grossmeyster Temur Qoʻyboqarov tavallud topgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid