Turk dunyosining “donishmand ajdodi” – Qoʻrqut ota merosi 27-marotaba yodga olindi
Turk dunyosining “donishmand ajdodi” sifatida eʼtirof etilgan Qoʻrqut ota nomi va ibratli soʻzlarini turk doston va hikoyatlarida tez-tez uchratish mumkin.
Turk dunyosining koʻp asrlik madaniy oʻziga xosligining tashuvchisi va merosi boʻlgan Qoʻrqut ota (Dede Korkut), Bayburtda Xalqaro Qoʻrqut ota madaniyat va sanʼat festivali bilan yodga olinmoqda.
Qoʻrqut ota merosining 27-marotaba yodga olinishi rejalashtirilgan ushbu tadbirda minglab mahalliy va xorijlik ishtirokchilar birlashadi.
Maʼlumotlarga koʻra, Qoʻrqut ota qabri joylashgan Bayburt viloyati, mashhur donishmandning betakror merosiga eʼtibor qaratish maqsadida 1994 yildan beri iyul oyining uchinchi haftasida “Xalqaro Qoʻrqut ota va Sanʼat festivallari”ga mezbonlik qiladi. Ayniqsa Turk dunyosida katta qiziqish bilan kutiladigan ushbu bayram, Bayburtning eng muhim madaniy tadbirlari qatoriga kiradi.
Turk dunyosini birlashtiruvchi tantanalar
Anʼanaga koʻra bayramlar Masat qishlogʻidagi Qoʻrqut ota maqbarasini ziyorat qilish bilan boshlanadi. Qoʻrqut otaning YuNESKO tomonidan “Umumjahon Nomoddiy Madaniy Merosi Roʻyxati”ga kiritilishi bilan ahamiyati ortgan festival davomida nayza uloqtirish oʻyinlari, mahalliy taomlar taqdimoti, rassomchilik va qoʻl sanʼati koʻrgazmalari, konsertlar, folklor tomoshalari, sheʼrxonlik, davra suhbatlari va boshqa koʻplab ijtimoiy-madaniy tadbirlar oʻtkaziladi.
Turk dunyosini oʻz tarixi va madaniyati bilan tanishtirish nuqtai nazaridan muhim ijtimoiy masʼuliyat tashabbusi boʻlgan Xalqaro “Qoʻrqut ota” madaniyat va sanʼat festivaliga butun mamlakat va Turkiy respublikalardan koʻplab mansabdor shaxslar, milliy raqs jamoalari, sanʼatkor va akademiklar taklif etiladi. Bu yil ham bir hafta davom etadigan bayram tadbirlariga uch yuz mingga yaqin mahalliy va xorijiy vakillarning ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Avloddan-avlodga oʻtadigan hikoyalar
Turk dunyosining “donishmand ajdodi” sifatida eʼtirof etilgan Qoʻrqut ota nomi va ibratli soʻzlarini turk doston va hikoyatlarida tez-tez uchratish mumkin. Bu qissa va turli rivoyatlarda turkiy donishmand baʼzan «Qoʻrqut» yoki “Qoʻrqut ota” deb ham tilga olinadi.
Bundan tashqari, turk xalq qahramonlari hikoyalari bayon etilgan “Qoʻrqut ota” qissalari turk tili va adabiyotining eng muhim asarlaridandir. Turklarning oʻtmishdagi hayoti haqida muhim maʼlumotlar beruvchi bu hikoyalarda turk qabilalarining urf-odatlari, anʼanalari, oila va axloqiy kelib chiqishi haqida ham batafsil maʼlumotlar keltirilgan. Hikoyalarni yozishdan maqsad, bu maʼlumotlarni kelajak avlodlarga yetkazish, degan fikr mavjud.
Qoʻrqut ota hikoyalari bilan bir tildan ikkinchi tilga, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qadriyatlar bugun ham turk madaniy xotirasida oʻz hayotiyligini saqlab kelmoqda. Hikoyalar oʻtmish va bugun oʻrtasidagi madaniy aloqani mustahkamlashga, madaniy davomiylikni taʼminlashga, tegishlilik va oʻzlik tushunchalarini kelajak avlodlarga yetkazishga, ularga saboq boʻlishga xizmat qiladi.
Bu borada turkiyzabon mamlakatlarni birlashtiruvchi omil boʻlgan “Qoʻrqut ota” merosi ham 2018 yildan buyon YuNESKOning Insoniyatning Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan joy olib kelmoqda.