platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni valiahdi bilan uchrashdi

Valiahd Shavkat Mirziyoyevni boʻlib oʻtgan Prezident saylovidagi gʻalabasi bilan tabrikladi. 

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni valiahdi bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining birinchi sammiti doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Valiahd Shavkat Mirziyoyevni boʻlib oʻtgan Prezident saylovidagi gʻalabasi bilan dildan qutlab, Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga Oʻzbekiston fuqarolari haj va umra amallarini ado etishlariga yaratilgan sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston-Saudiya munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻtgan yilning avgust oyida oʻtgan ikki tomonlama sammit davomida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni soʻzsiz amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga, qoʻshma korxonalar soni ikki barobarga oshdi. Yetakchi “Acwa Power” kompaniyasi ishtirokida “yashil” energetikada muhim loyihalarni amalga oshirish boshlandi. “Yashil vodorod”, neft-kimyo, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, tibbiyot, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi, deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifini yakunladi va Toshkentga joʻnab ketdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid