Achinarli holat: milliy gerbariyni kim qutqaradi?
Afsuski, shunday noyob ashyolar saqlanayotgan xonalarda hattoki havo sovutkich ham yoʻq.

Oʻzbekistonda gerbariy (turli oʻsimliklardan olingan, quritilgan tur) fondi va uni saqlash boʻyicha sharoitlar qanday? Sohadagi ahvol va muammolar yuzasidan "Mening yurtim" telekanali lavha taqdim etdi.
Gerbariysiz botanika fani va undagi ilmiy izlanishlarni tasavvur qilib boʻlmaydi.
Jurnalist Dildora Abduxalilovaning hikoya qilishicha, Oʻzbekiston milliy gerbariysi Markaziy Osiyodagi eng yirik kolleksiyalarni oʻzida jamlagan. Unda XVIII asrdan toki hozirgacha yigʻilgan 1,5 milliondan ziyod oʻsimlik turlari saqlanadi.
Afsuski, shunday noyob ashyolar saqlanayotgan xonalarda hattoki havo sovutkich ham yoʻq. Namunalar 1927 yildan qolib ketgan shkaflarda saqlanadi. Laboratoriya sharoitida saqlanishi kerak gerbariylar ochiqda turibdi, bu yerda xodimlar ham ishlamoqda.
Jahon standartlariga koʻra, gerbariylar -18 yoki -20 daraja sovuqqacha boʻlgan haroratda saqlanishi lozim, namlik 45-50 foizni tashkil etishi lozim.
"Agar gerbariy fondimizni yoʻqotsak, ilm-fandagi yirik obʼektni boy bergan boʻlamiz. Xorij davlatlari foydalanadigan oʻn tomlik "Oʻrta Osiyo aniqlagichi" bizning gerbariyga asoslanib yozilgan"—deydi Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi Dilorom Tojiddinova.
Lavha oxirida jurnalist masʼullardan ushbu sohaga eʼtibor berishni soʻrab murojaat qilgan.